Mustaqillik – biz uchun nafaqat siyosiy maqom, balki ota-bobolarimiz asrlar davomida orzu qilgan, intilgan va kurashgan erkinlikdir. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, mustaqillik fenomeni xalqning oʻz taqdirini oʻz qoʻliga olishi va dunyo hamjamiyatida munosib oʻrin egallashidir.
Hayot
charxpalagi shu qadar tez aylanar ekanki, 35 yil u qadar katta muddat emasdek,
biz yashab turgan hozirgi zamon doim shunday tinch, farovon boʻlgandek.
Ayniqsa, yosh avlod nazdida hamisha bugungi taraqqiyot asrida yashayotgandekmiz.
Ammo katta avlod vakillari yaxshi biladi — mamlakatimiz mustaqillikka
erishganidan keyin bosib oʻtilgan mashaqqatli, biroq yangilanish va
oʻzgarishlarga boy yillarni ortda qoldirishning oʻzi boʻlmagan.
Taqdir
ekan, harbiy xizmatimni oʻtashim 1989-1991-yillari — millatlararo nizolar,
milliy kamsitilishlar avj olgan, sobiq ittifoq soʻnggi kunlarini yashab,
parokandalikka yuz tutayotgan davrlarga toʻgʻri keldi. Bir mamlakat deyilsa-da,
amalda fuqarolari (ayniqsa, harbiy qismlarda) jiqqamusht boʻlish darajasiga
yetgan edi. Kim va nima uchun ikki yilimni ketkazganimni anglab-anglamay Toshkentga
qaytdim.
1991-yil
iyulda yoshlar gazetasida musahhih sifatida ish boshlaganimda 20 bilan 21 yosh
oʻrtasida edim. Tahririyatimiz Matbuotchilar koʻchasidagi binoning 5-qavatida
joylashgan. Unga har kuni kirib-chiqib yurgan odam 7 qavatli muhtasham imoratda
ishlaydigan boshqa mehnat jamoalari aʼzolari bilan ham koʻztanish boʻlib
ketarkan. Tabiatimiz mos kelibmi, qoʻshni tahririyatdagi Mahkam aka bilan tez
chiqishib ketdik. Quyuq salom-alik qiladigan, bora-bora birga tushlikka
chiqadigan boʻldik.
Aytishicha,
yoshi mendan deyarli ikki muchal katta, yaʼni 42 da, oʻzi Toshkent viloyatining
Yangiyoʻl tumanidan. Ixtisosligi iqtisodchi, yaxshi joy va lavozimlarda
ishlagan. Sogʻligʻi tufayli va boshqa sabablar bilan yengilroq ish izlab, 2-3
yildan buyon bir tahririyatda xoʻjalik ishlarini boshqarib kelayotgan ekan.
Yoshiga nisbatan chuqur mulohazali, koʻp ishga aqli yetar, joʻyali maslahat va
tavsiyalar berar edi. Qiziquvchanligim tufayli avvalgi ishi haqida soʻradim.
“Ittifoq
markaziga bevosita boʻysunadigan tashkilotda ishlaganman. Boʻlim mudiri
lavozimigacha koʻtarildim, — deya gap boshladi Mahkam aka. — Qishloq xoʻjaligi
sohasini rivojlantirish masalalariga masʼul edim. Qoʻl ostimda 3 xodim ishlar,
barchasi miyasi butun, faol va tashabbuskor yigitlar edi. Dehqonchilik,
bogʻdorchilik ishlarini yengillashtirish, hosildorlikni oshirish boʻyicha
izlanish hamda tadqiqotlarimiz natijalaridan kelib chiqib, oʻzim va
xodimlarimning gʻoya hamda takliflarini jadval shaklida tayyorlab, har chorakda
tashkilot rahbariga taqdim qilardim. Takliflarimiz joʻyali va mantiqli ekani
haqida markazdan tashakkurnoma kelar, ularning muallifi sifatida esa rahbarimiz
turli mukofotlar olardi. Bu hodisa bir marta emas, muntazam davom eta boshladi.
Boʻlimdagi xodimlarning koʻziga qaray olmay qoldim.
Rahbarimizga:
“Axir bu gʻoyalar bizning boʻlimga tegishli-ku. Xodimlarni ham
ragʻbatlantiraylik, ular ham mehnati zoye ketmasligini bilsin”, dedim bir kuni
xonasiga kirib.
