Koʻp yillik samarali xizmati, erishgan natijalari va xizmat vazifalariga masʼuliyatli yondashuvi inobatga olinib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining topshirigʻiga binoan, Ichki ishlar vazirining buyrugʻi bilan Dilnoza Redjabova ragʻbatlantirilgan.

Mazkur unvon unga Ichki ishlar vaziri boshchiligida oʻtkazilgan tadbirda tantanali ravishda topshirildi.

Dilnoza Redjabova faoliyati davomida yoʻl harakati xavfsizligini targʻib qilish, aholiga yoʻl harakati qoidalarini tushunarli yetkazish va yoshlarda xavfsiz harakatlanish koʻnikmalarini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratib kelmoqda.

Jumladan, u bir necha yil davomida Oʻzbekiston oʻquvchi yoshlaridan iborat yoʻl harakati xavfsizligi targʻibotchilari guruhiga rahbarlik qilib, ularning xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishishiga hissa qoʻshgan.

Oʻquvchilar 2024-yilda Qirgʻizistonda, 2025-yilda Tojikistonda oʻtkazilgan xalqaro tanlovlarda II oʻrinni, 2026-yil avgust oyida Qozogʻistonda tashkil etilgan “Yosh yoʻl harakati inspektorlari” xalqaro musobaqasida esa I oʻrinni egallagan.

Shuningdek, Toshkent shahri Olmazor tumanidagi 441-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotida bolalar uchun yoʻl harakati xavfsizligi boʻyicha maxsus mashgʻulotlar oʻtkazish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan.

Mashgʻulotlarda bolalarga koʻchada xavfsiz harakatlanish, piyodalar oʻtish joylaridan foydalanish, svetofor ishoralari va yoʻl belgilariga amal qilish qoidalari qiziqarli va amaliy usullarda oʻrgatiladi.

Dilnoza Redjabovaning koʻp yillik faoliyati, xususan, yoʻl harakati xavfsizligi targʻiboti va bolalar oʻrtasida xavfsizlik madaniyatini shakllantirishga qoʻshayotgan hissasi ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xotin-qizlarning kasbiy faoliyatiga munosib namuna boʻlmoqda.