Shunday sharoitda davlatning oʻz taraqqiyot yoʻlini mustaqil belgilashi, milliy manfaatlarini himoya qilishi va tashqi imkoniyatlardan oqilona foydalanishi alohida ahamiyat kasb etadi.
Bugun
mustaqillik tushunchasi ham tabiiy ravishda yangi mazmun va oʻlchamlar bilan
boyimoqda. Ilgari mustaqillik, avvalo, davlatning siyosiy erkinligi, hududiy
yaxlitligi, chegaralar daxlsizligi va oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqi bilan
izohlangan boʻlsa, endi globallashuv va axborot texnologiyalari jadal
rivojlanayotgan sharoitda uning mazmuni ancha kengaydi. Zero, davlatning tashqi
jihatdan mustaqil boʻlishi bilan birga ichki barqarorligi, iqtisodiy
salohiyati, axborot xavfsizligi, maʼnaviy immuniteti va aholining mustaqil
fikrlay olishi ham mustaqillikning muhim koʻrsatkichlariga aylanmoqda.
Mustaqillik
faqat tashqi taʼsirdan xoli boʻlish emas, balki ichki jihatdan mustahkam
boʻlish, oʻz qadriyatlariga tayana olish va kelajagini oʻzi belgilash
qobiliyatidir. Agar inson oʻz fikrini boshqalarning tayyor qarashlarisiz
shakllantira olsa, axborot oqimida haqiqatni yolgʻondan ajrata bilsa, oʻz
milliy va umuminsoniy qadriyatlarini anglab, ularga sodiq qolgan holda
zamonaviy dunyo bilan hamohang yashasa, bu ham mustaqillikning yangi, zamonaviy
koʻrinishidir.
Avvalo,
mustaqillikning ahamiyatini uning inson hayotidagi amaliy ifodasi, ayniqsa,
soʻnggi oʻn yillikda jamiyatimizda yuz bergan oʻzgarishlar misolida koʻrish
mumkin. Zero, istiqlolning haqiqiy qiymati faqat siyosiy va tarixiy
tushunchalar bilan emas, balki oddiy insonning hayotida paydo boʻlgan yangi
imkoniyatlar, uning orzu va maqsadlarini roʻyobga chiqarish imkoni bilan ham
oʻlchanadi. Bunga taʼlim sohasidagi oʻzgarishlar yaqqol misol boʻla oladi.
Bir
vaqtlar oliy taʼlimga kirish masalasi koʻpchilik oilalar uchun jiddiy muammo,
katta raqobat va turli noaniqliklar bilan bogʻliq edi. Bugun esa oliy taʼlim
qamrovining kengayishi, yangi oliy taʼlim muassasalari va taʼlim yoʻnalishlari
koʻpayishi, grant va boshqa imkoniyatlar oshishi tufayli bir oilada bir necha
farzandning turli oliygohlarda tahsil olayotgani tobora odatiy holga aylanmoqda.
Bu shunchaki statistik oʻzgarish emas, aksincha, oilaning, jamiyatning va eng
muhimi, insonning kelajak haqidagi tasavvuri oʻzgarayotganidan dalolat.
Ayniqsa,
qizlarning taʼlim olishi va kasbiy faolligi borasidagi oʻzgarishlar jamiyatdagi
tafakkur yangilanishining muhim koʻrinishlaridan. Ilgari ayrim hududlarda “Qiz
bolaga oʻqishning nima keragi bor?” qabilidagi qarashlar uchragan boʻlsa, bugun
minglab qizlarimiz tibbiyot, axborot texnologiyalari, huquq, muhandislik,
iqtisodiyot va boshqa zamonaviy sohalarni tanlab, oʻz kasbiy kelajagini
mustaqil belgilamoqda. Bu jarayon nafaqat xotin-qizlarning ijtimoiy mavqeini
oʻzgartirmoqda, balki butun jamiyatning inson kapitali va intellektual
salohiyatini boyitmoqda.
Eng
muhimi, taʼlimdagi bunday oʻzgarishlar bir avlodning emas, keyingi avlodlarning
ham taqdiriga taʼsir qiladi. Oliy maʼlumotli, kasb egasi boʻlgan qiz nafaqat
oʻz hayoti uchun yangi imkoniyatlar yaratish barobarida farzandlarining
taʼlimi, dunyoqarashi va kelajagiga ham boshqacha taʼsir koʻrsatadi. Shu
maʼnoda, mustaqillikning mazmunini faqat davlat miqyosidagi katta voqealardan
emas, balki bir oilaning farzandiga taʼlim berish imkoniyati kengaygani, bir
qiz oʻz orzusidagi kasbni tanlay olgani, bir yosh oʻz mehnati bilan jamiyatda
oʻz oʻrnini topayotgani kabi oddiy, ammo hayotiy misollar orqali ham anglash
mumkin.