—
Sen topshiriqlarni indamay bajaraver. Maosh olyapsanlar-ku. Markaz oʻzi biladi
kimni mukofotlashni-yu, kimni ragʻbatlantirishni, — dedi koʻzini chaqchaytirib.
— Oʻzlaring qoloq, dehqon xalq boʻlsalaring...
Keyingi
gapi jonimdan oʻtib ketdi, qon bosimim koʻtarildi. “Bu sohada ishlay olmayman”,
deb ariza yozdim. Yigitlar ham birin-ketin ishdan boʻshadi. Bunday
adolatsizliklar har sohada, har tarmoqda urchib yotibdi. Tuz-nasibam shu
yerlarda ekan, tahririyatga kelib qoldim. Mana, hozir jurnalistlar
orasidaman...”.
Mahkam
aka shundan keyingi suhbatlarimizda xalqimizning yer osti boyliklari, uni
boshqalar tashib ketayotgani, salohiyatli milliy va mahalliy kadrlarni yuzaga
chiqarmaslik siyosati avj olgani, eng quyidan eng yuqori idoralarda ham xalqimizning
milliy gʻururi poymol etilayotgani haqida kuyinib gapirardi.
1991-yil
31-avgust — Oʻzbekiston mustaqilligi baralla eʼlon qilingan kuni yuz bergan
voqealar, yangiliklar mohiyatini biz — 20 yoshlilar avlodi balki toʻliq anglab
yetmagan boʻlishimiz mumkin. Ammo Mahkam aka 7 qavatli bino yoʻlaklari boʻylab
shodon yurarkan, oldidan chiqqan odamni quchoqlab, dast koʻtarar, quvonchini
izhor qilardi. Shunday koʻtarinki kayfiyatda bizning tahririyatga ham kirib
keldi. Hayajonini bosa olmayotganidan gaplari uzuq-yuluq chiqardi:
—
Tabriklayman, ukajon, olamshumul ishlar yuz beryapti. Meni ham qutlanglar.
Istiqlolga erishdik. Endi hammamiz mustaqilmiz. Farzandlarimiz ozod yurtda
unib-oʻsadi. Men bugun dunyoga qaytadan keldim. Yangidan tugʻilgandekman. Endi
mening tavallud kunim bugundan boshlab 31-avgust boʻladi!
* * *
Davlatimiz rahbarining joriy yil 1-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori bilan tanishib, beixtiyor yuqoridagi xotiralar xayolimda jonlandi.
Darhaqiqat,
mustaqillik — millatning eng yuksak neʼmati, istiqbolning mustahkam poydevori
va har bir fuqaroning orzu-umidlari roʻyobi. Mazkur hujjat yurtimiz tarixidagi
yangi bir dovonni — 35 yillik zafarli yoʻlni sarhisob qilish va istiqboldagi
ulugʻvor maqsadlarni belgilab olish uchun muhim dasturilamal boʻldi. Undagi
“Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan
bosh gʻoya esa yurtimizdagi tub islohotlar, maʼnaviy yuksalish va milliy
tiklanish jarayonlarini teranroq anglashimizga yordam beradi.
Milliy
mustaqilligimiz mard va matonatli xalqimizning qatʼiy irodasi, istiqlol yoʻlida
kurashgan fidoyi ajdodlarimiz orzu-umidlarining roʻyobi boʻlib, yangi
Oʻzbekistonni barpo etishga qaratilgan ezgu ishlarimizning mustahkam asosi,
kelajak avlodlarimiz uchun bezavol yetkazishimiz shart boʻlgan buyuk va
muqaddas qadriyat.
Bugun
qalam ahli, xususan, jurnalistlar zimmasida oʻta masʼuliyatli vazifa turibdi.
Bu — mustaqilligimizning tarixiy bosqichlari, erishilgan yutuqlar va
bunyodkorlik ishlarini, mamlakatimiz suveren taraqqiyot yoʻlidan ildam va
ogʻishmay borayotganini, jahondagi tinchlik inqirozi sharoitida mustaqillik —
milliy oʻzlik va davlatchilik asosi ekanini, yangi Oʻzbekistondagi keng
koʻlamli islohotlar Uchinchi Renessans bunyodkorlarini yuzaga chiqarishga
qaratilganini yoritish masʼuliyati.
