Unda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati, soha mutaxassislari, Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi, xorijiy delegatsiyalar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Poyezd davlat rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizga olib kelingan bo‘lib, temir yo‘l sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning amaliy ifodasi hisoblanadi. Tadbir davomida O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi samarali hamkorlik, kelgusi istiqbolli loyihalar va transport infratuzilmasini yanada rivojlantirish masalalariga alohida urg‘u berildi.
Shundan so‘ng media vakillari, temir yo‘l faxriylari, mas’ul xodimlar hamda yo‘lovchilar birga tarixiy ilk Xiva safarini boshlab berishdi.
Asrlar davomida karvonlar yurgan, haftalab bosib o‘tilgan masofalar endi bir necha soatga qisqardi. Ilgarilari Toshkentdan Xivagacha bo‘lgan 1022 kilometr masofa kamida 14 soat vaqt olar edi. Endi esa soatiga 250 kilometr tezlikda harakatlanuvchi ushbu zamonaviy poyezd orqali manzilga 7,5 soatda yetib borish mumkin.
Poyezddagi sharoitlar zamonaviy talablarga to‘liq javob beradi. Vagonlarda kuzatuv kameralari, qulay buriluvchi o‘rindiqlar, axborot ekranlari mavjud, ularda harakat xaritasi va tezlik ko‘rsatkichlari doimiy ravishda aks etib turadi.
Yo‘ldagi ilk yirik manzil — Samarqand shahri bo‘ldi. Qadimiy va hamisha gavjum bu shaharda poyezd tantanali tarzda kutib olindi. Temir yo‘l bekatida milliy ohanglar yangrab, bayramona muhit hukm surdi. Ayrim yo‘lovchilar shu yerda tushib qolar ekan, boshqalar sayohatni davom ettirdi.
Poyezdda suhbatlashgan yo‘lovchilardan biri — Indira Qodirova shunday deydi:
— “Bu darajadagi qulaylikni ochig‘i kutmagan edim. Ilgari uzoq masofa charchatar edi. Endi vaqt ham tejaladi, safar ham o‘zgacha kechadi deb ishonaman.”
Shuningdek, 13 yoshli yo‘lovchi Otamurod Rayimboyev bunday poyezdga ilk marotaba chiqqanini alohida ta’kidladi. “Juda ham qulay ekan” deya, o‘zgacha xursandligini aytib, bizga milliy Xorazm qo‘shig‘ini kuylab, yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Keyingi manzil — Buxoro shahri. Bu yerda ham milliy qo‘shiqlar, raqslar va samimiy muhit mehmonlarda unutilmas taassurot bag‘ishladi. Yo‘lovchilar almashinuvi esa yangi qatnov ichki va tashqi turizm rivojiga xizmat qilayotganining ifodasi bo‘ldi.
Yo‘l davomida biz bilan suhbatlashgan temir yo‘l faxriysi Hasan Mahmudov o‘z fikrlarini quyidagicha bildirdi:
— “Men bu sohada ko‘p yil ishlaganman. Bugungi kundagi o‘zgarishlarni ko‘rib, o‘zgacha quvondim va faxirlandim ochig‘i. Bu poyezd — nafaqat texnika, balki yurtimiz taraqqiyotining ramzi.”
Poyezd Qizilqum cho‘lining qumli hududlaridan o‘tayotganda ham vagonlar ichida mutlaqo chang kirmaydi. Chunki u qum bo‘ronlariga chidamli maxsus tizimlar bilan jihozlangan. Eng muhimi — safar charchog‘i deyarli sezilmaydi: silkinishlarsiz, shovqinsiz. Ertalab yo‘lga chiqib, tushlikka manzilga yetib kelish mumkin.
Yo‘lda Urganch bekatida ham qisqa to‘xtash amalga oshirildi va nihoyat, safarning so‘nggi manzili — qadimiy va betakror Xiva shahriga yetib keldik. Bu yerda ham mehmonlar bayramona kayfiyatda kutib olindi.
Marosim doirasida xalqaro hamkorlik masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Janubiy Koreya kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan ushbu poyezd yuqori texnologiyalar asosida yaratilgan bo‘lib, O‘zbekistonning iqlim sharoitiga to‘liq moslashtirilgan.
Tadbirda Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Von Do Yon ham so‘zga chiqib, loyihani yuqori baholadi:
— “Bugungi mazmunli tadbirda ishtirok etayotganimdan bag‘oyat mamnunman. “Jaloliddin Manguberdi” tezyurar poyezdi bo‘yicha shu kunga qadar Shavkat Mirziyoyev janobi oliylari hamda bir qator yuqori martabali vakillar sinov safarlarida ishtirok etib, ushbu loyiha natijalaridan yuksak mamnun ekanliklarini bildirishganidan xabardorman. Men ham ikki marotaba sinov safarida qatnashish imkoniga ega bo‘ldim.
Shavkat Mirziyoyev janoblarining oqilona siyosati tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasida transport sohasidagi hamkorlik nafaqat tezyurar poyezdlar yo‘nalishida, balki zamonaviy temiryo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, jumladan, tezyurar temiryo‘l liniyalarini barpo etish yo‘nalishida ham izchil rivojlanib bormoqda.
Xususan, yaqinda Toshkent–Samarqand tezyurar temiryo‘l liniyasini qurish loyihasi bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslash ishlari yakunlandi. Ishonchim komilki, bunday hamkorliklarimiz kelgusida yanada kengayib, amaliy natijalar berishda davom etadi.”
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023–2026 yillarda Janubiy Koreyaning “Hyundai Rotem” kompaniyasidan 6 ta yuqori tezlikdagi poyezd xarid qilinishi rejalashtirilgan. Ulardan birinchisi aynan shu — “Jaloliddin Manguberdi” poyezdi bo‘lib, 7 vagondan iborat, 389 o‘rindiqqa ega va uzunligi 175 metr.
Shuningdek, mazkur qatnovni ta’minlash maqsadida “Buxoro — Urganch — Xiva” yo‘nalishining 450 kilometr qismi elektrlashtirildi, “Navoiy — Buxoro” uchastkasining yangi liniyasi barpo etildi.
“Jaloliddin Manguberdi” poyezdi nafaqat masofani qisqartirdi, balki mamlakatning transport tizimida yangi bosqichni boshlab berdi. Bu — tarix va zamonaviylik uyg‘unligi, qulaylik va tezlikning bir nuqtada jamlangan ifodasidir.
Xiva — tirik tarix. Unga olib boruvchi yangi temir yo‘l esa kelajak sari ishonchli qadamdir.
Zulxumor AKBAROVA