Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Pop tumani boʻlimi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda “Pop tumangaz” operatori N.R. va muqaddam sudlangan fuqaro P.Z. aniqlangan.

Maʼlum boʻlishicha, ular fuqarolar Z.Yu. va S.Yu.ning xonadonlariga tabiiy gaz tarmogʻini tortib kelishi hamda ruxsatnoma olib berishini aytib, 2 100 AQSH dollari talab qilgan. Shundan 200 dollarini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritgan.

Qolgan 1 900 AQSH dollarini olayotgan vaqtida ular ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Tergovga qadar tekshiruv davrida N.R. tomonidan olingan 200 AQSH dollari protsessual tartibda qaytarilgani rasmiylashtirilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.