Mustaqillik – biz uchun nafaqat siyosiy maqom, balki ota-bobolarimiz asrlar davomida orzu qilgan, intilgan va kurashgan erkinlikdir. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, mustaqillik fenomeni xalqning oʻz taqdirini oʻz qoʻliga olishi va dunyo hamjamiyatida munosib oʻrin egallashidir.

Hayot charxpalagi shu qadar tez aylanar ekanki, 35 yil u qadar katta muddat emasdek, biz yashab turgan hozirgi zamon doim shunday tinch, farovon boʻlgandek. Ayniqsa, yosh avlod nazdida hamisha bugungi taraqqiyot asrida yashayotgandekmiz. Ammo katta avlod vakillari yaxshi biladi — mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan keyin bosib oʻtilgan mashaqqatli, biroq yangilanish va oʻzgarishlarga boy yillarni ortda qoldirishning oʻzi boʻlmagan.

Taqdir ekan, harbiy xizmatimni oʻtashim 1989-1991-yillari — millatlararo nizolar, milliy kamsitilishlar avj olgan, sobiq ittifoq soʻnggi kunlarini yashab, parokandalikka yuz tutayotgan davrlarga toʻgʻri keldi. Bir mamlakat deyilsa-da, amalda fuqarolari (ayniqsa, harbiy qismlarda) jiqqamusht boʻlish darajasiga yetgan edi. Kim va nima uchun ikki yilimni ketkazganimni anglab-anglamay Toshkentga qaytdim.

1991-yil iyulda yoshlar gazetasida musahhih sifatida ish boshlaganimda 20 bilan 21 yosh oʻrtasida edim. Tahririyatimiz Matbuotchilar koʻchasidagi binoning 5-qavatida joylashgan. Unga har kuni kirib-chiqib yurgan odam 7 qavatli muhtasham imoratda ishlaydigan boshqa mehnat jamoalari aʼzolari bilan ham koʻztanish boʻlib ketarkan. Tabiatimiz mos kelibmi, qoʻshni tahririyatdagi Mahkam aka bilan tez chiqishib ketdik. Quyuq salom-alik qiladigan, bora-bora birga tushlikka chiqadigan boʻldik.

Aytishicha, yoshi mendan deyarli ikki muchal katta, yaʼni 42 da, oʻzi Toshkent viloyatining Yangiyoʻl tumanidan. Ixtisosligi iqtisodchi, yaxshi joy va lavozimlarda ishlagan. Sogʻligʻi tufayli va boshqa sabablar bilan yengilroq ish izlab, 2-3 yildan buyon bir tahririyatda xoʻjalik ishlarini boshqarib kelayotgan ekan. Yoshiga nisbatan chuqur mulohazali, koʻp ishga aqli yetar, joʻyali maslahat va tavsiyalar berar edi. Qiziquvchanligim tufayli avvalgi ishi haqida soʻradim.

“Ittifoq markaziga bevosita boʻysunadigan tashkilotda ishlaganman. Boʻlim mudiri lavozimigacha koʻtarildim, — deya gap boshladi Mahkam aka. — Qishloq ­xoʻjaligi ­sohasini rivojlantirish masalalariga masʼul edim. Qoʻl ostimda 3 xodim ishlar, barchasi miyasi butun, faol va tashabbuskor yigitlar edi. Dehqonchilik, bogʻdorchilik ishlarini yengillashtirish, hosildorlikni oshirish boʻyicha izlanish hamda tadqiqotlarimiz natijalaridan kelib chiqib, oʻzim va xodimlarimning gʻoya hamda takliflarini jadval shaklida tayyorlab, har chorakda tashkilot rahbariga taqdim qilardim. Takliflarimiz joʻyali va mantiqli ekani haqida markazdan tashakkurnoma kelar, ularning muallifi sifatida esa rahbarimiz turli mukofotlar olardi. Bu hodisa bir marta emas, muntazam davom eta boshladi. Boʻlimdagi xodimlarning koʻziga qaray olmay qoldim.