Mustaqillikning
inson hayotidagi amaliy qiymatini iqtisodiy erkinlik va mehnati bilan oʻz
kelajagini qurish imkoniyati orqali ham yaqqol koʻrish mumkin. Ilgari oddiy
doʻkon ochish, kichik ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish yoki oʻz biznesini
boshlash koʻpchilik uchun katta tavakkal va turli toʻsiqlar bilan bogʻliq edi.
Bugun tadbirkorlikni boshlash uchun imkoniyatlar ancha kengaydi. Ayniqsa,
raqamli texnologiyalar bu jarayonga yangi mazmun olib kirdi. Endi tadbirkorga
har doim ham katta bino yoki yirik ishlab chiqarish maydoni shart emas. Uy
sharoitida boshlangan kichik ish onlayn savdo, ijtimoiy tarmoqlar va elektron
platformalar orqali keng bozorga chiqishi mumkin.
Masalan,
oddiy tikuvchilikdan ish boshlagan tadbirkor qizni tasavvur qilaylik. U ishni
dastlab oʻz uyida bir nechta buyurtmani bajarishdan boshlashi, keyin davlat
taqdim etayotgan imtiyozli moliyaviy koʻmak, kasbiy oʻquv va tadbirkorlik
dasturlaridan foydalanib, faoliyatini kengaytirishi mumkin. Natijada kechagina
uy sharoitida ishlagan bir inson bugun bir necha kishini ish bilan
taʼminlaydigan kichik sex egasiga aylanadi.
Bu
yerda gap faqat bitta tadbirkorning muvaffaqiyati haqida emas. Asosiy jihat bir
insonning imkoniyati kengayishi ortidan bir nechta oilaning daromadi, bir
mahallaning iqtisodiy faolligi va jamiyatning umumiy farovonligi oʻzgarganida.
Demak, mustaqillikning zamonaviy mazmuni insonning nafaqat siyosiy, balki
iqtisodiy jihatdan ham oʻz imkoniyatini roʻyobga chiqara olishida namoyon
boʻlmoqda.
Eng
muhimi, bu oʻzgarishlar quruq raqamlar yoki rasmiy hisobotlardagina emas, balki
insonlarning real hayotida, farzandlar taqdirida, oilalarning turmush
darajasida va jamiyatning kundalik qiyofasida oʻz aksini topmoqda. Shu maʼnoda,
soʻnggi oʻn yillik mamlakat hayotidagi oʻzgarishlar bilan birga millionlab
odamlarning shaxsiy taqdiriga taʼsir koʻrsatgan amaliy davr sifatida
baholanadi.
Biroq
hayot faqat yutuqlardan iborat emas. Jamiyat taraqqiyotida imkoniyatlar
qanchalik kengaymasin, ular bilan birga yangi masʼuliyat va xavflar ham paydo
boʻladi. Bugun kundalik hayotimizda kuzatilayotgan ijobiy oʻzgarishlar qatorida
jamiyatning maʼnaviy barqarorligi, milliy oʻzlik va avlodlar oʻrtasidagi
qadriyatlar uzviyligiga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan ayrim salbiy holatlar
ham namoyon boʻlmoqda.
El-yurt
taqdiriga befarqlik, jamiyat muammolariga “Bu mening ishim emas” degan
munosabat, milliy qadriyatlarga loqaydlik, oila va farzand tarbiyasida
masʼuliyatning susayishi — bular bir qarashda alohida-alohida holatdek
koʻrinishi mumkin. Ammo ularning barchasi bir nuqtada tutashadi: insonning
jamiyat va oʻz taqdiri oldidagi masʼuliyati susayishi.
Ayniqsa,
axborot oqimi nihoyatda tezlashgan, raqamli platformalar inson hayotining
ajralmas qismiga aylangan bugungi sharoitda bu masala yanada dolzarb tus
olmoqda. Inson bir vaqtning oʻzida milliy qadriyatlar, oilaviy tarbiya va
mahalliy ijtimoiy muhit bilan bir qatorda turli madaniyatlar, qarashlar,
gʻoyalar va hayot tarzlarining kuchli taʼsirida yashamoqda. Inson nimani qabul
qilishi, nimani rad etishi va qaysi qadriyatni oʻz hayotining maʼnaviy mezoni
sifatida tanlashi tobora muhim masalaga aylanmoqda. Shu bois, bugun jamiyat
oldida turgan vazifa oʻzgarishlarning oʻzi bilan cheklanib qolmay, ularning
inson maʼnaviyatiga qanday taʼsir koʻrsatayotganini ham anglashdan iborat.
