Miqyosi va tabiati turlicha bu ikki musobaqa mamlakatimiz sportining bugungi imkoniyatlari qayerga yetgani va xalqaro maydonda oldiga qanday vazifalar qoʻyayotganini koʻrsatadigan muhim jarayon sifatida kechmoqda.
Sentyabrning ikkinchi yarmi oʻzbek sporti uchun ana shunday qizgʻin,
tigʻiz va oʻziga xos tarixiy davrga aylandi. 15 sentyabr kuni Samarqandda 46-Butunjahon
shaxmat olimpiadasining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi va ertasiga asosiy
bahslarga start berildi.
Erkaklar oʻrtasida asosiy jamoamiz Vengriyaga hech bir taxtada
imkon qoldirmadi. Toʻrt partiya, toʻrtta gʻalaba va yakunda 4:0! Olimpiada darajasida
bunday yirik hisob jamoamizning kuchi, ishonchini koʻrsatib turibdi. Ayollar oʻrtasida
ham asosiy jamoamiz kuchli AQSH terma jamoasiga qarshi munosib bahsga kirishib,
durang qayd etdi. Kuchli raqibga qarshi bunday natija keyingi
bahslar oldidan yanada katta ishonch beradi.
Ushbu muvaffaqiyatlar
birdaniga paydo boʻlib qolgani yoʻq, ularning poydevori aynan katta sinovlar, unutilmas
dramatik bahslar va tarixiy lahzalarda toblangan. Jamoamiz xarakterining ildizlarini
his etish uchun yaqin oʻtmishga, shaxmat olamini larzaga keltirgan oʻsha mashhur
turnirga bir nazar tashlash kifoya qiladi.
2022 yilgi Chennay
Olimpiadasi. 10-tur. Dunyo yoshlar shaxmatining eng ramziy va shiddatli toʻqnashuvi:
Hindiston-2 va Oʻzbekiston. Oʻsha kuni hisob 2:1 koʻrinishida raqib foydasiga hal
boʻlayotgan, jamoamiz qaltis vaziyatda turgan ogʻir pallada barchasini bitta oʻyin
hal qilishi kerak edi.
Mezbonlarning 16 yoshli
vunderkindi Dommaraju Gukesh turnirda qatorasiga
8 ta gʻalaba bilan fenomenal oʻyin koʻrsatib, oʻyin davomida ustunlikka ega boʻlib
turgandi. Biroq eng masʼuliyatli va hal qiluvchi pallada Gukesh qoʻpol xatoga yoʻl
qoʻydi — Nodirbek Abdusattorov bu imkoniyatni qoʻldan boy bermay, fantastik gʻalabani
ilib ketdi va jamoamiz uchun hisobni tenglashtirdi. Boshqa taxtalarda Rameshbabu
Sindorovdan ustun kelgan boʻlsa, Nodirbek Yoqubboyev va Jahongir Vohidov oʻz partiyalarini
ishonchli durang bilan yakunladi. Natijada yakuniy hisob yana 2:2 boʻldi. Bu shiddatli
bahs orqali Oʻzbekiston magʻlubiyatsiz seriyasini saqlab qoldi, soʻnggi tur oldidan
peshqadamlik imkoniyatini boy bermadi va 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasi chempionligini
keltirgan tarixiy yoʻlni muvaffaqiyatli davom ettirdi.
Yaqin yillarda bu ikki
terma jamoa olimpiada doirasida ikki bor toʻqnash keldi va har ikkala bahs ham
2:2 hisobidagi jangovar durang bilan yakunlandi. 2022 yil Chennayda oʻtgan uchrashuvdan
soʻng Oʻzbekiston sensatsion tarzda olimpiada chempioniga aylangan boʻlsa,
2024 yilda Budapeshtdagi turnir yakunida oltin medallar Hindistonga nasib etdi.
Oʻsha tarkiblarning
asosiy vakillari bugun jahon shaxmatining yetakchi grossmeysterlariga aylangan va
endi ular yana, uchinchi bor olimpiada doirasida qarama-qarshi kelmoqda.
Oʻzbekiston ayni damda
1-oʻrinni egallab turibdi. Vengriyaga qarshi kechgan oʻyinda 4:0 hisobida gʻalaba
qozonib, ajoyib shiddat bilan barchani hayratda qoldirmoqda. Jamoamizning oʻrtacha
reytingi — 2720. Turnirning 2-raqamli jamoasi va 2024 yilgi olimpiada chempionlari
boʻlmish Hindiston hozir 3-pogʻonada bormoqda. Ularning oʻrtacha reytingi —
2735.
Nega bu oʻyin turnirda hal qiluvchi ahamiyatga ega? Musobaqaning asosiy daʼvogarlaridan
biri boʻlgan AQSH terma jamoasi ochko yoʻqotdi. Germaniya kabi kuchli raqiblar ham
oldinda, biroq amaldagi chempion Hindiston ustidan qozonilgan gʻalaba shaxmatchilarimizga
chempionlik poygasida ulkan ustunlik taqdim etadi va oltin medallar sari juda jiddiy
qadam tashlanadi. Hindiston jamoasi bilan kechgan juda muhim bahsda Javohir Sindorov,
Nodirbek Abdusattorov va Shamsiddin Vohidov raqiblari bilan durang oʻynagan boʻlsa,
Nodirbek Yoqubboyevning Nihal Sarindan ustun kelishi 2,5:1,5 hisobidagi gʻalabani
taʼminladi. Asosiy raqobatchilar ochko yoʻqotayotgan pallada bu imkoniyatni qoʻldan
boy bermaslik muhim.
