Mamlakatimizda ekologik barqarorlikni taʼminlash, maishiy chiqindilarni qayta ishlash va poligonlarga yuklamani kamaytirish boʻyicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur yoʻnalishda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, chiqindilarni iqtisodiy resursga aylantirish va sirkulyar iqtisodiyot tamoyillarini keng tatbiq etish muhim ahamiyatga ega.
Shu maqsadda 2026-2027-yillarda chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish boʻyicha 6 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish belgilangan. Ularning umumiy qiymati 933 million dollarni tashkil etadi. Loyihalar Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
1-sentabr holatiga koʻra, ushbu loyihalar doirasida 286,8 million dollar investitsiya oʻzlashtirilgan. Mahalliy mahsulot va xizmatlar xaridi 76,6 million dollarga yetgan. Qurilish ishlariga 2 ming nafar mahalliy ishchi jalb etilgan.
Loyihalar Qashqadaryo, Samarqand, Toshkent, Andijon, Fargʻona va Namangan viloyatlarida amalga oshiriladi. Qashqadaryo va Samarqanddagi zavodlarni 2026-yilda, qolgan hududlardagi quvvatlarni 2027-yilda ishga tushirish rejalashtirilgan.
Korxonalar toʻliq ishga tushgach, yiliga 3,6 million tonna qattiq maishiy chiqindi qayta ishlanadi hamda 1,6 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Shu bilan birga, “nol chiqindi” tamoyiliga bosqichma-bosqich oʻtish, poligonlarga yuklamani kamaytirish va ekologik vaziyatni yaxshilash imkoni kengayadi.
Taqdimotda chiqindilardan energiya olish boʻyicha Singapur, Janubiy Koreya, Xitoy kompaniyalarining yana 5 ta istiqbolli investitsiya loyihasi ham koʻrib chiqildi. Ularning umumiy qiymati 625 million dollar boʻlib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Jizzax, Surxondaryo, Buxoro va Xorazm viloyatlarida amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
Ushbu loyihalar natijasida yiliga 1,9 million tonna qattiq maishiy chiqindi qayta ishlanib, 635 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. 500 ta yangi ish oʻrni yaratiladi, 158 million kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinib, issiqxona gazlari hajmi 316 ming tonnaga kamaytiriladi.
Mutasaddilar poligonlar va chiqindi yoqish zavodlarini tashkil etish xarajatlari, yer maydonlariga ehtiyoj, budjet tushumlari va ekologik samaradorlik boʻyicha taqqoslama tahlillarni taqdim qildi. Xorijiy tajriba asosida chiqindilarni atrof-muhitga minimal darajada taʼsir koʻrsatgan holda yoqish va investorlar majburiyatlari boʻyicha asosiy shartlar koʻrib chiqildi.
Davlatimiz rahbari loyihalarni jadallashtirish, investorlar uchun zarur infratuzilma va tashkiliy sharoitlarni yaratish, mahalliylashtirish darajasini oshirish hamda sohada malakali kadrlar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidladi.
Bu borada “Green University”, Samarqand davlat universiteti va Qarshi davlat universiteti bilan hamkorlikda chiqindi yoqish zavodlari uchun 1 ming nafar mutaxassisdan iborat kadrlar zaxirasini shakllantirish vazifasi belgilandi.