Ijtimoiy
tarmoqlar jamiyat hayotining ajralmas qismiga aylangan bugungi sharoitda
mamlakatimizda yuz berayotgan voqea-hodisalarni muhokama qilish madaniyati ham
alohida eʼtibor talab etmoqda. Zero, ijtimoiy tarmoqlar faqat axborot
tarqatiladigan maydon emas, balki jamoatchilik fikri shakllanadigan, odamlar
oʻz munosabatini bildiradigan va muayyan masalalarga nisbatan ijtimoiy
pozitsiya vujudga keladigan katta maydonga aylandi. Bu esa har bir fikr, har
bir izoh va tarqatilgan har bir axborotning jamiyat kayfiyatiga taʼsirini
oshirmoqda.
Albatta,
tanqidiy fikrning oʻzi jamiyat uchun xavf emas. Aksincha, sogʻlom tanqid
taraqqiyotning muhim omillaridan. Muammoni koʻra bilish, kamchilikni ochiq
aytish, masʼullardan javob talab qilish va jamoatchilik manfaatini himoya
qilish faol fuqarolik pozitsiyasining muhim koʻrinishidir. Ammo tanqid fakt,
tahlil va masʼuliyatdan uzilib, hissiyot, biryoqlama xulosa yoki ataylab
keskinlashtirish vositasiga aylansa, uning ijtimoiy qiymati oʻzgaradi.
Bugun
ayrim holatlarda voqeaning mohiyatini anglashdan koʻra, uning eng salbiy
jihatini ajratib koʻrsatish, muammoning sabablarini tahlil qilishdan koʻra
aybdor izlash, hatto ijobiy natijadan ham salbiy xulosa chiqarishga intilish
kuzatilmoqda. Bunday yondashuv esa voqelikni xolis baholash imkoniyatini
cheklab, jamoatchilik kayfiyatida ishonchsizlik va salbiy munosabatlarni
kuchaytirishi mumkin.
Ayniqsa,
raqamli muhitda axborotning tez tarqalishi bu masalani yanada
dolzarblashtiradi. Bir insonning tekshirilmagan fikri yoki hissiyot bilan
yozilgan munosabati qisqa vaqtda minglab odamlarga yetib borishi mumkin. Shu
sababli bugun axborotni qabul qilish madaniyati bilan bir qatorda uni tarqatish
madaniyati ham muhim. Odamlar “Men bu xabarni tarqatsam, oqibati qanday
boʻladi?” degan oddiy savolni oʻziga oʻzi berishni oʻrganishi kerak.
Achinarlisi,
bunday muhitda mamlakat, uning kelajagi va jamiyat hayoti haqida yengil-yelpi,
umumlashtirilgan va bir yoqlama xulosalar ham koʻpaymoqda. Ayrim fikrlar real
voqelikni chuqur tahlil qilishdan koʻra, axborot xuruji taʼsirida shakllangan
tasavvurlarga yaqinlashmoqda.
Bunday
yondashuvlarning xavfi shundaki, ular tashqi bosim yoki ochiq taʼsirdan farqli
ravishda inson ongi va tafakkuri orqali sekin, ammo chuqur taʼsir koʻrsatishi
mumkin. Ayniqsa, hayotga endi kirib kelayotgan, axborotni saralash tajribasi
hali yetarli boʻlmagan yoshlar turli fikr va qarashlarni osongina haqiqat
sifatida qabul qilishi ehtimoldan xoli emas.
Shu
bois, yoshlarning axborotni tanqidiy tahlil qilish, manbani tekshirish va har
bir fikr ortidagi maqsadni anglash koʻnikmasini shakllantirish tobora muhim
ahamiyat kasb etmoqda. Aks holda, bir yoqlama va salbiy qarashlar yoshlar
ongida oʻz jamiyati, millati va kelajagiga nisbatan asossiz ishonchsizlik paydo
qilishi mumkin. Bugungi vazifa yoshlarni axborotdan himoya qilish emas, balki
ularni axborot taʼsiriga tushib qolmaydigan darajada mustaqil fikrlaydigan
qilib tarbiyalashdir.
Taraqqiy
etgan mamlakatlar tajribasi jamiyat barqarorligi faqat mukammal qonunlar bilan
emas, balki aholining qonunbuzarlik, adolatsizlik va turli qingʻirliklarga
nisbatan murosasiz munosabati bilan ham taʼminlanishini koʻrsatadi. Yaʼni
jamoatchilik muammoga befarq qaramaydi, qonun buzilganda “bu mening ishim
emas”, demaydi va oʻz fuqarolik pozitsiyasini ochiq namoyon etadi. Bunday
daxldorlik muhiti jamiyatda oʻzaro ishonch va masʼuliyatni mustahkamlaydi.