Bunday
gʻurur, shukuh haqida yozmagan, aytmagan shoir, yozuvchi, jurnalist, sanʼatkor
— ijod ahlining qalbida kemtigi bor. Bugun yurtimizdagi har bir islohot “Inson
qadri uchun” gʻoyasiga tayangan holda amalga oshirilayotgani, iqtisodiy
islohotlarning insonlar taqdirida aks etayotgani, islohotlar natijasida
hayotidan rozi hamyurtlarimiz dilidagi, yuz-koʻzidagi ifodani ilgʻay olmaslik
mumkin emas.
Yoshlar
uchun barcha sharoitlar yaratilayotgani, ular erishayotgan yutuqlar millatimiz
qalbida iftixor va fidoyilik tuygʻusini shakllantirayotgani, yoshlar va
ijtimoiy faol qatlamlar oʻrtasida integratsiyani kuchaytirish, ularning
maʼnaviy-maʼrifiy va intellektual salohiyatni rivojlantirish mavzularida gap
ketsa, qanday qilib sukut saqlash mumkin?
Qarorda
tavsiya qilingan “Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak
yaratamiz!”, “Vatan fidoyilari”, “35 yillik istiqlol yilnomasi”, “Vatan
manfaati — xalq manfaati!”, “Yangi Oʻzbekiston — ezgu maqsad, yangi harakat!”,
“Yangi Oʻzbekiston — Uchinchi Renessans sari!”, “Mustaqillik — 35 yillik
sharafli yoʻl!”, “Bir Vatan — bir taqdir!” kabi mavzularning qay birini
eʼtiborsiz qoldirish mumkin axir? Bu mavzularning har biri, ayniqsa, soʻnggi 10
yildagi islohotlar va keng koʻlamli yangilanishlar katta va salmoqli kitoblar
yaratishga arziydi.
Oʻtgan
35 yilda Oʻzbekiston mashaqqatli, ammo sharafli yoʻlni bosib oʻtdi. 2017-yildan
boshlangan yangi taraqqiyot bosqichi esa yurtimiz hayotida tub burilish yasadi.
Harakatlar strategiyasi va Taraqqiyot strategiyasi “Yangi Oʻzbekiston”
atamasini hayotimizga olib kirdi. Bu islohotlarning bosh mezoni, yuqorida
keltirganimizdek, “Inson qadri uchun” tamoyili etib belgilandi.
Bugungi
Oʻzbekiston demokratik oʻzgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar
mamlakatidir. Davlatimiz rahbarining “Xalqimiz ertaga emas, uzoq kelajakda
emas, aynan bugun ijobiy oʻzgarishlarni koʻrishni istaydi” degan hayotbaxsh
tamoyili davlat organlarining xalqqa xizmat qilishini taʼminladi.
Iqtisodiyotning liberallashtirilishi, tadbirkorlikka keng yoʻl ochilishi va
ijtimoiy himoya tizimining kuchaytirilishi natijasida odamlarning ertangi
kunga ishonchi mustahkamlandi.
Eng
ahamiyatlisi, bu jabhada maʼnaviyat va maʼrifat masalasiga asosiy oʻrin
berildi. Maʼnaviyat va maʼrifat insoniyatning oʻzligi, oʻtmishi, buguni va
ertasi masalasidir. Ustoz Gʻaybulla as-Salom taʼbiri bilan aytganda,
“Yoʻqotilgan har qanday narsaning oʻrni toʻladi, biroq boy berilgan maʼnaviy
qadriyat oʻrnini hech narsa bilan qoplab boʻlmaydi”.
Jadid
bobolarimiz ilgari surgan maʼrifatparvarlik gʻoyalari bugun biz uchun
dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda. Ular ilm-fan va maʼrifat orqali millatni
uygʻotishni maqsad qilgan edi. Bugun biz Uchinchi Renessans poydevorini
qurayotgan ekanmiz, ajdodlarimizning boy ilmiy merosini oʻrganish, anʼanalarini
tiklash kabi vazifalar maʼnaviy hayotimizning ajralmas boʻlagiga aylanmogʻi
maqsadga muvofiq.
