Bugun, 7-oktyabr kuni Xalqaro paxta kuni hamda dengizga chiqish imkoniyati boʻlmagan rivojlanayotgan davlatlarning oziq-ovqat xavfsizligiga bagʻishlangan anjumanlarda Prezident Shavkat Mirziyoyevning ishtirokchilarga yoʻllagan murojaatini davlat rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadov oʻqib eshittirdi.

Murojaatda Oʻzbekistonda paxtachilik yangi bosqichga koʻtarilgani qayd etilgan. Olimlarimiz tomonidan gʻoʻzaning 300 ga yaqin ertapishar navi yaratilgan, ekishdan hosilni yigʻib olishgacha boʻlgan jarayonlar mexanizatsiyalashtirilgan. Zamonaviy agrotexnologiyalar tufayli ayrim xoʻjaliklarda hosildorlik gektariga 100 sentnergacha yetmoqda.

Prezidentimiz iqlim oʻzgarishi, suv tanqisligi va logistika zanjirlaridagi uzilishlar oziq-ovqat xavfsizligiga jiddiy taʼsir koʻrsatayotganiga eʼtibor qaratgan. Ayniqsa, dengizga chiqish imkoniyati boʻlmagan davlatlar uchun yuqori transport xarajatlari katta toʻsiq boʻlib qolmoqda. Shu bois Oʻzbekiston oziq-ovqat savdosi va logistikasidagi cheklovlarni kamaytirish, yetkazib berish tartiblarini soddalashtirish tarafdori ekani taʼkidlangan.

Murojaatda 2030-yilgacha oziq-ovqat ishlab chiqarishni ikki barobar, eksport va qoʻshilgan qiymatni uch barobar oshirish maqsadi bayon qilingan. Buning uchun Markaziy Osiyo, dengizga chiqish imkoniyati boʻlmagan davlatlar va tranzit hamkorlarni bogʻlaydigan oziq-ovqat hamkorligi dasturini ishlab chiqish, mahsulotlarni qayta ishlash, saqlash va tashish boʻyicha qoʻshma loyihalarni kengaytirish taklif etilgan.

Tadbirda soʻzga chiqqan BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) bosh direktori Syuy Dunyuy, Xalqaro paxta maslahat qoʻmitasi (ICAC) ijroiya direktori Erik B. Traxtenberg hamda Jahon savdo tashkiloti (WTO) bosh direktori oʻrinbosari Jan-Mari Pogam Prezident Shavkat Mirziyoyevning paxta sohasidagi islohotlariga yuqori baho berdilar.

Ular majburiy mehnatga barham berilgani, xom paxtani eksport qilishdan uni chuqur qayta ishlashga jadal oʻtilganini katta yutuq sifatida qayd etib, bu jarayon boshqa mamlakatlar uchun ham namuna boʻlayotganini taʼkidladilar.