Qonunga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasida lotin yozuviga asoslangan, 28 ta harf va 1 ta tutuq belgisidan iborat oʻzbek alifbosi joriy etiladi. Shu tariqa, amaldagi 26 ta harf va 3 ta harflar birikmasi oʻrniga 28 ta harf hamda 1 ta tutuq belgisidan foydalaniladi.

Yangi alifbo tarkibi quyidagicha belgilangan:

A a, B b, D d, E e, F f, G g, Gʻ gʻ, H h, I i, J j, K k, L l, M m, N n, O o, Oʻ oʻ, P p, Q q, R r, S s, Sh sh, Ch ch, T t, U u, V v, X x, Y y, Z z va ʼ (tutuq belgisi).

Qonunda eski shakldagi harflar mavjud boʻlgan hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qogʻozlarning amal qilishi hamda muomalada boʻlishi davom etishi belgilangan. Bunday holat ularning huquqiy kuchiga taʼsir qilmaydi.

Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining avvalgi shakldagi harflar aks etgan ramziy belgilari va boshqa atributlari, binolardagi Davlat gerbining boʻrtma tasvirlari, geografik obyektlar nomlari tushirilgan peshlavha va koʻrsatkichlar hamda Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan boshqa ashyolar va manbalardan ular yaroqsiz holatga kelguniga yoki Qonun ijrosiga doir chora-tadbirlar dasturida belgilangan muddatga qadar foydalaniladi.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran olti oy oʻtgach kuchga kiradi.