Ummon ortidagi olis mamlakatdan taniqli oʻzbek publitsisti, siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning yaqinda nashr etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining soʻngi yillardagi faoliyatiga bagʻishlangan “MILLAT SHAVKATI” kitobining AQSHdagi yurtdoshlarimiz uchun taqdimotiga taklif kelganida nihoyatda xursand boʻlib ketdik. Bu quvonchning asosiy sababi buyuk shoirimiz Abdulla Oripov taʼrif etgan “sehrli diyor”ga oshiqish emas, balki yangi Oʻzbekistondagi ulkan evrilishlar, millatimiz liderining oqilona siyosatiga okeanortidagi vatandoshlarimizning qiziqishi va xayrixohligi edi. Zotan, “MILLAT SHAVKATI” ayni shu haqdagi teran fikrlar bayon etilgan tahliliy asardir.
Oʻzbekistonda
xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi, ustoz jurnalist Abdusaid Koʻchimov
hamrohligida ijodiy guruhimiz bilan Amerikaga yoʻl olar ekanmiz, oʻtgan yili bu
oʻlkaga qilgan safarimiz taassurotlari xayoldan oʻta boshladi.
2025-yili ayni avgust oyida Qudratilla Rafiqovning ingliz tilida chop
etilgan “Yangi Oʻzbekiston: Shavkat Mirziyoyev yoʻli” kitobining taqdimoti
Vashington shahrida, AQSH kongressi binosida, soʻngra BMT bosh qarorgohida 50
dan ziyod mamlakatning mazkur tashkilotdagi vakillari ishtirokida boʻlib
oʻtgandi.
AQSH kongressi va
BMT tarixida oʻziga xos yangilik boʻlgan, qolaversa, dunyo hamjamiyatining
yangi Oʻzbekiston islohotlariga choʻng qiziqishi ramzi sifatida bu ikki
taqdimotda ishtirok etgan, fikr bildirgan jamiki xorijlik ekspertlarning
Shavkat Mirziyoyev siyosatiga xayrixohligi, Oʻzbekistonning porloq istiqboliga
ishonchidan shu yurtning bir farzandi oʻlaroq boshimiz koʻkka yetgan, qalbimiz
gʻururga toʻlgandi.
Ana shu taassurotlar hali xayolni tark etmay turib, bunday taklif kelib
tushgani qalbimizdagi hayajonni yanada qoʻr oldirdi. Eng muhimi, bu gal yangi
kitob taqdimotining vatandoshlar, oʻz taqdirini okeanorti oʻlkasi bilan
bogʻlagan, bugun turli xizmat vazifalarida mehnat qilayotgan oddiy yurtdoshlarimiz,
“Oʻzbekiston” soʻzini yuragida mehr-la olib yurgan vatandoshlar ishtirokida
boʻlayotgani edi.
Taqdimot
tashabbuskori ham shu odamlar bilan bevosita ishlayotgan AQSHdagi “Vatan Global
Alliance” jamoat tashkiloti. Avvalo,“Vatan Global Alliance” jamoat tashkiloti
haqida ikki ogʻiz toʻxtalamiz.
“Vatan Global
Alliance” jamoat tashkiloti idorasi AQSHning Filadelfiya shahrida joylashgan. U
AQSH va Kanadada istiqomat qilayotgan oʻzbekistonliklarni birlashtirish,
yoshlar oʻrtasida milliy anʼana va qadriyatlarni targʻib qilishni koʻzlab
faoliyat yuritadi. Shu maqsadda turli tadbirlar tashkil etadi, milliy
bayramlarimizni nishonlaydi.
Tashkilotning ayni shu shaharda faoliyat yuritishida ham oʻziga xos asos bor, nazarimda. “Birodarlik shahri” maʼnosini beradigan Filadelfiyada AQSH
demokratiyasi tamoyillariga asos solingan. AQSH Mustaqilligi deklarasiyasi,
konstitutsiya shu kentda imzolangan. Oʻsha tarixiy hujjatga imzo chekilgan
“Ozodlik qoʻngʻirogʻi” deb nom olgan binodan sayyohlarning qadami, mana ikki
yarim asrki, uzilmaydi.
Pensilvaniyadagi
eng yirik shahar hisoblangan Filadelfiya aholisi 1,5 milliondan oshiq boʻlsa,
bu nufusning 40 mingdan koʻprogʻini oʻzbekistonliklar tashkil etadi.
Muhitni
anglash
Bugun AQSHda
istiqomat qilayotgan yarim milliondan ziyod vatandoshimizning taqdiri turlicha.