Rahbarimizga: “Axir bu gʻoyalar bizning boʻlimga tegishli-ku. Xodimlarni ham ragʻbatlantiraylik, ular ham mehnati zoye ketmasligini bilsin”, dedim bir kuni xonasiga kirib.

— Sen topshiriqlarni indamay bajaraver. Maosh olyapsanlar-ku. Markaz oʻzi biladi kimni mukofotlashni-yu, kimni ragʻbatlantirishni, — dedi koʻzini chaqchaytirib. — Oʻzlaring qoloq, dehqon xalq boʻlsalaring...

Keyingi gapi jonimdan oʻtib ketdi, qon bosimim koʻtarildi. “Bu sohada ishlay olmayman”, deb ariza yozdim. Yigitlar ham birin-ketin ishdan boʻshadi. Bunday adolatsizliklar har sohada, har tarmoqda urchib yotibdi. Tuz-nasibam shu yerlarda ekan, tahririyatga kelib qoldim. Mana, hozir jurnalistlar orasidaman...”.

Mahkam aka shundan keyingi suhbatlarimizda xalqimizning yer osti boyliklari, uni boshqalar tashib ketayotgani, salohiyatli milliy va mahalliy kadrlarni yuzaga chiqarmaslik siyosati avj olgani, eng quyidan eng yuqori idoralarda ham xalqimizning milliy gʻururi poymol etilayotgani haqida kuyinib gapirardi.

1991-yil 31-avgust — Oʻzbekiston mustaqilligi baralla eʼlon qilingan kuni yuz bergan voqealar, yangiliklar mohiyatini biz — 20 yoshlilar avlodi balki toʻliq anglab yetmagan boʻlishimiz mumkin. Ammo Mahkam aka 7 qavatli bino yoʻlaklari boʻylab shodon yurarkan, oldidan chiqqan odamni quchoqlab, dast ­koʻtarar, quvonchini izhor qilardi. Shunday koʻtarinki kayfiyatda bizning tahririyatga ham kirib keldi. Hayajonini bosa olmayotganidan gaplari uzuq-yuluq chiqardi:

— Tabriklayman, ukajon, olamshumul ishlar yuz beryapti. Meni ham qutlanglar. Istiqlolga erishdik. Endi hammamiz mustaqilmiz. Farzandlarimiz ozod yurtda unib-oʻsadi. Men bugun dunyoga qaytadan keldim. Yangidan tugʻilgandekman. Endi mening tavallud kunim bugundan boshlab 31-avgust boʻladi!

* * *

Davlatimiz rahbarining joriy yil 1-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori bilan tanishib, beixtiyor yuqoridagi xotiralar xayolimda jonlandi.

Darhaqiqat, mustaqillik — millatning eng yuksak neʼmati, istiqbolning mustahkam poydevori va har bir fuqaroning orzu-umidlari roʻyobi. Mazkur hujjat yurtimiz tarixidagi yangi bir dovonni — 35 yillik zafarli yoʻlni sarhisob qilish va istiqboldagi ulugʻvor maqsadlarni belgilab olish uchun muhim dasturilamal boʻldi. Undagi “Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh gʻoya esa yurtimizdagi tub islohotlar, maʼnaviy yuksalish va milliy tiklanish jarayonlarini teranroq anglashimizga yordam beradi.

Milliy mustaqilligimiz mard va matonatli xalqimizning qatʼiy irodasi, istiqlol yoʻlida kurashgan fidoyi ajdodlarimiz orzu-umidlarining roʻyobi boʻlib, yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaratilgan ezgu ishlarimizning mustahkam asosi, kelajak avlodlarimiz uchun bezavol yetkazishimiz shart boʻlgan buyuk va muqaddas qadriyat.

Bugun qalam ahli, xususan, jurnalistlar zimmasida oʻta masʼuliyatli vazifa turibdi. Bu — mustaqilligimizning tarixiy ­bosqichlari, erishilgan yutuqlar va bunyodkorlik ishlarini, mamlakatimiz suveren taraqqiyot yoʻlidan ildam va ogʻishmay borayotganini, jahondagi tinchlik inqirozi sharoitida mustaqillik — milliy oʻzlik va davlatchilik asosi ekanini, yangi Oʻzbekistondagi keng koʻlamli islohotlar Uchinchi Renessans bunyodkorlarini yuzaga chiqarishga qaratilganini yoritish masʼuliyati.

Bunday gʻurur, shukuh haqida yozmagan, aytmagan shoir, yozuvchi, jurnalist, sanʼatkor — ijod ahlining qalbida kemtigi bor. Bugun yurtimizdagi har bir islohot “Inson qadri uchun” gʻoyasiga tayangan holda amalga oshirilayotgani, iqtisodiy islohotlarning insonlar taqdirida aks etayotgani, islohotlar natijasida hayotidan rozi hamyurtlarimiz dilidagi, yuz-koʻzidagi ifodani ilgʻay olmaslik mumkin emas.

Yoshlar uchun barcha sharoitlar yaratilayotgani, ular erishayotgan yutuqlar millatimiz qalbida iftixor va fidoyilik tuygʻusini shakllantirayotgani, yoshlar va ijtimoiy faol qatlamlar oʻrtasida integratsiyani ­kuchaytirish, ularning maʼnaviy-maʼrifiy va intellektual salohiyatni rivojlantirish mavzularida gap ketsa, qanday qilib sukut saqlash mumkin?

Qarorda tavsiya qilingan “Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!”, “Vatan fidoyilari”, “35 yillik istiqlol yilnomasi”, “Vatan manfaati — xalq manfaati!”, “Yangi Oʻzbekiston — ezgu maqsad, yangi harakat!”, “Yangi Oʻzbekiston — Uchinchi Renessans sari!”, “Mustaqillik — 35 yillik sharafli yoʻl!”, “Bir Vatan — bir taqdir!” kabi mavzularning qay birini eʼtiborsiz qoldirish mumkin axir? Bu mavzularning har biri, ayniqsa, soʻnggi 10 yildagi islohotlar va keng koʻlamli yangilanishlar katta va salmoqli kitoblar yaratishga arziydi.

Oʻtgan 35 yilda Oʻzbekiston mashaqqatli, ammo sharafli yoʻlni bosib oʻtdi. 2017-yildan boshlangan yangi taraqqiyot bosqichi esa yurtimiz hayotida tub burilish yasadi. Harakatlar strategiyasi va Taraqqiyot strategiyasi “Yangi Oʻzbekiston” atamasini hayotimizga olib kirdi. Bu islohotlarning bosh mezoni, yuqorida keltirganimizdek, “Inson qadri uchun” tamoyili etib belgilandi.

Bugungi Oʻzbekiston demokratik oʻzgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatidir. Davlatimiz rahbarining “Xalqimiz ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun ijobiy oʻzgarishlarni koʻrishni istaydi” degan hayotbaxsh tamoyili davlat organlarining xalqqa xizmat qilishini taʼminladi. Iqtisodiyotning liberallashtirilishi, tadbirkorlikka keng yoʻl ochilishi va ijtimoiy himoya tizimining kuchaytirilishi natijasida odamlarning ­ertangi kunga ishonchi mustahkamlandi.

Eng ahamiyatlisi, bu jabhada maʼnaviyat va maʼrifat masalasiga asosiy oʻrin berildi. Maʼnaviyat va maʼrifat insoniyatning oʻzligi, oʻtmishi, buguni va ertasi masalasidir. Ustoz Gʻaybulla as-Salom taʼbiri bilan aytganda, “Yoʻqotilgan har qanday narsaning oʻrni toʻladi, biroq boy berilgan maʼnaviy qadriyat oʻrnini hech narsa bilan qoplab boʻlmaydi”.

Jadid bobolarimiz ilgari surgan maʼrifatparvarlik gʻoyalari bugun biz uchun dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda. Ular ilm-fan va maʼrifat orqali millatni uygʻotishni maqsad qilgan edi. Bugun biz Uchinchi Renessans poydevorini qurayotgan ekanmiz, ajdodlarimizning boy ilmiy merosini oʻrganish, anʼanalarini tiklash kabi vazifalar maʼnaviy hayotimizning ajralmas boʻlagiga aylanmogʻi maqsadga muvofiq.

