Har xil safarlar boʻladi. Dunyo kezish, xizmat safari, ijodiy safarlar, oddiy sayru sayohatlar... Hammasi ham zarur, lekin bir safar borki, musulmon farzandi esini tanigandanoq unga borishni orzu qiladi, mablagʻ yigʻib, tayyorlanadi...
Bu — muqaddas haj safari.
Bu ziyoratni ado etib kelish nasib
etganlar oʻzini nihoyatda baxtiyor sezadi, tili shukrona aytishdan boʻshamaydi.
Shu maʼnoda, navbatdagi safarimdan hali-hanuz hayratdaman. Nasib etganiga shukr
qilaman. Bir guruh saodatmandlar qatorida “Prezident hojilari” safiga
qoʻshilganimdan boshim osmonga yetdi! Bu yolgʻiz mening emas, hamsafarlarimning
ham soʻzlari. Ular safida Vatanimizning hamma hududidan kelgan, halol mehnati,
turmush tarzi, axloq-odobi bilan boshqalarga oʻrnak boʻlgan yurtdoshlarimiz bor
edi.
Ha,
bu juda qutlugʻ safar boʻldi! Tashabbus Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga
tegishlidir. Bu quruq soʻz emas, doʻstlar, elga, xalqqa xizmat qilish, yurtni
oʻylash, insonlarni ruhlantirishning yuksak namunasi degan boʻlardim. Buning
ustiga, qutlugʻ safarimiz Qurbon hayiti munosabati bilan xayriya sifatida
davlatimiz rahbari hisobidan qoplanganini eshitgach, Prezidentimizga hurmatimiz
yanada oshib ketdi!
Odami ersang, demagil odami,
Onikim yoʻq, xalq gʻamidin
gʻami,
deb
yozgan edi Hazrat Alisher Navoiy. Oʻz vaqtida buyuk bobomiz ham Hirot xalqining
bir yillik xirojini toʻlab, xalqning duosini olgan ekan.
Rivoyatlar diyori
Safarga
kuzatish jarayoni bayramga aylanib ketdi. “Prezident hojilari”ning kayfiyati
aʼlo edi. Samolyotga oʻtirar ekanman, yana Alisher Navoiyni esladim. Ulugʻ
shoir haj safariga ikki-uch bor taraddud koʻrgan, lekin mamlakatdagi notinch
sharoit unga imkon bermagan. Kamina ulugʻ shoirimizga bagʻishlangan “Mangu
quyosh” tarixiy romanimda shu haqda mulohaza yuritgan edim. Mavzuga tegishli
boʻlgani sababli romandan kichik parcha keltirishga jurʼat etdim:
“...Yoshlik
zamonlaridan boshlab Navoiy koʻnglida islom hajini ado etish niyati, xayr
ul-anom alayhis salavotu vasallamning muborak ravzalarini ziyorat qilish orzusi
oromini oʻgʻirlardi. Hayhot, Yo Rab, Yasribu Bathoga bormak qachon nasib aylar
ekan, qachon Makkai mukarramaga borgʻaymen, Masjid ul-haramda ibodat
qilgʻaymen, Zamzam bulogʻi boʻyida dil-dilimdan tarona kuylagʻaymen, koʻz
yoshlarimdan ul buloqni dengizga aylantirgʻaymen, qachon Madinai munavvarada
boʻlgʻaymen, Rasululloh ravzalarini ziyorat etgʻaymen deb xayollarga erk
berardi...”.
Bunday
orzular juda koʻp bobolarimizning koʻnglini nurlantirganiga shubha yoʻq.
...2026-yil
18-may kuni Hijoz gʻarbida joylashgan Madinai munavvaraga yetib bordik. Rasmiy
nomi Al-Madina al-Munavvara. Shahar islom madaniyati va sivilizatsiyasi
beshigi. Bir yarim millionga yaqin odam muqim yashaydi.