Ular bu oʻlkaga dam olish uchun yoki puli koʻpligidan sayohatga borgan emas.
Biz buni toʻgʻri anglaymiz. Qolaversa, aslida ham “muhojirlar vatani” desak,
mubolagʻa boʻlmaydigan bu diyorda har bir millatdan vakil bor.
Shaharning oʻtmishida italiyaliklardan tortib,
angliyaliklaru yaponiyaliklarning ham oʻrni
bor. Bir soʻz bilan aytganda, bugungi AQSHni ham dunyo xalqlari qurgan, bunyod
etgan, shu darajaga olib chiqqan. “Ozodlik monumenti” va unga yondosh muzeyda
boʻlgach, bu fikrlarimiz yana ham oydinlashdi.
Bugun oʻzbek
vatandoshlari AQSHda oʻz oʻrnini topib ulgurgan diasporalar qatoridan muqim joy
ola boshlagan. Eʼtiborli jihati, Filadelfiyaga yaqin ikki-uch yilda qator
viloyatlarimiz hokimlari oʻz delegatsiyalari bilan kelishga ulgurdi. Bu
safarlarning maqsadi faqat investitsiya topish emas, toʻlaqonli ishonch bilan
aytish mumkinki, garchi minglab chaqirim masofa ajratib turgan boʻlsa-da,
bizning ham Amerika bozoriga yuboradigan, taqdim qiladigan, boshqalarga
nisbatan sifatliroq, arzonroq, maʼqulroq mahsulotlarimiz borligida. Masalan,
Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev rahbarligidagi delegatsiyaning
Pensilvaniyadagi tadbirkorlar bilan samarali muloqoti va uchrashuvlari tahsinga
loyiq.
“Vatan Global
Alliance” tashkiloti rahbari Ozod Soliyevning taʼkidlashicha, muzokaralar,
tahlillar natijasida dastlabki hisob-kitob va takliflar viloyatga 1 milliard
dollardan koʻproq sarmoya kiritishni nazarda tutayotgan boʻlsa, jami ishlanayotgan,
puxta koʻrib chiqish va hisoblash jarayoni borayotgan sarmoyalar miqdori 4
milliard dollardan ortishi mumkin. Bu birgina viloyat haqida borayotgan gap.
Qolaversa, hali jarayonlar endigina boshlandi. Mazkur takliflar paketida
Filadelfiyadagi oʻzbekistonlik tadbirkorlar ulushi ham ortmoqda.
Birodarlik shahri koʻchalarida oʻzbekistonlik ishbilarmonlarning savdo
nuqtalari, restoran va marketlari soni ham kun sayin koʻpaymoqda. Jumladan,
“Asr” supermarketini oling. U shahardagi gavjum va tovar aylanmasi eng yuqori
savdo markazlaridan. U yerda oʻzingizni AQSHda emas, balki Oʻzbekistonning
biror shahrida yurgandek his qilasiz. Chunki mahsulotlarning 90 foizdan
koʻprogʻi mamlakatimizniki, yozuvi oʻzbekcha, sifati tabiiy. Soʻzlashuvdan
tortib, ichki muhit ham ona yurtimizni eslatib turadi. Munosabatlar oʻzbekona.
Sotuvchilarning muomalasidan koʻngil yayraydi.
Filadelfiyaning
Benjamin Franklin nomidagi markaziy koʻchasida koʻplab mamlakatlar bayrogʻi
hilpirab turibdi. Oʻzbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan
boʻlib oʻtadigan bayram tadbirlari dasturidan mazkur xiyobonga Oʻzbekiston
bayrogʻi ham oʻrnatilishi kutilmoqda ekan.
“Samarqand”da
uchrashuv
Taqdimot oldidan
olingan bu taassurotlar bizni yanada ilhomlantirdi. Safarimiz kitob taqdimoti bilan
bogʻliq edi. Mavzudan bir oz uzoqlashib, AQSH va u yurtda yashayotgan
vatandoshlar haqidagi maʼlumotlarga oʻtib ketganimiz oʻquvchiga ogʻir botmasin.
Zotan, bu ham mavzuga bogʻliq. Chunki bu tashabbus Oʻzbekistonni sogʻingan, ona
Vatanidagi taraqqiyotdan, oʻzgarishlardan koʻnglida cheksiz faxr tuygan
odamlardan chiqqan edi.
