Bu Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 13 oktabrdagi «Ilgʻor “yashil” texnologiyalar asosida issiqxona xoʻjaliklarini rivojlantirish va aholi tomorqa yer maydonlaridan samarali foydalanish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarorida belgilangan.
Qarorga ko‘ra, qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilari uchun qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi nol foiz etib belgilanadi. Shuningdek, qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilari va baliq xoʻjaligi korxonalarining o‘zi ishlab chiqargan mahsulotni realizatsiya qilishdan olgan foydasiga foyda soligʻining nol foizlik stavkasi qoʻllaniladi.
Issiqxona faoliyatidan olingan daromad joriy hisobot davridagi jami daromadning kamida 60 foizini tashkil etgan xoʻjaliklar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 2026 yil 1 yanvardan 2029 yil 1 yanvarga qadar 1 foiz etib belgilangan.
2027 yil 1 yanvardan 2030 yil 1 yanvarga qadar issiqxona faoliyatidan olinadigan daromadi jami daromadning kamida 60 foizini tashkil etgan tadbirkorlik subyektlari uchun yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi va mol-mulk soligʻi stavkalari 50 foizga kamaytiriladi.
2026 yil 1 noyabrdan 2030 yil 1 apreligacha energiya tejovchi maxsus qoplanma «ko‘rpa» bilan qoplangan yoki energiya samarador “yashil” isitish vositalaridan foydalanayotgan issiqxona xoʻjaliklariga oktyabr–mart oylarida isteʼmol qilingan elektr energiyasi qiymatining 50 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi.
Bunda issiqlik nasoslari, geotermal isitish tizimlari, quyosh issiqlik tizimlari va elektr energiyasi asosidagi yuqori samarali isitish tizimlaridan foydalanish nazarda tutilgan.
Energiya samaradorligi milliy agentligi 2030 yil 1 yanvarga qadar Toshkent viloyatining Toshkent, Zangiota, Qibray, Yangiyoʻl va Yuqori Chirchiq tumanlarida aholi tomorqalaridagi issiqxonalarni isitish uchun energiya tejamkor uskunalarni xarid qilish va oʻrnatish xarajatlarining 40 foizini qoplab beradi. Bir martalik subsidiya miqdori 100 mln soʻmdan oshmaydi.
Subsidiya quyosh panellari, issiqlik nasoslari, infraqizil isitish moslamalari va boshqa energiya tejamkor uskunalar uchun ajratiladi.
Shuningdek, Kambagʻallikni qisqartirish maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Toshkent viloyatining issiqxonachilikka ixtisoslashgan 50 ta mahallasida har bir oilaga 200 mln soʻmgacha subsidiya berish belgilangan.
Markaziy bank oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish doirasida tajriba tariqasida tomorqa va dehqon xoʻjaligi uchun yer maydoniga ega jismoniy shaxslarga imtiyozli kreditlar ajratadi.
Bunda “yashil” texnologiyalarga asoslangan issiqxona barpo etish uchun 300 mln soʻmgacha, mavjud issiqxonalarni qayta jihozlash uchun esa 150 mln soʻmgacha kredit berish nazarda tutilgan.
Issiqxonalarni tashkil etish va ijtimoiy daftarlari boʻyicha subsidiya ajratish jarayonlarida Adliya vazirligi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi masʼul hisoblanadi.