Biz
shahar markazidagi “Marmara” mehmonxonasiga joylashdik. U Masjid un-nabaviy
(paygʻambar masjidi)ga yaqin. Haj amallarini oson va qulay bajarishimiz uchun
barcha sharoit muhayyo qilingan edi. Erkaklarga alohida, ayollarga esa adrasdan
alohida liboslar tikilgan. Maxsus ishchi guruh vakillari doim yonimizda boʻldi,
holimizdan xabar olib turdi. Shifokorlar, oshpazlar, ellikboshilar xizmati ham
maqtovga munosib.
Madina
shahrining avvalgi nomi Yasrib boʻlgan. Paygʻambarimiz uni “Madina” deb
atadilar. Milodiy 622-yili Muhammad alayhissalom Yasribga hijrat qilganlar.
Kelgach, shaharda bir uy qurdilar, uning yonida masjid tikladilar. “Yasrib”
nomi Qurʼoni karimning “Al-Ahzob” surasida keltirilgan. Oʻsha masjid bugun
ming-ming odamni sigʻdira oladigan Masjid un-nabaviydir.
Ibodatlarni
Masjid un-nabaviyda va paygʻambarimiz ravzalarida ado etdik. Masjidning ichi
nihoyatda katta va kengligini koʻrib, yoqa ushladim. Shunchalar mahobatli,
nazarimda, butun olam masjidga aylangan edi.
Paygʻambarimiz
Makkai mukarramadan Madinaga hijrat qilib yoʻlga chiqqanlarida ul zot mingan
tuya bir yerda choʻkadi. Rasululloh “Tuya maʼmurdir”, deya qay yerda toʻxtashni
tuyaning oʻziga qoʻyganlar. Xuddi shu yerda islom olamida birinchi masjid
sanalgan Qubo masjidi bunyod etilgan. Paygʻambarimiz shanba kunlari masjidga
goh piyoda, goh ulovda kelib, ikki rakat namoz oʻqir ekanlar.
Madina
shahri atrofidagi muqaddas joylarga ham bordik. Muhim jang boʻlgan Uhud togʻi,
u yerdagi qabristonni ziyorat qildik. Paygʻambarimizning “Bu Uhuddir. U bizni
yaxshi koʻradigan, biz ham uni yaxshi koʻradigan togʻdir” degan soʻzlari
mashhur. Yana, Madinaning xurmozorlari juda ajoyib, serfayz.
Makkai mukarramada
Islom
olamining markazi — Makka shahri koʻz oldimizda namoyon boʻldi. Uzoqda Masjid
ul-haram yonidagi minorali soat koʻzga chalindi. Avtobusimiz yetib kelganda
vaqt peshindan ogʻgan edi.
Bizni
mehmonxona oldida muftiy, shayx Nuriddin Xoliqnazar boshliq bir guruh
vatandoshlar kutib oldi. Hamma xursand, shukrona tuygʻusi koʻngillarni
chulgʻagan.
Mehmonxona
hashamatli, har xonasi ikki kishiga moʻljallangan. Biz — hamrohim, taniqli
yozuvchi Komil Sindorov bilan uchinchi qavatdagi bir xonaga joylashdik.
Kechki
taomdan soʻng barcha jamuljam Kaʼba ziyoratiga joʻnadik. Baytullohgacha bir oz
masofa bor. Uning atrofida odam nihoyatda koʻp. Igna tashlansa, yerga
tushmaydi. Hamma Kaʼbani tavof etishga talpinadi...
Biz
muhtasham Kaʼba atrofida yetti marta aylandik. Mashhur hajar ul-asvad —
qoratoshni koʻrdik. Safo va Marvo togʻlari orasida yetti marta borib keldik.
Mashhur manzillar — Mino vodiysi, Odam Ato bilan Momo Havo uchrashgan Arafot
togʻi va Muzdalifada boʻlib, ibodat qildik.