Besh
muhim tashabbus doirasida kitobxonlikning keng targʻib etilishini esa yoshlar
ongini yot gʻoyalardan himoya qiluvchi maʼnaviy qalqonga mengzash mumkin.
Mamlakatimiz aholisining 60 foizidan ortigʻini yoshlar tashkil etadi va ular
davlatimizning diqqati markazida. Bugungi yosh avlodning kayfiyatini aytib
bersang, men senga ertangi kuning qanday boʻlishini aytib beraman degan ekan
donishmandlardan biri. Oʻzbek yoshlari jahon sahnalarida, innovatsiyalar va
sport sohalarida yuksak natijalarga erishmoqda. Ular Vatan ravnaqi uchun
masʼuliyatni zimmasiga olishga qodir kuch sifatida shakllandi. Yoshlarga
yaratilayotgan imkoniyatlar nafaqat ularning shaxsiy kamoloti, balki butun
mamlakatning ertangi porloq kelajagi uchun yoʻnaltirilgan sarmoyadir.
Oʻzbekiston
— 130 dan ortiq millat va elat vakillari ahil-inoq yashab kelayotgan bagʻrikeng
diyor. Soʻnggi yillarda millatlararo munosabatlar va diniy bagʻrikenglik
sohasidagi islohotlar yurtimizda tinchlik va barqarorlikni saqlashning asosiy
kafolati oʻlaroq maydonga chiqdi. “Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi
hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida birlashgan xalqimiz har qanday sinov
va qiyinchiliklarni hamjihatlik orqali yengib oʻtishga qodir.
Bugungi
tahlikali dunyoda tinchlik — eng oliy neʼmat. Oʻzbekiston mintaqada tinchlik va
xavfsizlikni taʼminlash, qoʻshni davlatlar bilan doʻstona aloqalarni
mustahkamlash borasida faol siyosat yuritmoqda. Mamlakatimizda “tinch yashash
huquqi” davlat tomonidan kafolatlangan boʻlib, bu barcha islohotlarning
muvaffaqiyati uchun zamin yaratmoqda.
Mustaqillikning
oʻttiz beshinchi yiliga kelib, Oʻzbekiston nafaqat mintaqada, balki xalqaro
miqyosda ham muhim siyosiy va iqtisodiy markazga aylandi. Keng jamoatchilik
Markaziy Osiyo geografik markazining siyosatida ham, iqtisodiyotida ham tub
oʻzgarishlar va progressiv islohotlar yuz berayotganiga guvoh boʻlyapti.
Natijada Oʻzbekiston dunyoga ochiq mamlakatga aylandi. Uzoq-yaqin davlatlar
bilan doʻstligimiz kun sayin rivojlanib, qardosh xalqlar bilan bir vaqtlar
uzilib qolgan aloqalarimiz mustahkamlandi.
* *
*
1996-yili boshqa manzilda joylashgan bir jurnalga ishga oʻtib ketdim. Mahkam aka bilan onda-sonda uchrashib, suhbatlashib turdik. Keyinchalik uyali telefon orqali tez-tez qoʻngʻiroqlashadigan boʻldik. Soʻng oʻz tashvish va yumushlarimiz bilan andarmon boʻlib, deyarli koʻrishmay qoʻydik. Suhbatlarimiz faqat telefon orqali, hol-ahvol soʻrash bilan cheklanib qoldi. Orada u nafaqaga chiqdi.
Oxirgi
bor gaplashganimizda kenja farzandiga toʻy boshlab qoʻygani, sanasi maʼlum
boʻlgach, albatta, xabar berishini aytdi. Lekin 2012-yil yoz oylarida bizga
xizmat koʻrsatuvchi uyali aloqa kompaniyasi qoʻqqisdan faoliyatini toʻxtatgach,
raqamlarimiz almashib ketdi. Shundan keyin bir-birimizni topolmadik.
Hozir
Mahkam ota (endi bemalol shunday desa ham boʻlar)ning daragini bilmayman. Umid
qilamanki, qarilik gashtini surmoqda. Lekin u yaqin kunlarda oʻzining
keksalikdan uzoq 35 yoshini farzandlari va nabiralari qurshovida nishonlashiga
ishonaman.
Mahkam
ota, 35 yoshingiz muborak boʻlsin!
Nodir MAHMUDOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri