Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona idoralari xodimlari hamkorligida Navoiy viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda katta miqdordagi giyohvandlik vositasi musodara qilindi. Xususan, Konimex tumani hududida harakatlanayotgan “Cobalt” rusumli avtomashina to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan – 2002 y.t. Qozog‘iston Respublikasi fuqarosiga tegishli sellofan paketda 2 kg 87 gr “opiy” moddasi borligi aniqlandi va ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi. 

Ma’lum bo‘lishicha, u mazkur giyohvandlik vositasini muqaddam narkokur’erlar tomonidan qo‘shni davlatdan kontrabanda qilinib, qoldirib ketilgan xufiya joydan olib ketayotgan bo‘lgan.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246-moddasi (kontrabanda) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.