Shu paytda Oʻzbekistondan
qariyb olti ming kilometr sharqda yana bir ulkan sport marafoni boshlangan. 19 sentyabr
kuni Yaponiyaning Nagoya shahrida XX yozgi Osiyo oʻyinlari rasman ochildi. Keyingi
16 kun davomida, yaʼni 4 oktyabrga qadar 11 mingga yaqin sportchi 43 ta sport turi
boʻyicha 469 ta medal jamlanmasi uchun kurashadi. Yaponiya uchun bu Tokio
(1958) va Xirosimadan (1994) keyin uchinchi Osiyo oʻyinlaridir. Mamlakat uni oxirgi
marta qabul qilganiga 32 yil boʻldi.
Oʻzbekiston terma jamoasi
oʻz tarixidagi eng yirik tarkiblardan biri bilan bordi: 42 ta sport turi boʻyicha
(ularning 36 tasi olimpiya turi) 396 sportchi (224 erkak va 172 ayol). Bitta raqamning
oʻzi soʻnggi yillarda oʻzbek sporti geografiyasi qanchalik kengayganini anglatadi.
Endi Osiyo oʻyinlari biz uchun bir necha anʼanaviy kuchli yoʻnalishlargagina bogʻliq
musobaqa boʻlib qolmayapti. Delegatsiyaning koʻlami turli sport maktablari qitʼa
miqyosidagi raqobatga chiqayotganini koʻrsatadi.
Kuzatish marosimi
12-sentyabr kuni Toshkentdagi Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyida
boʻlib oʻtdi. Nagoyadagi paradda bayroqni boks boʻyicha jahon chempioni
Toʻrabek Habibullayev va qilichbozlik boʻyicha Osiyo oʻyinlari gʻolibi Guliston
Pardaboyeva olib oʻtdi.
Jamoaning maqsadi aniq: “Xanchjou-2023”
natijasini yaxshilash. Oʻshanda Oʻzbekiston 22 ta oltin, 18 ta kumush va 31 ta
bronza medalni qoʻlga kiritib, umumjamoa hisobida beshinchi oʻrinni egallagan
edi.
Oʻzbekiston
sportchilari ilk bor Osiyo oʻyinlarida plyaj voleyboli, voleybol, yelkanli
sport, skvosh va MMA boʻyicha ishtirok etadi. Bir qator sport turlari,
jumladan, kamondan otish, chim ustida xokkey, tennis, syorfing, triatlon va
skvosh boʻyicha Los-Anjelesda boʻlib oʻtadigan 2028-yilgi Olimpiya oʻyinlari
uchun litsenziyalar oʻynaladi.
Ayni kunga qadar
Oʻzbekiston delegatsiyasi “Aichi-Nagoya-2026” XX yozgi Osiyo oʻyinlarining
dastlabki kunlarida uchta medalni qoʻlga kiritdi.
21-sentyabr kuni
karate boʻyicha 67 kilogramm vazn toifasida ishtirok etgan Abdulvahob Rashidov Oʻzbekiston delegatsiyasiga musobaqadagi
dastlabki oltin medalni taqdim etdi. Hal qiluvchi bahsda hamyurtimiz mezbon
Yaponiya vakili Yugo Kozakidan ustun kelib, Osiyo oʻyinlari chempioni boʻldi.
20-sentyabr kuni
karate boʻyicha 55 kilogramm vazn toifasida bahsga kirishgan Humoyunmirzo
Halimov ham finalga qadar yetib bordi. Hal qiluvchi bosqichda u qozogʻistonlik
Joloman Bigabilga imkoniyatni boy berdi va musobaqani kumush medal bilan
yakunladi.
21-sentyabr kuni
aralash jang sanʼatining modern yoʻnalishida 71 kilogramm vazn toifasida
ishtirok etgan Nodirbek Shavkatov Oʻzbekistonning musobaqadagi ikkinchi
medalini rasmiylashtirdi. Oʻzbekistonlik yarim finalda qozogʻistonlik Qodirbek
Shinboyevga imkoniyatni boy berib, uchinchi oʻrinni egalladi va bronza medalga
sazovor boʻldi. Shu tariqa Oʻzbekiston delegatsiyasi “Aichi-Nagoya 2026” Osiyo
oʻyinlarida hozircha bir oltin, bir kumush va bir bronza medalni qoʻlga
kiritdi.
Albatta, sport
taraqqiyotini bir turnirdagi gʻalaba yoki medallar soni bilangina oʻlchab
boʻlmaydi. Uning haqiqiy koʻlami tizim qanchalik barqaror ishlayotgani, yangi
sportchilar yetishib chiqayotgani, raqobat muhiti kuchayayotgani va bugungi
natijalardan keyingi bosqich uchun qanday xulosa chiqarilishida bilinadi.
Samarqand va Nagoyadagi musobaqalar ham ayni jihatdan muhim: biri
Oʻzbekistonning dunyo shaxmatidagi oʻrnini yana bir bor sinovdan oʻtkazayotgan
boʻlsa, ikkinchisi mamlakat sportining qanchalik koʻp yoʻnalishda
rivojlanayotganini koʻrsatyapti.
Hozircha oldinda
bahslar koʻp, yakuniy natijalar haqida gapirishga erta. Shaxmatchilarimizni
ham, Yaponiyadagi katta delegatsiyamizni ham hali jiddiy sinovlar kutmoqda. Shu
sabab bu kunlarning eng toʻgʻri taʼrifi ehtimol maqola sarlavhasining oʻzida
mujassam: biz ayni paytda gʻalabaga ishonch ruhi mujassam kunlarni boshdan
kechiryapmiz.
Azizbek
YUSUPOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri