Buni bugun shoirning oʻzi ham yaxshi anglaydi. Shu bois, sheʼrni kitobxon bilan uchrashtirishning yangi yoʻllari izlanyapti. Turli adabiy loyihalar, mushoiralar, videokontentlar, noodatiy taqdimot va muloqot shakllari sinab koʻrilmoqda. Maqsad sheʼriyatning mohiyatini oʻzgartirishdan koʻra, unga doir joʻn va eskirgan tasavvurlarni yangilash, odamlarga uning imkoniyatlarini qaytadan koʻrsatish.

Xivada oʻtkazilgan “Yangi Oʻzbekiston mushoirasi” haqida yozishga kirishganimda shu masala meni ham oʻylantirdi. Tadbirda kimlar qatnashgani, qaysi shoir qanday sheʼr oʻqiganiyu ijodkorlarning taassurotlarini ketma-­ket intervyu shaklida berish mumkin edi. Zotan bu amaliyotda sinalgan, oʻquvchiga ham tanish usul. Biroq u mushoirada paydo boʻlgan savollarga javob topish imkonini bermasdi. Shuning uchun bu safar Xivada nimalar boʻlganini hikoya qilishdan oldin boshqa bir savolga javob izlashni maʼqul koʻrdik. Nega insoniyat ming yillardan beri sheʼr yozadi? Sheʼr bizga nima uchun kerak?

Sheʼr tabiatini tadqiq etarkanmiz, masalani shunga yaqin savoldan boshlaymiz: agar biror gapni shunchaki aytish mumkin boʻlsa, uni sheʼr vositasida ifodalashga qanday ehtiyoj bor? Gap shundaki, sheʼrni boshqa soʻzlar bilan qayta hikoya qilib, undagi voqea yoki fikr haqida deyarli hamma narsani aytish mumkin. Shunga qaramay, oʻsha sheʼrning oʻzini qayta yaratib boʻlmaydi. Chunki poetik asarda maʼno faqat soʻzlarning lugʻaviy mazmunida ­yashamaydi. Ritm, takror, qofiya, tovush, soʻzlarning joylashuvi, ular orasidagi uygʻunlik ham umumiy mazmunni hosil qilishda qatnashadi. Shu bois, sheʼrni murakkab qurilgan maʼno sifatida koʻrish kerak. Uning shakli olib tashlansa, oʻrnida aynan oʻsha mazmun qolmaydi.

“Sogʻindim” degan xabar bilan sogʻinch haqidagi yaxshi sheʼr bir xil mavzudan tugʻilishi mumkin. Birinchisi, bizga insonning holatini bildiradi. Ikkinchisi esa, shu holatni bir muddat boʻlsa-da, boshdan kechirish imkonini beradi. Vatan haqida soatlab maʼlumot bersa boʻladi. Jumladan, uning tarixini raqamlarda koʻrsatish, bugungi oʻzgarishlarini millionlab faktlar orqali bayon qilish mumkin. Sheʼr esa Vatan tushunchasining muayyan inson xotirasi va kechinmasidagi tasvirini yuzaga chiqaradi. Shu sabab sheʼriyatni axborotning bezatilgan shakli deb tushunish uning asl imkoniyatini ancha toraytiradi.

Qadimgi poetik tafakkurni oʻrganib, “psixologik parallelizm” deb ataladigan hodisaga eʼtibor qarataylik. Bugunga qadar inson tashqi olamni ichki dunyosidan mutlaqo ajratib idrok etmagan: tabiatdagi harakat bilan odamning holati, tashqarida sodir boʻlayotgan hodisa bilan ichki kechinma doim yonma-yon boʻlgan. Daraxtning egilishi bilan insonning bosh egishi kabi obrazlar oʻrtasida harakat va holat orqali ruhiy aloqa yuzaga kelgan. Tashqi dunyo mudom insonning ichki tajribasi orqali maʼno kasb etib kelgan. Oradan qancha davru davronlar oʻtmasin, yaxshi sheʼrda shu xususiyatning parchalarini koʻrish mumkin. Shoir tashqaridagi voqelikni avval ichki dunyosidan oʻtkazadi. Oʻquvchi esa oʻsha ichki tajriba orqali voqeaga qaytadan qaraydi. Shu tariqa hammamizga tanish tushunchalar har bir ijodkorda umuman boshqa mazmun, bosh­qa ohang, boshqa xotira bilan namoyon boʻladi.

Vatan ham shunday tushunchalardan.

Uning jugʻrofiy joylashuvi, aholisi, shaharlari, iqtisodiy koʻrsatkichlari bor. Bular Vatanning aniq, oʻlchanadigan jihatlari. Insonning Vatan haqidagi tasavvuri esa shu maʼlumotlarning yigʻindisidan kattaroq. Kim uchundir u tugʻilgan uyi, bolalikda u eshitgan biror jumla, ota-onasi, tili, tarixi, bolasi va hokazo. Bir tushuncha millionlab odamlarning hayotida xuddi shuncha shaxsiy tajriba orqali yashaydi. Adabiyot ana shu tajribalarni koʻrinadigan, eshitadigan, oʻqiydigan, his qildiradigan holatga olib chiqadi. Quvonchu ogʻriqlarni oʻz chegarasidan-da kengroq hajmda aks ettiradi.

