Saudiya Arabistoni Fuqarolik mudofaasi bosh boshqarmasi Makka, Jidda, Toif, Yanbu va Tabuk shaharlari xavf ostida qolishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Aholiga xavfsizlik choralarini ko‘rish, fuqarolik mudofaasi xizmatlarining ko‘rsatmalariga amal qilish, gavjum joylardan qochish va fotosurat va videoga olmaslik tavsiya qilindi.

Keyinchalik Saudiya Arabistoni Fuqarolik mudofaasi bosh boshqarmasi tahdid pasayganini e’lon qildi.

Ta’kidlash joizki, avvalroq Yaqin Sharqdagi AQSh elchixonalari xusiylarning Saudiya Arabistonidagi obyektlarga hujumlaridan so‘ng Amerika fuqarolarini ehtiyot bo‘lishga chaqirgan edi.

AQShning Bahrayn, Isroil, Iroq, Iordaniya, Quvayt, Livan, Ummon, Qatar, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklaridagi diplomatik vakolatxonalari xavfsizlik holati jiddiyligicha qolayotganini xabar qilishdi.

— Harbiy mojaro tez sur’atlarda avj olishi mumkin, — deyiladi AQSh diplomatik vakolatxonasi bayonotida.

AQSh fuqarolari shuningdek, parvozlarning bekor qilinishi, havo maydonlarining yopilishi va transportda uzilishlar bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirilmoqda, deb xabar berdi Kazinform.