Vaucher orqali fuqarolar kasb yoki xorijiy til boʻyicha oʻquv kurslarida bir marta bepul taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻladi.
Vaucherni quyidagi fuqarolar olishi mumkin:
- ishsiz fuqarolar;
- ijtimoiy reyestrga kiritilgan oila aʼzolari;
- rasmiy daromad manbaiga ega boʻlmagan fuqarolar.
Vaucherni qanday olish mumkin?
Buning uchun fuqarolar:
- tuman yoki shahar bandlik boʻlimlariga;
- mahalladagi hokim yordamchilariga murojaat qilishi;
- yoki ecosys.mehnat.uz platformasi orqali onlayn ariza berishi mumkin.
Vaucher tizimida ishtirok etuvchi taʼlim tashkilotlarining elektron reyestri shakllantirilgan. Fuqaroga kasb yoki xorijiy tilni oʻrganish uchun vaucherdan bir marta foydalanish huquqi beriladi.
Oʻqish sifati qanday nazorat qilinadi?
Oʻquv jarayonida taʼlim sifati va tinglovchilarning davomati CRM dasturi orqali avtomatik nazorat qilinadi. Shuningdek, kursni tamomlagan fuqarolarning keyinchalik ishga joylashish natijalari ham monitoring qilinadi.
Oʻquv kursi yakunida ecosys.mehnat.uz platformasiga joylashtirilgan test topshiriqlari asosida yakuniy imtihon oʻtkaziladi.
Imtihonda kamida 71 ball toʻplagan tinglovchi kursni muvaffaqiyatli tamomlagan hisoblanadi va unga belgilangan namunadagi sertifikat beriladi.
Shuningdek, vaucher tizimiga yangi kasb yoki yoʻnalishni kiritish masalasi vazirlikda tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan koʻrib chiqiladi. Tasdiqlangan yoʻnalish ecosys.mehnat.uz platformasiga kiritilib, vazirlikning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
Kasblar roʻyxati bilan ecosys.mehnat.uz platformasi orqali tanishish mumkin.