Maʼlum qilinishicha, xizmatlar, chakana savdo, umumiy ovqatlanish va ishlab chiqarish sohalarida ishchi kuchi bo‘yicha talab yuqori bo‘lgan.

Muqobil manbalarga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida faol rezumelar soni 31,5 foizga oshib, 636 ming nafarga yetgan. Bu esa mehnat bozorida raqobat kuchayib borayotganini ko‘rsatadi.

Tahlilda qayd etilishicha, iqtisodiyotda bandlikning o‘sishi asosan xususiy sektor hisobiga taʼminlangan. 2025 yilda xususiy sektorda bandlik 5,2 foizga oshgan bo‘lib, eng yuqori o‘sish xizmatlar sohasida kuzatilgan. Davlat sektorida esa mazkur ko‘rsatkich 2,6 foizni tashkil etgan.

Shu bilan birga, ishsizlik darajasi pasayish tendensiyasini saqlab qolib, 2025 yil to‘rtinchi choragi yakunlariga ko‘ra 4,8 foizga tushgan.

Birinchi chorakda o‘rtacha nominal ish haqi 17,4 foizga, real ish haqi esa 9,5 foizga oshgan. Eng yuqori ish haqi o‘sishi moliyaviy va sug‘urta faoliyati, transport hamda boshqa xizmat ko‘rsatish sohalarida qayd etilgan.

Markaziy bank maʼlumotlariga ko‘ra, mehnat unumdorligi o‘sish surʼatlarining sekinlashishi iqtisodiy o‘sishda bandlikni kengaytirish omili ahamiyati ortib borayotganini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, real ish haqining mehnat unumdorligiga nisbatan tezroq o‘sishi iqtisodiyotda inflyatsion bosimlar saqlanib qolayotganidan dalolat beradi.

Hisobotda tashqi mehnat migratsiyasi bo‘yicha ham ijobiy dinamika qayd etilgan. Joriy yilning birinchi choragida O‘zbekistonga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi 3,8 milliard AQSh dollarini tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13 foizga oshgan.

Shuningdek, mehnat migratsiyasi geografiyasi kengayib bormoqda. Xususan, Turkiya va Janubiy Koreyaga mehnat migratsiyasi oshgan bo‘lsa, Rossiyadan kelayotgan pul o‘tkazmalarining umumiy ulushi 77,6 foizdan 72,4 foizgacha qisqargan.