Bugun mamlakatning mustaqilligi uning iqtisodiy imkoniyatlari, ilmiy salohiyati, texnologik taraqqiyoti, inson kapitali, shuningdek, taʼlim tizimi, boshqaruv sifati va jahon iqtisodiyotida munosib oʻrin egallay olishi bilan ham belgilanadi. Shu nuqtai nazardan, istiqlolimizning muborak 35 yilligi nishonlanayotgan ayni kunlar biz uchun yangi savollarni oʻrtaga qoʻyadi.
Oʻttiz besh yilda
qanday davlat barpo etdik? Qanday iqtisodiy salohiyat yaratildi? Taʼlim tizimi,
ilm-fanning jamiyat taraqqiyotidagi oʻrni qay darajada oʻzgardi? Inson
kapitaliga munosabat qanday yangilandi? Yoshlarning bilim va kasbiy imkoniyati
qay darajada kengaydi? Oʻzbekistonning dunyodagi iqtisodiy va intellektual
mavqeini yanada mustahkamlash uchun qaysi vazifalarni hal etishimiz kerak?
Savol koʻp, javob ham bor. Asosiysi, ular mustaqillikni mazmunan anglash uchun
juda muhim.
Mustaqillik,
avvalo, insonning, jamiyatning, davlatning oʻz yoʻlini mustaqil belgilash
qobiliyatidir. Biz ana shu imkoniyatni yangi sifat bosqichiga olib chiqish
vazifasi bilan yuzma-yuz turibmiz. Zamonaviy dunyoda tabiiy resurslar,
geografik mavqe yoki ishlab chiqarish quvvatlari muhim ahamiyatga ega. Ammo
uzoq muddatli taraqqiyotning asosiy omili bilim, malaka va ijodkorlik
salohiyatidir.
Soddaroq qilib
aytganda, mamlakatlar oʻrtasidagi raqobat tobora koʻproq inson kapitali, bilim
va texnologiyalar raqobatiga aylanmoqda. Ilmiy kashfiyotlar, raqamli
texnologiyalar, sunʼiy intellekt, zamonaviy ishlab chiqarish, innovatsion
iqtisodiyot va yangi kasblar davlatlarning iqtisodiy salohiyatini belgilab
beryapti. Bunday sharoitda Oʻzbekiston uchun ham eng katta strategik
vazifalardan biri — raqobatbardosh inson kapitalini shakllantirish.
Taʼlim tizimini
modernizatsiya qilish, oliy taʼlim qamrovini kengaytirish, ilmiy tadqiqot
faoliyatini ragʻbatlantirish, yoshlarning xorijiy tillar va zamonaviy
texnologiyalarni egallashi uchun imkoniyatlarni kengaytirish — bularning
barchasi mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyoti uchun xizmat qiladi. Biroq
yangi bosqich boshlanmoqda. Endi masala taʼlimga koʻproq yoshlarni jalb qilish
bilan birga ularga raqobatbardosh bilim berish, ilm-fanni real iqtisodiy va
ijtimoiy taraqqiyot bilan bogʻlash, universitetlarni bilim va innovatsiya
markazlariga aylantirishdan iborat.
Ushbu
tendensiyani, jumladan, Fargʻona viloyatining keyingi yillardagi taraqqiyot
dinamikasi misolida ham yaqqol koʻrish mumkin. Fargʻona azaldan aholisi zich,
mehnatsevar, tadbirkorlik salohiyati yuqori va madaniy-intellektual anʼanalari
boy hudud sifatida mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotida muhim oʻrin egallab
kelgan. Viloyat istiqboli uchun mavjud salohiyatni zamonaviy texnologiyalar,
innovatsiyalar, sifatli taʼlim va yuqori malakali kadrlar bilan
uygʻunlashtirish alohida ahamiyat kasb etadi. Hududdagi oliy taʼlim
muassasalari ayni jarayonda muhim intellektual tayanch boʻlishi kerak. Xususan,
Fargʻona davlat universiteti uchun ham bu vazifa alohida masʼuliyat yuklaydi.
Oliy taʼlim
muassasasi faqat diplom beradigan tashkilot emas. Zamonaviy universitet
ilm-fan, taʼlim, innovatsiya, madaniyat va jamiyat taraqqiyoti kesishadigan
intellektual makondir. Fargʻona davlat universitetining koʻp yillik tarixi va
ilmiy-pedagogik salohiyati bizga ana shu vazifalarni yanada yuqori darajada
bajarish imkonini beradi.
Universitet oldida
turgan asosiy vazifa zamonaviy bilimga ega, mustaqil fikrlaydigan, kasbiy
jihatdan raqobatbardosh, jamiyat oldidagi masʼuliyatini anglaydigan va oʻz
sohasida yangi qiymat yarata oladigan mutaxassislarni tayyorlashdir. Buning
uchun OTMda oʻqitish sifati birinchi oʻrinda turishi kerak. Taʼlim jarayoni
zamonaviy mehnat bozori talablariga moslashishi, talabalarning tadqiqotchilik
qobiliyati rivojlantirilishi, professor-oʻqituvchilarning ilmiy salohiyati
qoʻllab-quvvatlanishi zarur.
Ayni paytda
universitetning jamiyatdagi oʻrnini ham kengaytirish muhim. Oliygoh oʻz
hududidagi iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy jarayonlarni ilmiy tahlil qiladigan,
amaliy takliflar ishlab chiqadigan, innovatsion gʻoyalarni
qoʻllab-quvvatlaydigan va yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratadigan markaz
boʻlishi lozim. Zotan, uning haqiqiy nufuzi ilmiy maktablari, professorlari,
innovatsiyalari, xalqaro aloqalari va jamiyat taraqqiyotiga qoʻshayotgan
hissasi bilan belgilanadi.
