Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qilishicha, hujjatlar 1 iyuldan 30 iyulgacha vazirlikning my.edu.uz platformasi orqali onlayn qabul qilinadi.

Magistratura mutaxassisliklariga tanlovda faqat chet tilini bilish darajasini tasdiqlovchi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega talabgorlar ishtirok etishi mumkin.

Onlayn ariza topshirish uchun bakalavr diplomi hamda chet tilini bilish sertifikati talab etiladi. Mutaxassisliklar kesimida qabul qilinadigan chet tili sertifikatlari ro‘yxati vazirlik tomonidan e’lon qilingan.

Ayrim toifadagi talabgorlardan chet tili sertifikati talab etilmaydi. Ular quyidagilar:

– Prezident va nomli davlat stipendiyalari sohiblari, davlat mukofoti sovrindorlari hamda respublika fan olimpiadalari g‘oliblari;

– ko‘rish, eshitish yoki nutqida nuqsoni bo‘lganligi to‘g‘risida nogironlik ma’lumotnomasiga ega shaxslar;

– bakalavriat ta’lim dasturini xorijiy tilda tamomlagan bitiruvchilar.