“MILLAT SHAVKATI”
kitobining ilk taqdimoti “Samarqand koshonasi” deb nomlangan maskanda boʻlib
oʻtdi. Oʻzbek milliy taomlari tayyorlanadigan restoran, toʻy va marosimlar,
qolaversa, tadbirlar oʻtkazishga moʻljallangan zallardan iborat ushbu maskan
15-avgust kuni vatandoshlarimiz bilan gavjum boʻldi.
Tadbirga AQSHning
Vashington, Nyu-York va boshqa shaharlaridan ham oʻzbekistonliklar keldi.
Oʻzbekistonning AQSHdagi favqulodda va muxtor elchisi Furqat Siddiqov ikki
mamlakat Prezidentlarining muntazamlik kasb etayotgan muloqotlari,
uchrashuvlari, yuritayotgan koʻp vektorli siyosati haqida atroflicha soʻzlab
berdi. Xususan, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev va AQSH Prezidenti Donald
Tramp oʻrtasida yaqinda boʻlib oʻtgan telefon muloqotiga toʻxtalib, mazkur
suhbatlarning ikki mamlakat munosabatlarida tutgan amaliy oʻrniga alohida urgʻu
berdi. Elchi janoblari AQSHning yana bir qator shaharlarida konsulliklar
ochilishi rejalashtirilayotgani, oʻzaro investitsiyalar hajmi jadal
oshayotganini taʼkidladi.
Mazkur kitob
xorijda yashayotgan vatandoshlarimizga ona yurtimizdagi jarayonlar,
Prezidentimiz rahbarligidagi xalqparvar siyosatning mazmun-mohiyatini
yetkazishda oʻta muhim ahamiyatga egaligini qayd etdi.
Elchining nutqidan
maʼlum boʻldiki, soʻnggi yillarda AQSHdagi vatandoshlarning Oʻzbekiston
hayotiga qiziqishi mazmunan oʻzgargan. Eng muhimi, bu qiziqish ularning
Vatandagi ezgu evrilishlar jarayonida ishtirokchi oʻlaroq qatnashish istagi,
daxldorlik tuygʻusi joʻsh ura boshlagani bilan qimmatli.
Furqat Siddiqov soʻnggi oʻn yilda Oʻzbekiston dunyo hamjamiyati koʻz
oʻngida butunlay yangi qiyofada namoyon boʻla olganini taʼkidladi. BMT kun
tartibiga oʻta dolzarb masalalarni qoʻya oladigan, dunyo iqlimini belgilash
salohiyatiga ega aktor davlatlar bilan oʻzaro manfaatli muloqotlarga
kirishayotgan, tashqi olam uchun Markaziy Osiyoni yaxlit siyosiy subyekt
sifatida shakllantira olgan Prezidentimizga nisbatan hurmat va ehtirom
barchamizni xushnud etayotgani ham bor gap.
Ikkinchi
missiya
Bu sarlavhani
qoʻyishda bir nechta maʼnoni nazarda tutdik. “MILLAT SHAVKATI” taniqli
siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning AQSHdagi oʻqirmanga taqdim etilayotgan
ikkinchi kitobi.
Amerikalik
oʻquvchilar “Yangi Oʻzbekiston: Shavkat Mirziyoyev yoʻli” deb nomlangan
birinchi kitobda millatimiz Lideri rahbarligida bunyod etilayotgan yangi
Oʻzbekiston mohiyati bilan tanishgan boʻlsa, “MILLAT SHAVKATI” undan-da muhim
boshqa jihatni — millat qaygʻusi, soʻnggi ikki-uch yildagi tarixiy inshootlar —
Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy majmualari orqali yangi
Oʻzbekiston aslida qanday poydevor ustida bunyod etilayotgani haqida mufassal
maʼlumot olishmoqda.
— Men kitobni ikki
marta oʻqib chiqdim, — deydi “Vatan Global Alliance” tashkiloti boʻlim
boshligʻi Saʼdullo Ahmedov. — Shunday xulosaga keldimki, bu asar har bir
oʻzbekistonlikning uyida boʻlishi kerak.
— Agar chuqurroq
razm solinsa, bu kitob aynan AQSHdagi oʻzbek vatandoshining oʻz yurti haqidagi
tasavvurlari, shu paytgacha boʻlgan gohida qoʻrquv va alam, gohida oʻkinch va
iztiroblar oʻrniga butunlay boshqa bir tuygʻuni olib kirishi bilan qimmatli, —
dedi Nyu-York shahridagi “Royal-xoll” majmuasida tashkil etilgan ikkinchi
taqdimotda Ozod Soliyev. — Biz kechagi, Amerikaga kirib kelgandagi orzu va
niyatlarimizni tarixda qoldirib, ertangi butunlay boshqa bir hayot, yangi orzu
va niyatlarni koʻnglimizga jo qilyapmiz. Axir qayerda boʻlmaylik, bizni bir
ulugʻ nuqta — Oʻzbekiston, Vatanimiz birlashtirib turadi.
