Qarorga asosan, hududlarda turizm infratuzilmasini kompleks rivojlantirish, sohada yangi ish oʻrinlarini yaratish va aholi daromadlarini oshirish belgilangan. Bunda turizm va unga yondosh sohalarda 24 mingta yangi ish oʻrni yaratish hamda 16 mingta ish oʻrnini “soyadan chiqarish” (yashirin iqtisodiyotdan qonuniy sektorga oʻtkazish) orqali 40 mingta ish oʻrni tashkil etish, sohani loyihaviy boshqaruv tizimiga oʻtkazib 31 ta turizm obyektini tashkil etish asosiy maqsad qilib belgilangan.

Mamlakatimiz 2026-yilning dastlabki uch oyida xorijiy sayyohlarni jalb qilish boʻyicha dunyoda eng yuqori oʻsish qayd etilgan TOP-5 davlatlar qatoriga kirgan. Bu maʼlumotlar jahon turizm bozorida raqobatning tobora kuchayib borayotganini koʻrsatadi.

Jahon turizm bozorida rivojlangan davlatlar ham oʻz oʻrnini mahkam ushlab turishga, zamonaviy turizm tendensiyalariga moslashishga harakat qilmoqda. Buning asosiy sabablari mazkur soha barcha davlatlar uchun serdaromad ekani, qolaversa, turizmni rivojlantirishda yangi ish oʻrinlarini yaratish asosiy omillardan biri ekani, yaʼni turizmda yaratilgan 1 ta ish oʻrni boshqa sohalarda qoʻshimcha 2 ta ish oʻrni yaratilishiga olib kelishi bilan izohlanadi.

Turizmning mamlakat iqtisodiyoti va aholi farovonligi uchun naqadar muhim ahamiyat kasb etishi, koʻplab ish oʻrni va daromad manbai ekani haqida gap ketganda, Prezidentimizning Margʻilon shahridagi “Burhoniddin Margʻinoniy” ilmiy-maʼrifiy va turizm majmuasining ochilish marosimidagi nutqida keltirilgan quyidagi fikrlari oʻrinlidir.

“Soʻnggi yillarda milliy meʼmorchilik yechimlarini qoʻllagan holda tarixiy va zamonaviy anʼanalarni mujassam etgan yirik turistik majmualar barpo etishga alohida eʼtibor beryapmiz. Xususan, Samarqandda «Buyuk ipak yoʻli” va Imom Buxoriy majmualari, Xorazmda “Arda Xiva” xalqaro turizm markazi ishga tushirildi.

Yaqinda azim poytaxtimizda ochilgan, Yangi Oʻzbekiston durdonasi sifatida eʼtirof etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi ham bu borada ulkan qadam boʻldi. Taʼkidlash kerakki, ushbu majmua ekspozitsiyasida Fargʻona tarixiga alohida oʻrin ajratilgan. Bu maskanda toʻrtta yirik portaldan bittasi Qoʻqon portali deb ataladi, Birinchi Renessansning buyuk namoyandalari — Ahmad Fargʻoniy va Burhoniddin Margʻinoniy bobolarimiz faoliyati atroflicha yoritilgan. Bularning barchasi — Fargʻona viloyatiga, bu zamin farzandlariga yuksak hurmat va ehtirom ifodasi, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz».

Shu oʻrinda aytish mumkinki, “Burhoniddin Margʻinoniy” ilmiy-maʼrifiy va turizm majmuasi toʻliq ishga tushgach, viloyatga yiliga oʻrtacha 200-250 ming nafar xorijiy sayyoh jalb etilishi kutilmoqda. Buning natijasida 2 mingta ish oʻrni yaratiladi, byudjetga 52 milliard soʻm tushum va 30 million dollarlik xizmatlar eksporti taʼminlanadi.

Butunjahon turizm tashkiloti maʼlumotlari tahliliga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, dunyodagi notinch vaziyatlarga qaramay ­xalqaro turizm bozorida 2026-yilning birinchi choragida xorijiy turistlarning davlatlar boʻylab tashrifi 2 foizga oshganiga guvoh boʻlamiz. Yaʼni 2026-yilning birinchi choragida 307 million turist xalqaro sayohatni amalga oshirgan, bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 6 million nafarga koʻp.

Bugungi jahon turizm bozori oldingisidan tubdan farq qiladi. Endilikda ommaviy turizmdan individual turizmga oʻtish, turizmning kreativ turlari, xususan, yuqori daromadli sayyohlik hisoblangan lyuks (Luxury) turizmga, bundan tashqari MICE (biznes va korporativ maqsadlarga qaratilgan ishbilarmonlik turizmi), shoping (savdo va xarid turizmi), tibbiy, taʼlim, ziyorat, ekologik, gastronomik kabi turlarga talab kuchaymoqda.

Jahon turizm bozorida taassurotlarga asoslangan sayohatlar ham rivojlanyapti. Odamlar endi faqat mashhur joylarni koʻrishnigina emas, balki mahalliy madaniyat, taomlar va anʼanalarni his qilishni xohlamoqda. Shu sababli turizm bozorida gastronomik, madaniy va etnografik turizm tez surʼatlarda rivojlanayotir.

Yurtimizda ham agroturizm, ekoturizm va ekstremal turizm imkoniyatlarini birlashtirgan 508 gektar maydonni egallagan “Karkidon” turizm majmuasida 45 ta shale, 57 ta zamonaviy mehmon uyi, agroturizm ­majmuasi, gullar bogʻi, lavandazor, ­ekobozor, sokin hududlar va restoranlar tashkil etilgan.

Turizm mamlakatni dunyoga tanitish, yangi ish oʻrinlari yaratish va xizmatlar eksportini kengaytirishning samarali yoʻnalishlaridan biri. Shu bois, Taxtakoʻpir tumanida Qoratereng koʻli, Xonobod tumanida sunʼiy koʻl, Xatirchi tumanida “Koʻksaroy” suv ombori, Pop tumanida Arashan koʻli, Nurobod tumanida “Sobirsoy” va Kattaqoʻrgʻon tumanidagi “Kattaqoʻrgʻon” suv omborlari atrofida ham yirik turizm majmualarini barpo etish rejalashtirilgan.

Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda turizm sohasini rivojlantirish maqsadida davlat tomonidan bir qator ustuvor vazifalar belgilangan. Xususan, Prezidentimizning 2026-yil 16-fevraldagi “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida tashqi va ichki turizmni rivojlantirish uchun keng sharoitlar yaratish orqali sayyohlar sonini oshirish belgilangan. Bunda 2030-yilga borib, mamlakatimizda turizm sohasining yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 7 foizga, turizm xizmatlari eksportini 6 milliard dollarga, mamlakatimizga tashrif buyuradigan xorijiy turistlar yillik sonini 20 millionga yetkazish, “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil” dasturi doirasida ichki sayyohlarning respublika boʻylab 25 millionta safarini amalga oshirish, xususiy investitsiyalarni jalb qilish hisobiga turizm klasterlari sonini 25 taga yetkazish koʻrsatib oʻtilgan.

Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan turizm sohasini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etish hamda hududlarning iqtisodiy salohiyatini oshirishga katta eʼtibor qaratildi. Saʼy-harakatlar natijasida joriy yilning besh oyida Oʻzbekistonga 5 million 352 ming xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 30 foizga yuqori. Ularga koʻrsatilgan turizm xizmatlar eksporti hajmi esa 2,2 milliard dollarni tashkil etib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 38 foizga oʻsgan. Mamlakatimizga davlatlar kesimida oʻtgan yilning mos davriga nisbatan Xitoydan 3,4 barobar, Malayziyadan 2,1, Yaponiyadan 1,6, Rossiyadan 1,4, AQSH, Germaniya va Fransiyadan 1,3 barobar, Britaniyadan 20 foiz va Turkiyadan 19 foiz koʻp sayyohlar tashrif buyurgan.

Ichki turizmni rivojlantirish maqsadida “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil” dasturi doirasida respublika boʻylab qariyb 9,8 million mahalliy aholi sayohatlari tashkil etilgan.

Turistlarga xizmat koʻrsatuvchi 302 ta turizm tashkiloti tashkil etilib, ularning soni 4,7 mingtaga yetdi. Joriy yilning oʻtgan davrida jami 488 ta joylashtirish vositalari, shu jumladan, 74 ta mehmonxona,

212 ta oilaviy mehmon uylari, 139 ta xostel va 63 ta boshqa turdagi joylashtirish vositalari tashkil etilib, ularning soni 7,3 mingtaga, oʻrinlar soni esa 199,7 mingtani tashkil qiladi. Hududlarda turizm qishloqlari va turizm mahallalarini tashkil etish ishlari davom ettirilmoqda. Bugungi kunda ular soni 44 taga yetkazildi.

Turizm sohasida raqamlashtirish yoʻnalishida Milliy turizm yagona platformasini joriy etish ishlari olib borilmoqda. Platforma doirasida mehmonxonalarni bron qilish, avia va temir yoʻl chiptalarini xarid qilish, muzey va madaniy meros obyektlariga onlayn chipta sotib olish hamda turistik xizmatlar statistikasini yuritish imkoniyatlari yaratildi.

Oilaviy mehmon uyi va xostellarni reyestrga kiritish axborot tizimi yangi talqinda ishlab chiqilib, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga integratsiya qilindi.

Albatta, mamlakatimizga xorijdan kelayotgan turistlar oqimini oshib borishini taʼminlash maqsadida zamonaviy turizm turlarini kengaytirish maqsadga muvofiq. Mamlakatimizga tashrif buyurayotgan turistlarning asosiy qismi tarixiy-madaniy turizm, yaʼni tarixiy shaharlar, obidalar, madaniy meros obyektlari va ziyoratgohlarga kelayotganini alohida taʼkidlash lozim. Buning mavsumiylikka bogʻliqligi hamda tashrif buyurayotgan turistlarning asosiy qismi nafaqa yoshida ekanligi sababli yoshlarni ham keng jalb qilish maqsadida turizmning boshqa turlarini, yaʼni MICE, tibbiy, taʼlim, sogʻlomlashtirish, ziyorat, ekologik, agrar, gastronomik, etnografik, togʻ turizmi kabi turlarini ham rivojlantirish, turistlarning oqimi past hududlarda yangi turizm klasterlari va sogʻlomlashtirish majmualarini tashkil etish, madaniy meros obyektlarini raqamlashtirish, sohada ilmiy tadqiqotlarni amaliyotga joriy qilishning samarali mexanizmini tatbiq etish maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Alisher ESHTAYEV,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor