Buni bugun shoirning oʻzi ham yaxshi anglaydi. Shu bois, sheʼrni kitobxon bilan uchrashtirishning yangi yoʻllari izlanyapti. Turli adabiy loyihalar, mushoiralar, videokontentlar, noodatiy taqdimot va muloqot shakllari sinab koʻrilmoqda. Maqsad sheʼriyatning mohiyatini oʻzgartirishdan koʻra, unga doir joʻn va eskirgan tasavvurlarni yangilash, odamlarga uning imkoniyatlarini qaytadan koʻrsatish.
Xivada oʻtkazilgan “Yangi Oʻzbekiston
mushoirasi” haqida yozishga kirishganimda shu masala meni ham oʻylantirdi. Tadbirda
kimlar qatnashgani, qaysi shoir qanday sheʼr oʻqiganiyu ijodkorlarning taassurotlarini
ketma-ket intervyu shaklida berish mumkin edi. Zotan bu amaliyotda sinalgan, oʻquvchiga
ham tanish usul. Biroq u mushoirada paydo boʻlgan savollarga javob topish imkonini
bermasdi. Shuning uchun bu safar Xivada nimalar boʻlganini hikoya qilishdan oldin
boshqa bir savolga javob izlashni maʼqul koʻrdik. Nega insoniyat ming yillardan
beri sheʼr yozadi? Sheʼr bizga nima uchun kerak?
Sheʼr tabiatini tadqiq etarkanmiz,
masalani shunga yaqin savoldan boshlaymiz: agar biror gapni shunchaki aytish
mumkin boʻlsa, uni sheʼr vositasida ifodalashga qanday ehtiyoj bor? Gap
shundaki, sheʼrni boshqa soʻzlar bilan qayta hikoya qilib, undagi voqea yoki
fikr haqida deyarli hamma narsani aytish mumkin. Shunga qaramay, oʻsha
sheʼrning oʻzini qayta yaratib boʻlmaydi. Chunki poetik asarda maʼno faqat
soʻzlarning lugʻaviy mazmunida yashamaydi. Ritm, takror, qofiya, tovush,
soʻzlarning joylashuvi, ular orasidagi uygʻunlik ham umumiy mazmunni hosil
qilishda qatnashadi. Shu bois, sheʼrni murakkab qurilgan maʼno sifatida koʻrish
kerak. Uning shakli olib tashlansa, oʻrnida aynan oʻsha mazmun qolmaydi.
“Sogʻindim” degan xabar bilan
sogʻinch haqidagi yaxshi sheʼr bir xil mavzudan tugʻilishi mumkin. Birinchisi,
bizga insonning holatini bildiradi. Ikkinchisi esa, shu holatni bir muddat
boʻlsa-da, boshdan kechirish imkonini beradi. Vatan haqida soatlab maʼlumot
bersa boʻladi. Jumladan, uning tarixini raqamlarda koʻrsatish, bugungi
oʻzgarishlarini millionlab faktlar orqali bayon qilish mumkin. Sheʼr esa Vatan
tushunchasining muayyan inson xotirasi va kechinmasidagi tasvirini yuzaga
chiqaradi. Shu sabab sheʼriyatni axborotning bezatilgan shakli deb tushunish
uning asl imkoniyatini ancha toraytiradi.
Qadimgi poetik tafakkurni oʻrganib,
“psixologik parallelizm” deb ataladigan hodisaga eʼtibor qarataylik. Bugunga
qadar inson tashqi olamni ichki dunyosidan mutlaqo ajratib idrok etmagan:
tabiatdagi harakat bilan odamning holati, tashqarida sodir boʻlayotgan hodisa
bilan ichki kechinma doim yonma-yon boʻlgan. Daraxtning egilishi bilan
insonning bosh egishi kabi obrazlar oʻrtasida harakat va holat orqali ruhiy
aloqa yuzaga kelgan. Tashqi dunyo mudom insonning ichki tajribasi orqali maʼno
kasb etib kelgan. Oradan qancha davru davronlar oʻtmasin, yaxshi sheʼrda shu
xususiyatning parchalarini koʻrish mumkin. Shoir tashqaridagi voqelikni avval
ichki dunyosidan oʻtkazadi. Oʻquvchi esa oʻsha ichki tajriba orqali voqeaga
qaytadan qaraydi. Shu tariqa hammamizga tanish tushunchalar har bir ijodkorda
umuman boshqa mazmun, boshqa ohang, boshqa xotira bilan namoyon boʻladi.
Vatan ham shunday tushunchalardan.
Uning jugʻrofiy joylashuvi, aholisi,
shaharlari, iqtisodiy koʻrsatkichlari bor. Bular Vatanning aniq, oʻlchanadigan
jihatlari. Insonning Vatan haqidagi tasavvuri esa shu maʼlumotlarning
yigʻindisidan kattaroq. Kim uchundir u tugʻilgan uyi, bolalikda u eshitgan
biror jumla, ota-onasi, tili, tarixi, bolasi va hokazo. Bir tushuncha
millionlab odamlarning hayotida xuddi shuncha shaxsiy tajriba orqali yashaydi.
Adabiyot ana shu tajribalarni koʻrinadigan, eshitadigan, oʻqiydigan, his
qildiradigan holatga olib chiqadi. Quvonchu ogʻriqlarni oʻz chegarasidan-da
kengroq hajmda aks ettiradi.
Shu rakursdan qaraganda,
sheʼriyatning jamiyat hayotidagi vazifasi ham boʻyiga, ham eniga kengayadi. U
zamonni faqat voqealar ketma-ketligi sifatida qayd etmaydi, balki uning odam
tafakkuri va qalbida qoldirayotgan izini ham saqlaydi. Bugun oddiy koʻringan
bir kechinma yillar oʻtib, oʻsha davr kishisining dunyoni qanday koʻrganini
anglash uchun oʻta muhim boʻlishi mumkin. Tarix bilan sheʼriyatning farqi ham
shunda. Tarix nima sodir boʻlganini qayd etsa, adabiyot oʻsha voqealar orasida
yashagan odam nimalarni his qilganini ham kelajakka olib oʻtadi.
Shu sabab sheʼriyat faqat shoirning
oʻzini ifoda etishi bilan tugamaydi. Asarning ikkinchi hayoti uni boshqalar
oʻqiganida boshlanadi. Buning uchun esa sheʼr yozilishi va kitob holida nashr
etilishining oʻzi yetarli boʻlmay qoladigan paytlar bor. Shoir, oʻquvchi va
adabiy muhit uchrashadigan makon ham kerak. Mushoira ana shu masalaning
qadimdan mavjud juda sodda yechimlaridan biri. Xivada oʻtkazilgan “Yangi Oʻzbekiston
mushoirasi”ga ham shu nuqtadan qarash qiziq, albatta.
Prezidentimizning Xorazm viloyatiga
tashrifi davomida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etilgan
anjuman mamlakatning turli hududidan taniqli shoir va yozuvchilar, adabiyot
vakillari hamda yosh ijodkorlarni bir davrada jamladi. Oʻzbekiston Yozuvchilar
uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Oʻzbekiston xalq shoirlari Usmon Azim,
Xosiyat Bobomurodova, shuningdek, Rustam Musurmon, Farida Afroʻz, Zebo Mirzo,
Salim Ashur, Muhiddin Abdusamad, Shodi Otamurod, Nargiza Odinayeva, Muslim
Musallam, Islom Ali, Rashid Xoʻjamov, Rahmat Bobojon singari turli avlod
vakillari qatnashgan mushoirada Vatan, inson qadri, milliy oʻzlik va yurt
hayotidagi oʻzgarishlar bilan bogʻliq sheʼrlar yangradi. Bu yerda eʼtibor
berishga arziydigan jihat sheʼrlarning mavzusi bilan chegaralanmaydi. Turli
yosh, hudud va ijodiy tajribaga ega odamlarning bir davrada uchrashuvi
adabiyotning tabiiy rivoji uchun zarur muloqotni yuzaga keltiradi.
Ustoz shoirning sheʼrni qanday qurishi,
bugungi voqelikka qanday qarashi bilan endigina oʻz uslubini izlayotgan
ijodkorning qarashi bir xil boʻlishi shart emas. Ularning farqi ham adabiy
jarayonning bir qismi. Avlodlar almashgani sari mavzular saqlanib qolishi
mumkin. Ularni ifodalash yoʻsini va inson tajribasi oʻzgaradi.
Menimcha, anʼana oʻtmishda yaratilgan
shakllarni oʻzgarishsiz takrorlash uchun berilgan tayyor namuna emas. Zamonaviy
ijodkor undan oldin nima yaratilganini bilishi va shu tajriba bilan muloqotga
kirishishi kerak. Ruhi baland, tanqid qilish nisbatan qiyin boʻlgan mavzuni
sheʼrga olib kirishning oʻzi hali adabiy natijani kafolatlamaydi. Vatan haqida
yozilgan har qanday matn yaxshi sheʼr boʻlib qolmaganidek, zamonaviy
oʻzgarishlarni tilga olishning oʻzi asarga yangi ruh bagʻishlamaydi. Demak,
davrni sheʼriyatda aks ettirish uchun uning hodisalarini sanashdan koʻra, oʻsha
davr insonda qanday haqqoniy kechinma va savollar tugʻdirayotganini topish
muhimroq.
Bugungi Oʻzbekiston ham katta
ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy-maʼrifiy jarayonlarni boshdan kechirmoqda.
Sheʼrdan boshqa hamma matnlardagi raqamlar shundoq ham uning miqyosini
koʻrsatyapti. Sheʼriyat oldida boshqa talab turibdi: taraqqiy topayotgan muhit,
makon va zamon ichida odamning oʻzi qanday oʻzgarayotganini koʻrish, yozish va
tushuntirish.
Chunki mamlakat tushunchasi
oxir-oqibat inson hayotida konkretlashadi. Taraqqiyot haqidagi katta
gaplarning qiymati ham odamning kundalik hayotida qanday aks etayotgani bilan
baholanadi. Shu tufayli Vatan va inson mavzularini bir-biridan uzoq qoʻyib
boʻlmaydi. Yurt xususidagi jiddiy sheʼr bir vaqtning oʻzida odam haqidagi sheʼr
hamdir: uning xotirasi, tili, ota-onasi, farzandi, mehnati, orzusi, armoni va
oʻz kelajagini qanday tasavvur qilishi haqida.
“Yangi Oʻzbekiston mushoirasi”da Vatan,
yurt taqdiri, milliy oʻzlikning yonma-yon kelishi shu jihatdan mantiqli. Milliy
oʻzlik ham muzeyda saqlanadigan, tomosha qilish mumkin, biroq teginib
boʻlmaydigan chinni buyum emas. Har bir avlod uni oʻz tajribasida qayta
anglaydi. Oʻtmishdan nimani olib kelayotgani, bugungi hayotdan nimani qabul
qilayotgani, kelajak uchun nimani muhim deb bilayotgani orqali unga yangicha
mazmun-mohiyat qoʻshadi.
Xorazm uzoq davrlar davomida ilm,
yozuv, musiqa va adabiy tafakkur shakllangan hududlardan biri boʻlib kelgan.
Bugungi ijodkorlarning shu makonda zamonaviy Oʻzbekiston haqida gapirishi
oʻtmish bilan hozirgi kun oʻrtasida sunʼiy chegara tortmaslik kerakligini
eslatadi. Madaniyat yashashi uchun merosning mavjudligi kifoya qilmaydi.
Keyingi avlod u bilan gaplashishi, undan oʻz savollariga javob izlashi va oʻz
davrining tajribasini unga qoʻsha olishi kerak.
Shu maʼnoda, mushoira Xivada
tugamasligi ham muhim. Loyiha yil davomida respublikaning boshqa hududlarida
davom ettirilishi koʻzda tutilgan. Agar bunday uchrashuvlar haqiqiy adabiy
muloqotga aylansa, adabiyot markaziy davralardan tashqariga chiqadi. Turli
hududlardagi ijodkorlar va oʻquvchilar bir-birini osonroq topadi.
“Yangi Oʻzbekiston mushoirasi”ning
istiqboliga Vatan haqida qancha sheʼr oʻqilgani yoki nechta taniqli ijodkor
sahnaga chiqqani mezoni bilan qaramaslik kerak, nazarimda. Turli avlod va hudud
vakillari bugungi Oʻzbekistonni qanday koʻryapti, his qilyapti va bu tajribalar
oʻquvchi bilan qanchalik rost, badiiy jihatdan ishonarli muloqotga kirishyapti
— asosiy masala shunda.
Boisi, taʼkidlanganidek, har bir davr
raqamlar, hujjatlar, suratlar orqali izini tarixda qoldiradi. Bularsiz muayyan
bir zamonning manzarasini tiklab boʻlmaydi. Uning odamlar qalbida qanday
yashaganini bilish uchun esa boshqa bebaho manbalar ham kerak.
Sheʼr shular jumlasidan.
Azizbek YUSUPOV,
“Yangi Oʻzbekiston”
muxbiri