Qonunchilik palatasidagi navbatdagi majlisda «Farmatsevtika hodimlari kunini belgilash munosabati bilan “O‘zbekiston Respublikasi Tibbiyot hodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish kiritish haqida»gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, farmatsevtika sohasi ham jadal rivojlanmoqda. Ayni paytda yurtimizda 50 mingdan ortiq farmatsevtika mutaxassisi faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, 504 ta farmatsevtika ishlab chiqarish korxonasi, 478 ta distributor tashkilot va 14 mingdan ortiq dorixona aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.

Qonun loyihasiga muvofiq, amaldagi qonundagi «Tibbiyot hodimlari» degan so‘zlar «Tibbiyot va farmatsevtika hodimlari» degan so‘zlar bilan almashtirilishi nazarda tutilmoqda. Shuningdek, noyabr oyining ikkinchi yakshanbasini O‘zbekiston Respublikasi Tibbiyot va farmatsevtika hodimlari kuni etib belgilash taklif qilinmoqda.

Ushbu o‘zgartirishlar «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi hamda «Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida»gi qonunlarda qo‘llaniladigan tushunchalar bilan uyg‘unlikni ta’minlashga qaratilgan.

Qayd etilishicha, qonunning qabul qilinishi farmatsevtika hodimlarining jamiyatdagi mavqeini oshirish, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi qabul qilinib, Senatga yuborildi.