Har xil safarlar boʻladi. Dunyo kezish, xizmat safari, ijodiy safarlar, oddiy sayru sayohatlar... Hammasi ham zarur, lekin bir safar borki, musulmon farzandi esini tanigandanoq unga borishni orzu qiladi, mablagʻ yigʻib, tayyorlanadi...

Bu — muqaddas haj safari.

Bu ziyoratni ado etib kelish nasib etganlar oʻzini nihoyatda baxtiyor sezadi, tili shukrona aytishdan boʻshamaydi. Shu maʼnoda, navbatdagi safarimdan hali-hanuz hayratdaman. Nasib etganiga shukr qilaman. Bir guruh saodatmandlar qatorida “Prezident hojilari” safiga qoʻshilganimdan boshim osmonga yetdi! Bu yolgʻiz mening emas, hamsafarlarimning ham soʻzlari. Ular safida Vatanimizning hamma hududidan kelgan, halol mehnati, turmush tarzi, axloq-odobi bilan boshqalarga oʻrnak boʻlgan yurtdoshlarimiz bor edi.

Ha, bu juda qutlugʻ safar boʻldi! Tashabbus Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga tegishlidir. Bu quruq soʻz emas, doʻstlar, elga, xalqqa xizmat qilish, yurtni oʻylash, insonlarni ruhlantirishning yuksak namunasi degan boʻlardim. Buning ustiga, qutlugʻ safarimiz Qurbon hayiti munosabati bilan xayriya sifatida davlatimiz rahbari hisobidan qoplanganini eshitgach, Prezidentimizga hurmatimiz yanada oshib ketdi!

Odami ersang, demagil odami,

Onikim yoʻq, xalq gʻamidin gʻami, 

deb yozgan edi Hazrat Alisher Navoiy. Oʻz vaqtida buyuk bobomiz ham Hirot xalqining bir yillik xirojini toʻlab, xalqning duosini olgan ekan.

Rivoyatlar diyori

Safarga kuzatish jarayoni bayramga aylanib ketdi. “Prezident hojilari”ning kayfiyati aʼlo edi. Samolyotga oʻtirar ekanman, yana Alisher Navoiyni esladim. Ulugʻ shoir haj safariga ikki-uch bor taraddud koʻrgan, lekin mamlakatdagi notinch sharoit unga imkon bermagan. Kamina ulugʻ shoirimizga bagʻishlangan “Mangu quyosh” tarixiy romanimda shu haqda mulohaza yuritgan edim. Mavzuga tegishli boʻlgani sababli romandan kichik parcha keltirishga jurʼat etdim:

“...Yoshlik zamonlaridan boshlab Navoiy koʻnglida islom hajini ado etish niyati, xayr ul-anom alayhis salavotu vasallamning muborak ravzalarini ziyorat qilish orzusi oromini oʻgʻirlardi. Hayhot, Yo Rab, Yasribu Bathoga bormak qachon nasib aylar ekan, qachon Makkai mukarramaga borgʻaymen, Masjid ul-haramda ibodat qilgʻaymen, Zamzam bulogʻi boʻyida dil-dilimdan tarona kuylagʻaymen, koʻz yoshlarimdan ul buloqni dengizga aylantirgʻaymen, qachon Madinai munavvarada boʻlgʻaymen, Rasululloh ravzalarini ziyorat etgʻaymen deb xayollarga erk berardi...”.

Bunday orzular juda koʻp bobolarimizning koʻnglini nurlantirganiga shubha yoʻq.

...2026-yil 18-may kuni Hijoz gʻarbida joylashgan Madinai munavvaraga yetib bordik. Rasmiy nomi Al-Madina al-Munavvara. Shahar islom madaniyati va sivilizatsiyasi beshigi. Bir yarim millionga yaqin odam muqim yashaydi.

Biz shahar markazidagi “Marmara” mehmonxonasiga joylashdik. U Masjid un-nabaviy (paygʻambar masjidi)ga yaqin. Haj amallarini oson va qulay bajarishimiz uchun barcha sharoit muhayyo qilingan edi. Erkaklarga alohida, ayollarga esa adrasdan alohida liboslar tikilgan. Maxsus ishchi guruh vakillari doim yonimizda boʻldi, holimizdan xabar olib turdi. Shifokorlar, oshpazlar, ellikboshilar xizmati ham maqtovga munosib.

Madina shahrining avvalgi nomi Yasrib boʻlgan. Paygʻambarimiz uni “Madina” deb atadilar. Milodiy 622-yili Muhammad alayhissalom Yasribga hijrat qilganlar. Kelgach, shaharda bir uy qurdilar, uning yonida masjid tikladilar. “Yasrib” nomi Qurʼoni karimning “Al-Ahzob” surasida keltirilgan. Oʻsha masjid bugun ming-ming odamni sigʻdira oladigan Masjid un-nabaviydir.

Ibodatlarni Masjid un-nabaviyda va paygʻambarimiz ravzalarida ado etdik. Masjidning ichi nihoyatda katta va kengligini koʻrib, yoqa ushladim. Shunchalar mahobatli, nazarimda, butun olam masjidga aylangan edi.

Paygʻambarimiz Makkai mukarramadan Madinaga hijrat qilib yoʻlga chiqqanlarida ul zot mingan tuya bir yerda choʻkadi. Rasululloh “Tuya maʼmurdir”, deya qay yerda toʻxtashni tuyaning oʻziga qoʻyganlar. Xuddi shu yerda islom olamida birinchi masjid sanalgan Qubo masjidi bunyod etilgan. Paygʻambarimiz shanba kunlari masjidga goh piyoda, goh ulovda kelib, ikki rakat namoz oʻqir ekanlar.