U oʻz chiqishida
“Biz endi ikkinchi missiyamizni amalga oshirish yoʻlidamiz”, — deya alohida
qayd etdi. — “Ushbu missiya choʻntak, qishloqda oʻtkaziladigan toʻy-tomosha
qaygʻusidan butunlay farqli. Yaqin besh-olti yilda AQSH kongressi, BMT va
boshqa xalqaro tashkilotlarda, AQSH aql markazlarida bizning farzandlarimiz,
albatta, boʻladi”.
Shu oʻrinda Ozod
Soliyev haqida ham ozgina maʼlumot berib oʻtishimiz joiz. U jurnalistikada
kreativ tafakkur, menejmentni chuqur anglagan ijodkor va muharrir sifatida
hurmat qozongan. Inson qalbiga yoʻl topish, uni yorugʻ niyatlarga yetaklash,
ogʻir va tashvishli holatlarni yengib chiqish borasidagi falsafiy fikrlash
salohiyati uning rahbarligidagi “Vatan Global Alliance” tashkiloti faoliyatida
ham yaqqol koʻrinmoqda. Darvoqe, gap isboti bilan degandek, Ozodjonning
toʻngʻich farzandi tibbiyot sohasida doktorlik rutbasiga yetishdi. Gap
shundaki, bu oilaning ertangi orzu-istagi endi yangi pogʻonaga chiqqan. Bu
nafaqat Ozod Soliyevga, balki bugun oʻz oʻrnini tobora egallayotgan minglab
oʻzbek vatandoshlariga xos evrilish.
AQSHdagi
vatandoshlarimiz bilan xayrlashar ekanmiz, “Bu missiya sizga muborak boʻlsin!”
dedik...
*
* *
...Uchogʻimiz
cheksizdek tuyulgan ummon uzra suzib boradi. Osmon koʻm-koʻk, yer koʻm-koʻk...
Bugungi kunlar, kecha va ertani oʻylab ketasiz. Bunga taassurotlar ham
qoʻshiladi. “MILLAT SHAVKATI” kitobini oʻqish asnosida bildirilgan yangi
Oʻzbekistondagi hayotbaxsh islohotlar, Prezidentimizning siyosati haqidagi
fikrlar xayolda jonlanaveradi. Shunda tafakkurda bunday xulosa paydo boʻladi: Shavkat
Mirziyoyev — millatni uygʻotgan Lider! Uygʻoq millatlar esa mudom shavkatli
boʻlib kelgan.
Ha, Prezidentimiz
boshlab borayotgan yangi Oʻzbekistonimiz yoʻlida zabt etilayotgan dovonlar,
xalqimiz koʻzidagi ishonch va yana xorijdagi vatandoshlar, siyosatchilar,
ekspertlar bildirayotgan fikrlar shunday deyishimizga toʻla asos boʻladi.
Amerikaliklar eʼtirofi
Maylz XANSEN, “Sterling Foundation” fondi bosh direktori:
— “MILLAT SHAVKATI” kitobida taraqqiyotni faqat yangi infratuzilma, mustahkam institutlar yoki iqtisodiy koʻrsatkichlar bilan oʻlchab boʻlmasligi taʼkidlanadi. Taraqqiyotning eng muhim mezoni — islohotlar inson qadr-qimmatini yuksaltirishi, imkoniyatlarni kengaytirishi hamda odamlarda oʻz mamlakati va kelajagiga ishonchni mustahkamlashidir.
Mazkur gʻoya
Oʻzbekiston uchun, ayniqsa, katta ahamiyatga ega. Bugungi Oʻzbekiston hududi
bir vaqtlar Buyuk ipak yoʻlining markazida joylashgan boʻlib, savdo, taʼlim,
ilm-fan va madaniy almashinuvning yirik markazlaridan biri edi. Ushbu
sivilizatsiya dunyoga buyuk olim va tabib Abu Ali ibn Sino, atoqli shoir va
davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur, shuningdek, Samarqandni jahon
astronomiya markazlaridan biriga aylantirgan Mirzo Ulugʻbek kabi buyuk
siymolarni yetishtirib berdi.
Asarda Prezident
Shavkat Mirziyoyev rahbarligi Oʻzbekistonni boy tarixiy merosi bilan qayta
bogʻlash, ayni paytda mamlakatni dunyoga keng ochish va yanada porloq kelajak
sari yetaklash jarayoni sifatida aks ettirilgan.
Ichki islohotlar,
butun Markaziy Osiyo boʻylab hamkorlikning yangilanishi va mustahkamlanishi,
shuningdek, xalqaro aloqalarning kengayishi natijasida Oʻzbekiston yana
sivilizatsiyalar chorrahasiga aylanmoqda.
Bu qarash men
shaxsan kuzatayotgan jarayonlarga ham toʻla mos keladi. Bugun Oʻzbekistonning
AQSHdagi kompaniyalar, universitetlar va turli tashkilotlar bilan hamkorligi
tobora kengayib bormoqda. Bu jarayon mening ona shtatim — Yutada ham yaqqol
namoyon boʻlmoqda.
Aynan shu jihat
kitobning asosiy gʻoyasini nihoyatda taʼsirchan qiladi. Unda shunchaki
modernizatsiya haqida emas, balki milliy tiklanish — tarixiy xotirani qayta
tiklash, mustaqil tafakkurni rivojlantirish va Oʻzbekiston kelajagiga ishonchni
mustahkamlash haqida soʻz yuritilgan.
Ishonchim
komilki, agar sizda ushbu kitobni oʻqish imkoniyati boʻlsa, undan katta
taassurot olasiz, Oʻzbekiston tarixi hamda bugungi taraqqiyoti haqida yanada
koʻp maʼlumotga ega boʻlasiz. Eng muhimi, bu kitob Oʻzbekiston kelgusida
uddalashi mumkin boʻlgan ulkan va hayratlanarli ishlar koʻlamini yanada chuqur
anglash imkonini beradi.
Yelena SON, Oʻzbekiston — Amerika savdo-sanoat palatasi ijrochi direktori:
— Oʻzbekiston xalqini ushbu kitob bilan tabriklayman. Undan oʻrin olgan maqolalarning soʻnggi yillarda Oʻzbekiston ommaviy axborot vositalari diqqati markazida boʻlib kelayotganini eʼtiborga molik deb bilaman. Bu koʻp jihatdan Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan va uning rahnamoligidagi islohotlar hamda tashabbuslar bilan bogʻliq.
Jahon miqyosida
yetakchilik qilish oson emas. Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatni safarbar
eta oladigan, mintaqani birlashtiradigan va AQSH ishbilarmon doiralarining
Oʻzbekiston bozoriga qiziqishini oshiradigan ana shunday yetakchidir.
Shuningdek,
soʻnggi oʻn yilda Amerika — Oʻzbekiston ishbilarmonlik munosabatlarini
qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish yoʻlidagi barcha ishlar uchun Prezident
Shavkat Mirziyoyevga chuqur minnatdorlik bildiramiz.
Shu bilan birga, AQSHda Oʻzbekistonning tanilishiga
koʻmaklashishda muhim rol oʻynaydigan, eʼtirof etilgan nufuzli kuch boʻlgan
oʻzbek diasporasiga kitobni taqdim etgani uchun muallifdan alohida minnatdor
boʻlishimiz kerak.
Jeyms DURSO, amerikalik yetakchi ekspert, “The Hill” gazetasi muxbiri:
— 2016-yildan buyon oʻtgan oʻn yillik Oʻzbekistonning zamonaviy tarixidagi eng muhim davrlardan. Bu vaqtda Oʻzbekiston oʻz barqarorligini saqlab qolishga muvaffaq boʻlgan va hali toʻliq roʻyobga chiqmagan salmoqli salohiyatga ega davlat sifatida maydonga chiqdi.
Prezident Shavkat
Mirziyoyevning islohotlar va oʻzgarishlar dasturi iqtisodiyot salohiyati hamda
oʻzbek xalqining bunyodkorlik gʻayratini yuzaga chiqardi, qoʻshni respublikalar
bilan munosabatlarning sezilarli yaxshilanishiga koʻmaklashdi va boy tarixiy
merosga hurmatni saqlagan holda mamlakatni kelajak sari yoʻnaltirdi. Bugun bu
meros ehtiyotkorlik bilan asrab-avaylanmoqda va jumladan, Islom
sivilizatsiyasi markazi hamda Imom Buxoriy yodgorlik majmuasida namoyish
etilmoqda.
“MILLAT SHAVKATI” kitobi bu borada oʻz oʻquvchisiga
koʻp narsani soʻzlaydi, saboqlar beradi.
Husan ERMATOV,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan
jurnalist, senator
Toshkent
— Nyu-York — Pensilvaniya — Nyu-York — Toshkent