Besh muhim tashabbus doirasida kitobxonlikning keng targʻib etilishini esa yoshlar ongini yot gʻoyalardan himoya qiluvchi maʼnaviy qalqonga mengzash mumkin. Mamlakatimiz aholisining 60 foizidan ortigʻini yoshlar tashkil etadi va ular davlatimizning diqqati markazida. Bugungi yosh avlodning kayfiyatini aytib bersang, men senga ertangi kuning qanday boʻlishini aytib beraman degan ekan donishmandlardan biri. Oʻzbek yoshlari jahon sahnalarida, innovatsiyalar va sport sohalarida yuksak natijalarga erishmoqda. Ular Vatan ravnaqi uchun masʼuliyatni zimmasiga olishga qodir kuch sifatida shakllandi. Yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar nafaqat ularning shaxsiy kamoloti, balki butun mamlakatning ertangi porloq kelajagi uchun yoʻnaltirilgan sarmoyadir.

Oʻzbekiston — 130 dan ortiq millat va elat vakillari ahil-inoq yashab kelayotgan bagʻrikeng diyor. Soʻnggi yillarda millatlararo munosabatlar va diniy bagʻrikenglik sohasidagi islohotlar yurtimizda tinchlik va barqarorlikni saqlashning asosiy kafolati oʻlaroq maydonga chiqdi. “Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida birlashgan xalqimiz har qanday sinov va qiyinchiliklarni hamjihatlik orqali yengib oʻtishga qodir.

Bugungi tahlikali dunyoda tinchlik — eng oliy neʼmat. Oʻzbekiston mintaqada tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash, qoʻshni davlatlar bilan doʻstona aloqalarni mustahkamlash borasida faol siyosat yuritmoqda. Mamlakatimizda “tinch yashash huquqi” davlat tomonidan kafolatlangan boʻlib, bu barcha islohotlarning muvaffaqiyati uchun zamin yaratmoqda.

Mustaqillikning oʻttiz beshinchi yiliga kelib, Oʻzbekiston nafaqat mintaqada, balki xalqaro miqyosda ham muhim siyosiy va iqtisodiy markazga aylandi. Keng jamoatchilik Markaziy Osiyo geografik markazining siyosatida ham, iqtisodiyotida ham tub oʻzgarishlar va progressiv islohotlar yuz berayotganiga guvoh boʻlyapti. Natijada Oʻzbekiston dunyoga ochiq mamlakatga aylandi. Uzoq-yaqin davlatlar bilan doʻstligimiz kun sayin rivojlanib, qardosh xalqlar bilan bir vaqtlar uzilib qolgan aloqalarimiz mustahkamlandi.

* * *

1996-yili boshqa manzilda joylashgan bir jurnalga ishga oʻtib ketdim. Mahkam aka bilan onda-sonda uchrashib, suhbatlashib turdik. Keyinchalik uyali telefon orqali tez-tez qoʻngʻiroqlashadigan boʻldik. Soʻng oʻz tashvish va yumushlarimiz bilan andarmon boʻlib, deyarli koʻrishmay qoʻydik. Suhbatlarimiz faqat telefon orqali, hol-ahvol soʻrash bilan cheklanib qoldi. Orada u nafaqaga chiqdi.

Oxirgi bor gaplashganimizda kenja farzandiga toʻy boshlab qoʻygani, sanasi maʼlum boʻlgach, albatta, xabar berishini aytdi. Lekin 2012-yil yoz oylarida bizga xizmat koʻrsatuvchi uyali aloqa kompaniyasi qoʻqqisdan faoliyatini toʻxtatgach, raqamlarimiz almashib ketdi. Shundan keyin bir-birimizni topolmadik.

Hozir Mahkam ota (endi bemalol shunday desa ham boʻlar)ning daragini bilmayman. Umid qilamanki, qarilik gashtini surmoqda. Lekin u yaqin kunlarda oʻzining keksalikdan uzoq 35 yoshini farzandlari va nabiralari qurshovida nishonlashiga ishonaman.

Mahkam ota, 35 yoshingiz muborak boʻlsin!

Nodir MAHMUDOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri