Bu haqida Oliy sud matbuoggt xizmati ma'lum qildi. 

Ma'lum qilinishicha, Oliy sud huzurida muayyan sabablarga ko‘ra reabilitatsiya qilinmay qolgan qatag'on qurbonlarining nomlarini oqlash masalalari bo‘yicha maxsus ishchi guruh faoliyat yuritmoqda.

Keyingi yillarda sovet davrida qatag'on qilingan 1 236 nafar vatandosh reabilitatsiya qilinib, oqlangan.

Kuni kecha Oliy sudga Turkfrontning Farg‘ona qo‘shinlar guruhi Harbiy kengashi qoshidagi Farg‘ona maxsus bo‘limi hamda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi qoshidagi «Uchlik» kengashining 1920–1934 yillardagi qarorlari asosida ayblangan bir guruh shaxslarga oid jinoyat ishlari kelib tushgan.

Ishchi guruh tomonidan mazkur ishlar o‘rganib chiqilib, 2026 yil 6 may kuni bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlislarida Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasiga asosan 8 ta jinoyat ishi bo‘yicha 161 nafar shaxsga nisbatan Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati apellyatsiya instansiyasining oqlov hukmlari chiqarildi.

Shu tariqa, yillar davomida nohaq ayblangan vatandoshlar nomlari oqlanib, tarixiy adolat tiklandi.

2026 yil 6 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan reabilitatsiya qilinib, oqlangan qatag'on qurbonlari RO‘YXATIni havola orqali kirib tanishishingiz mumkin.