Madina shahri atrofidagi muqaddas joylarga ham bordik. Muhim jang boʻlgan Uhud togʻi, u yerdagi qabristonni ziyorat qildik. Paygʻambarimizning “Bu Uhuddir. U bizni yaxshi koʻradigan, biz ham uni yaxshi koʻradigan togʻdir” degan soʻzlari mashhur. Yana, Madinaning xurmozorlari juda ajoyib, serfayz.

Makkai mukarramada

Islom olamining markazi — Makka shahri koʻz oldimizda namoyon boʻldi. Uzoqda Masjid ul-haram yonidagi minorali soat koʻzga chalindi. Avtobusimiz yetib kelganda vaqt peshindan ogʻgan edi.

Bizni mehmonxona oldida muftiy, shayx Nuriddin Xoliqnazar boshliq bir guruh vatandoshlar kutib oldi. Hamma xursand, shukrona tuygʻusi koʻngillarni chulgʻagan.

Mehmonxona hashamatli, har xonasi ikki kishiga moʻljallangan. Biz — hamrohim, taniqli yozuvchi Komil Sindorov bilan uchinchi qavatdagi bir xonaga joylashdik.

Kechki taomdan soʻng barcha jamuljam Kaʼba ziyoratiga joʻnadik. Baytullohgacha bir oz masofa bor. Uning atrofida odam nihoyatda koʻp. Igna tashlansa, yerga tushmaydi. Hamma Kaʼbani tavof etishga talpinadi...

Biz muhtasham Kaʼba atrofida yetti marta aylandik. Mashhur hajar ul-asvad — qoratoshni koʻrdik. Safo va Marvo togʻlari orasida yetti marta borib keldik. Mashhur manzillar — Mino vodiysi, Odam Ato bilan Momo Havo uchrashgan Arafot togʻi va Muzdalifada boʻlib, ibodat qildik.

Koʻnglimiz nurafshon edi. Muqaddas haj safarini munosib ado etdik. Bir olam taassurotga ega boʻldik. Ayni paytda “Prezident hojisi” masʼuliyati zimmamizga yuklanganini barchamiz yurakdan his etardik. Yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlar orasida ezgulik, mehr-oqibat, shukronalik gʻoyalarini yoyish, xalqimiz tinchligi, yurtimiz farovonligi, davlatimiz rahbarining elga mehr-eʼtibori borasida uchrashuvlar oʻtkazishni maqsad qildik.

Xushxabar

Haj amallarini bajarish jarayoni oxiriga yetayotgan pallalar yurtimizdan xushxabar keldi. Prezidentimiz farmoniga muvofiq, koʻplab sanʼatkorlar, shoirlar, madaniyat arboblari davlatimizning yuksak mukofotlariga loyiq koʻrilibdi. Biz darhol mukofot sohiblarini tabriklashga shoshildik. Ha, mehnat qilgan qadr topadi.

Farmonda shoir va yozuvchilarga har yili 50 ta asar uchun ijodiy buyurtma berish, oʻzbek adabiyotining eng yaxshi 10 ta asarini xorijiy tillarga tarjima qilish va mualliflar ishtirokida chet ellarda taqdimotlar oʻtkazish, Yozuvchilar uyushmasi tavsiyasiga koʻra kitoblarni nashr etishda qogʻoz bilan bogʻliq xarajatlarni davlat tomonidan qoplash koʻrsatib oʻtilgan.

Bu — biz, ijodkorlar uchun juda katta imkoniyat! Demak, yangi kitoblar yoziladi, oʻquvchilar safi kengayadi, adabiyot boyiydi. Ijodiy buyurtma — hozir eng adolatli yoʻl. Buning natijasida yozuvchining xalq, oʻquvchilari va oʻzi oldida masʼuliyati ortadi.

Oʻzbek adabiyotining eng yaxshi 10 ta asarini xorijiy tillarga tarjima qilish va muallif ishtirokida chet ellarda taqdimotini oʻtkazish yozuvchilarimizning azaldan shirin orzusi edi. Bu — yangi Oʻzbekiston adabiyotini dunyoga olib chiqishda katta imkoniyat.

Farmonda soha vakillarini qiynab turgan hamma muammolar yechimi aniq belgilab qoʻyilgan. Endi, biz — yozuvchilarga faqat bir ish qoldi: yozish, yozish, yozish...

Yangi Oʻzbekiston dunyoga chiqmoqda. Uchinchi Renessans poydevorini qurish sari dadil qadam qoʻyilmoqda. Sanoat rivojlanmoqda, yurt obod boʻlmoqda. Goh u shahar yoki viloyatda xalqaro forumlar boʻlib turibdi. Koʻp mamlakatlarda iqtisodiy tarangliklar yuz berayotganda yurtimizga investitsiya oqib kelmoqda. Kuni kecha Toshkentda oʻtkazilgan iqtisodiy forumda ham turli davlatlardan 4000 dan ortiq investor ishtirok etdi. Hali eshik qoqib turganlari qancha...

Bunday ishlar mard va matonatli xalqimizning qaddini koʻtarmoqda, hayotga, Prezidentimizga hamda oʻziga ishonchini orttirmoqda.

Davlatimiz mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarorda “Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh gʻoya tanlandi.

Bu shu ona tuproqning farzandlari, fidoyilari boʻlgan buyuk ajdodlar orzulari, Amir Temur, Alisher Navoiy, jadid bobolarimiz niyat qilgan, intilgan, kurashgan, jonfido etgan oliyshon maqsadlar edi. Ne tongki, bu gʻoya bugun Prezidentimiz boshchiligida Oʻzbekistonning shioriga aylandi, jahonga aytilgan soʻzi boʻlib jarangladi!

Muhammad ALI,

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi