Urbanizatsiya va uy-joy bozori milliy qo‘mitasi ma’lum qilishicha, shahar markazidagi mavjud yashil hududlarni qisqartirish, aholi sayr qilishi va dam olishi uchun qulay jamoat joylari o‘rnida qurilishlarni amalga oshirish maqsadga muvofiq emas.

Qo‘mitaga ko‘ra, avtoturargohlarni tashkil etishda ko‘kalamzor maydonlarning qisqarishiga hamda piyodalar uchun yaratilgan sharoitlarning yomonlashishiga yo‘l qo‘yilmasligi kerak.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda sotuvga chiqarilgani aytilgan «Navro‘z» bog‘iga tegishli ko‘chmas mulk ob’ektlaridan birining yer maydonida Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 28 fevraldagi 83-son qaroriga muvofiq jamoat parki tashkil etilishi belgilangan.

Gap Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi Matonat mahallasi hududida joylashgan 1,6 gektar maydon haqida bormoqda. Ushbu hududda hukumat qaroriga muvofiq jamoat parki barpo etilishini ta’minlash zarur.

Milliy qo‘mita Toshkent shahridagi mavjud yashil hududlarning qisqarishiga yo‘l qo‘ymaslik, jamoat parki uchun belgilangan hududni saqlab qolish, undan faqat belgilangan maqsadlarda foydalanish va aholi manfaatlarini ta’minlash shart, deb hisoblaydi.