Daxldorlik
faqat faol harakat emas, avvalo, hushyorlikdir. Yaʼni inson oʻz jamiyatida
kechayotgan jarayonlarga befarq boʻlmasligi, ularni anglash, tahlil qilish va
xolis baholashga intilishi kerak. Chunki anglanmagan voqelik inson ongida
osongina boshqa birovning talqiniga aylanadi, anglangan voqelik esa insonning
oʻz pozitsiyasini shakllantirish imkonini beradi.
Kuzatishimcha,
bugun dunyodagi koʻplab ziddiyatlar zamirida ishonch inqirozi yotibdi.
Insonning insonga, jamiyatning oʻz imkoniyati va kelajagiga ishonchi susaygani
sari ichki birdamlik zaiflashadi. Bunday muhitda turli tashqi taʼsirlar uchun
jamiyat kayfiyatiga taʼsir oʻtkazish osonlashadi.
Mustaqillikni
asrash faqat davlat institutlarining vazifasi emas. U har bir fuqaroning ichki
pozitsiyasi, masʼuliyati va daxldorlik hissi bilan ham mustahkamlanadi. Oʻzini
jamiyat va mamlakat kelajagiga daxldor deb bilgan inson axborotni ham,
voqelikni ham shunchaki qabul qilmaydi, uni tahlil qiladi, solishtiradi va oʻz
xulosasini chiqaradi. Befarqlik esa insonni tayyor qarashlar va tashqi
taʼsirlar oldida zaiflashtiradi.
Baʼzan
oʻylab qolaman: mustaqillikni yoʻqotish doimo katta siyosiy voqea, keskin
burilish yoki ochiq inqiroz shaklida namoyon boʻladimi? Aslida, har doim ham
unday emas. Baʼzan u inson va jamiyat ongidagi sezilmas oʻzgarishlardan
boshlanadi. Avvalo, fikr mustaqilligi susayadi. Keyin oʻz pozitsiyasiga ishonch
zaiflashadi. Oxir-oqibat jamiyat oʻzining aniq maqsadi va umumiy yoʻnalishini
yoʻqota boshlaydi. Shu maʼnoda, mustaqillikning eng muhim kafolatlaridan biri
mustaqil fikrlaydigan va oʻz qarorining masʼuliyatini his qiladigan fuqarodir.
Bugungi
eng muhim vazifalardan biri jamiyatda daxldorlik madaniyatini shakllantirish.
Buni faqat qonun yoki taʼlim orqali emas, avvalo, hayotiy namuna orqali qaror
toptirish mumkin. Boladan kattagacha inson atrofidagi munosabat, masʼuliyat va
adolat muhitini koʻrib, shunga qarab oʻz qarashini shakllantiradi. Agar
jamiyatda daxldorlik qadrlansa, u avloddan avlodga oʻtadi. Befarqlik odatga
aylansa, uni bartaraf etish tobora qiyinlashadi.
Bir
soʻz bilan aytganda, globallashuv insoniyat oldida beqiyos imkoniyatlarni ochib
berayotgan bir paytda inson va jamiyat zimmasiga yanada katta maʼnaviy hamda
intellektual masʼuliyat yuklamoqda. Dunyo bilan qanchalik ochiq munosabatda
boʻlmaylik, tashqi aloqalar qanchalik kengaymasin, oʻzligimiz, mustaqil fikrimiz
va ichki birligimizni saqlash barqaror taraqqiyotning muhim shartlaridan boʻlib
qolaveradi.
Zero,
mustaqillikning eng ishonchli qalʼasi chegaralarda emas, avvalo, inson ongida
quriladi. Uni mustahkamlaydigan kuch esa daxldorlik. Oʻz hayoti, oilasi, jamiyati
va yurti kelajagiga daxldorlikni his qilgan inson befarq tomoshabin boʻlib
qolmaydi. U axborotni saralaydi, voqelikni tahlil qiladi, muammodan qochmaydi
va oʻzgarishlarga oʻz hissasini qoʻshishga intiladi.
Shu
maʼnoda, mustaqillikni asrash faqat uning tarixini yod etish emas, uni har kuni
oʻz masʼuliyatimiz, tafakkurimiz va amaliy harakatimiz bilan mustahkamlab
borishdir. Bugungi avlodning eng katta burchi ham ana shunda: bizga meros
mustaqillikni shunchaki saqlab qolish emas, uni fikri erkin, maʼnaviyati
mustahkam va kelajagiga daxldor avlodga munosib holda yetkazish.
Begdavlat ALIYEV,
falsafa fanlari doktori,
professor