Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar va Bojxona organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan ko‘p bosqichli tezkor-qidiruv tadbiri doirasida qo‘shni davlatdan olib kelingan katta miqdordagi giyohvandlik vositalari musodara qilindi. Jumladan, Namangan shahri hududida harakatlanayotgan “Neksiya” rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan 1978 y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan fuqaroga tegishli sellofan paketda 944 gr “gashish” moddasi borligi aniqlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, u giyohvandlik vositasini Namangan shahrida yashovchi, 1982 y.t. narkosavdogardan 9900 AQSh dollariga sotib olgani ma’lum bo‘ldi.
So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur shaxs ham ushlandi va undan 9200 AQSh dollari hamda 18,4 mln so‘m miqdoridagi pullar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Shuningdek, tezkor tadbirning keyingi bosqichida ularga ajal og‘usini yetkazib turgan andijonlik 1987 va 1998 yillarda tug‘ilgan ikki nafar shaxs ketayotgan “Lasetti” avtomashinasidan 9 kg 801 gr “gashish” moddasi olindi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Ichki ishlar va Bojxona organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda muqaddam narkokuryerlar tomonidan Bekobod shahrida “zakladka” usulida yashirib ketilgan 977 gr “gashish” moddasini qabul qilib olgan vaqtida 1985 y.t. mahalliy fuqaro ushlandi.