Koʻnglimiz
nurafshon edi. Muqaddas haj safarini munosib ado etdik. Bir olam taassurotga
ega boʻldik. Ayni paytda “Prezident hojisi” masʼuliyati zimmamizga yuklanganini
barchamiz yurakdan his etardik. Yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlar orasida
ezgulik, mehr-oqibat, shukronalik gʻoyalarini yoyish, xalqimiz tinchligi,
yurtimiz farovonligi, davlatimiz rahbarining elga mehr-eʼtibori borasida
uchrashuvlar oʻtkazishni maqsad qildik.
Xushxabar
Haj
amallarini bajarish jarayoni oxiriga yetayotgan pallalar yurtimizdan xushxabar
keldi. Prezidentimiz farmoniga muvofiq, koʻplab sanʼatkorlar, shoirlar,
madaniyat arboblari davlatimizning yuksak mukofotlariga loyiq koʻrilibdi. Biz
darhol mukofot sohiblarini tabriklashga shoshildik. Ha, mehnat qilgan qadr
topadi.
Farmonda
shoir va yozuvchilarga har yili 50 ta asar uchun ijodiy buyurtma berish, oʻzbek
adabiyotining eng yaxshi 10 ta asarini xorijiy tillarga tarjima qilish va
mualliflar ishtirokida chet ellarda taqdimotlar oʻtkazish, Yozuvchilar
uyushmasi tavsiyasiga koʻra kitoblarni nashr etishda qogʻoz bilan bogʻliq
xarajatlarni davlat tomonidan qoplash koʻrsatib oʻtilgan.
Bu —
biz, ijodkorlar uchun juda katta imkoniyat! Demak, yangi kitoblar yoziladi,
oʻquvchilar safi kengayadi, adabiyot boyiydi. Ijodiy buyurtma — hozir eng
adolatli yoʻl. Buning natijasida yozuvchining xalq, oʻquvchilari va oʻzi oldida
masʼuliyati ortadi.
Oʻzbek
adabiyotining eng yaxshi 10 ta asarini xorijiy tillarga tarjima qilish va
muallif ishtirokida chet ellarda taqdimotini oʻtkazish yozuvchilarimizning
azaldan shirin orzusi edi. Bu — yangi Oʻzbekiston adabiyotini dunyoga olib
chiqishda katta imkoniyat.
Farmonda
soha vakillarini qiynab turgan hamma muammolar yechimi aniq belgilab qoʻyilgan.
Endi, biz — yozuvchilarga faqat bir ish qoldi: yozish, yozish, yozish...
Yangi
Oʻzbekiston dunyoga chiqmoqda. Uchinchi Renessans poydevorini qurish sari dadil
qadam qoʻyilmoqda. Sanoat rivojlanmoqda, yurt obod boʻlmoqda. Goh u shahar yoki
viloyatda xalqaro forumlar boʻlib turibdi. Koʻp mamlakatlarda iqtisodiy
tarangliklar yuz berayotganda yurtimizga investitsiya oqib kelmoqda. Kuni kecha
Toshkentda oʻtkazilgan iqtisodiy forumda ham turli davlatlardan 4000 dan ortiq
investor ishtirok etdi. Hali eshik qoqib turganlari qancha...
Bunday
ishlar mard va matonatli xalqimizning qaddini koʻtarmoqda, hayotga,
Prezidentimizga hamda oʻziga ishonchini orttirmoqda.
Davlatimiz
mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni
oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarorda “Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot
va kelajak yaratamiz!” degan bosh gʻoya tanlandi.
Bu
shu ona tuproqning farzandlari, fidoyilari boʻlgan buyuk ajdodlar orzulari,
Amir Temur, Alisher Navoiy, jadid bobolarimiz niyat qilgan, intilgan,
kurashgan, jonfido etgan oliyshon maqsadlar edi. Ne tongki, bu gʻoya bugun
Prezidentimiz boshchiligida Oʻzbekistonning shioriga aylandi, jahonga aytilgan
soʻzi boʻlib jarangladi!
Muhammad ALI,
Oʻzbekiston xalq yozuvchisi