Mustaqillikning
dastlabki yillarida dunyoga kelgan avlod bugun mamlakat hayotining faol
ishtirokchilariga aylangan. Bu juda muhim tarixiy holat. Oʻttiz besh yil avval
mustaqillikni qaror toptirish jarayonida ishtirok etgan avlod bilan bugungi
yoshlarning hayotiy tajribasi bir-biridan farq qiladi. Uchinchi ming yillikda
tugʻilgan avlod ochiq axborot makonida, raqamli texnologiyalar muhitida, global
iqtisodiy va madaniy aloqalar kuchaygan sharoitda voyaga yetmoqda.
Demak, ularning
imkoniyati ham, ular oldidagi talablar ham katta. Shu sababli yoshlarga faqat
bilim berish emas, ularni mustaqil fikrlash, masʼuliyatli qaror qabul qilish,
oʻz sohasida yuqori natija koʻrsatish va dunyo miqyosida raqobatlasha olishga
tayyorlash zarur.
Shubhasiz, har bir
davr zamona kishilari qarshisiga oʻz vazifalarini qoʻyadi. Masalan,
mustaqillikning dastlabki bosqichida davlatchilik asoslarini yaratish muhim
edi. Keyingi davrda iqtisodiy va ijtimoiy tizimlarni takomillashtirish,
islohotlarni amalga oshirish vazifasi ustuvor boʻldi. Bugun esa sifat
bosqichiga kiryapmiz. Ushbu bosqichda davlat institutlarining samaradorligi,
taʼlim sifati, ilm-fan natijadorligi, iqtisodiyotning raqobatbardoshligi,
boshqaruv madaniyati, inson kapitali va innovatsion salohiyat hal qiluvchi
oʻrin tutadi.
Shu bilan birga,
oldimizdagi vazifalarni ham aniq belgilashimiz kerak. Keyingi oʻn yilliklar
bizdan davlat boshqaruvining yangi sifatini, iqtisodiy taraqqiyotning yangi
modellarini, taʼlim va ilm-fanning yangi natijalarini talab qiladi. Shu
maʼnoda, Fargʻona davlat universiteti jamoasi uchun bu bayram alohida mazmun
kasb etadi. Biz OTMni mamlakat taraqqiyotining umumiy jarayonidan tashqarida
tasavvur qila olmaymiz. Negaki biz uchun faqat yaxshi mutaxassis tayyorlashning
oʻzi yetarli emas. Yangi bilim yaratadigan, yangi gʻoyalarni ilgari suradigan, ilmiy
va ijtimoiy muammolarga yechim taklif qiladigan, iqtisodiyot va jamiyatning
real ehtiyojlariga javob beradigan intellektual muhitni shakllantirishimiz
zarur.
Oliygoh
ilmiy-pedagogik salohiyati, koʻp tarmoqli taʼlim yoʻnalishlari va katta jamoasi
bilan bu vazifalarni bajarish uchun zarur imkoniyatlarga ega. Endi asosiy
masala — imkoniyatlarni yanada yuqori natijaga aylantirish.
Davlatchilik
doimiy ravishda takomillashib boradi. Iqtisodiyot yangi talablarga moslashadi.
Taʼlim berish va olish jarayoni, shakllari oʻzgaradi. Ilm-fan yangi vazifalarni
qabul qiladi. Jamiyatning ehtiyojlari yangilanadi. Demak, mustaqillikning
mazmuni ham har bir tarixiy bosqichda yangi qirralar bilan boyib boradi.
Bizningcha, bugun mustaqillikni mustahkamlashning eng muhim shartlaridan biri
mamlakatning inson, bilim va texnologiyaga tayangan taraqqiyot modelini yanada
kuchaytirishdir.
Bizga kelgusi
davrda katta maqsadlar, aniq strategiya va professional ijro kerak. Bilimli
yoshlar, kuchli universitetlar, samarali ilm-fan, raqobatbardosh iqtisodiyot va
oʻz sohasida yuqori natija koʻrsata oladigan mutaxassislar lozim. Eng muhimi,
oʻz kelajagini oʻzi belgilay oladigan, imkoniyatlarini toʻliq roʻyobga
chiqaradigan va taraqqiyot uchun masʼuliyatni his qiladigan jamiyat qurish yoʻlidan
aslo ogʻishmasligimiz shart.
Bugungi vazifa ana
shu masʼuliyatni yangi avlodlar zimmasiga munosib tarzda yetkazish, ularga
sifatli taʼlim va keng imkoniyatlar berish, mamlakatimizning intellektual va
iqtisodiy salohiyatini yanada yuksaltirishdan iborat. Hozir ana shu haqiqatni
yana bir bor anglash, kelajakka katta ishonch bilan qarash va keyingi
taraqqiyot bosqichi uchun yangi maqsadlarni belgilashning ayni vaqti. Biz bu
masʼuliyatni qanchalik chuqur anglasak, kelajak shunchalik mazmunli, taraqqiyotimiz
shunchalik samarali va avlodlar oldidagi burchimiz munosib ado etilgan boʻladi.
Bahodirjon
ShERMUHAMMADOV,
Fargʻona
davlat universiteti rektori,
pedagogika fanlari doktori, professor