Shu rakursdan qaraganda, sheʼriyatning jamiyat hayotidagi vazifasi ham boʻyiga, ham eniga kengayadi. U zamonni faqat voqealar ketma-ketligi sifatida qayd etmaydi, balki uning odam tafakkuri va qalbida qoldirayotgan izini ham saqlaydi. Bugun oddiy koʻringan bir kechinma yillar oʻtib, oʻsha davr kishisining dunyoni qanday koʻrganini anglash uchun oʻta muhim boʻlishi mumkin. Tarix bilan sheʼriyatning farqi ham shunda. Tarix nima sodir boʻlganini qayd etsa, adabiyot oʻsha voqealar orasida yashagan odam nimalarni his qilganini ham kelajakka olib oʻtadi.

Shu sabab sheʼriyat faqat shoirning oʻzini ifoda etishi bilan tugamaydi. Asarning ikkinchi hayoti uni boshqalar oʻqiganida bosh­lanadi. Buning uchun esa sheʼr yozilishi va kitob holida nashr etilishining oʻzi yetarli boʻlmay qoladigan paytlar bor. Shoir, oʻquvchi va adabiy muhit uchrashadigan makon ham kerak. Mushoira ana shu masalaning qadimdan mavjud juda sodda yechimlaridan biri. Xivada oʻtkazilgan “Yangi Oʻzbekiston mushoirasi”ga ham shu nuqtadan qarash qiziq, albatta.

Prezidentimizning Xorazm viloyatiga tashrifi davomida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etilgan anjuman mamlakatning turli hududidan taniqli shoir va yozuvchilar, adabiyot vakillari hamda yosh ijodkorlarni bir davrada jamladi. Oʻzbekis­ton Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Oʻzbekiston xalq shoirlari Usmon Azim, Xosiyat Bobomurodova, shuningdek, Rustam Musurmon, Farida Afroʻz, Zebo Mirzo, Salim Ashur, Muhiddin Abdusamad, Shodi Otamurod, Nargiza Odinayeva, Muslim Musallam, Islom Ali, Rashid Xoʻjamov, Rahmat Bobojon singari turli avlod vakillari qatnashgan mushoirada Vatan, inson qadri, milliy oʻzlik va yurt hayotidagi oʻzgarishlar bilan bogʻliq sheʼrlar yangradi. Bu yerda eʼtibor berishga arziydigan jihat sheʼrlarning mavzusi bilan chegaralanmaydi. Turli yosh, hudud va ijodiy tajribaga ega odamlarning bir davrada uchrashuvi adabiyotning tabiiy rivoji uchun zarur muloqotni yuzaga keltiradi.

Ustoz shoirning sheʼrni qanday qurishi, bugungi voqelikka qanday qarashi bilan endigina oʻz uslubini izlayotgan ijodkorning qarashi bir xil boʻlishi shart emas. Ularning farqi ham adabiy jarayonning bir qismi. Avlodlar almashgani sari mavzular saqlanib qolishi mumkin. Ularni ifodalash yoʻsini va inson taj­ribasi oʻzgaradi.

Menimcha, anʼana oʻtmishda yaratilgan shakllarni oʻzgarishsiz takrorlash uchun berilgan tayyor namuna emas. Zamonaviy ijodkor undan oldin nima yaratilganini bilishi va shu tajriba bilan muloqotga kirishishi kerak. Ruhi baland, tanqid qilish nisbatan qiyin boʻlgan mavzuni sheʼrga olib kirishning oʻzi hali adabiy natijani kafolatlamaydi. Vatan haqida yozilgan har qanday matn yaxshi sheʼr boʻlib qolmaganidek, zamonaviy oʻzgarishlarni tilga olishning oʻzi asarga yangi ruh bagʻishlamaydi. Demak, davrni sheʼriyatda aks ettirish uchun uning hodisalarini sanashdan koʻra, oʻsha davr insonda qanday haqqoniy kechinma va savollar tugʻdirayotganini topish muhimroq.

Bugungi Oʻzbekiston ham katta ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy-maʼrifiy jarayonlarni boshdan kechirmoqda. Sheʼrdan boshqa hamma matnlardagi raqamlar shundoq ham uning miqyosini koʻrsatyapti. Sheʼriyat oldida boshqa talab turibdi: taraqqiy topayotgan muhit, makon va zamon ichida odamning oʻzi qanday oʻzgarayotganini koʻrish, yozish va tushuntirish.

Chunki mamlakat tushunchasi oxir-­oqibat inson hayotida konkretlashadi. ­Taraqqiyot haqidagi katta gaplarning qiymati ham ­odamning kundalik hayotida qanday aks etayotgani bilan baholanadi. Shu tufayli Vatan va inson mavzularini bir-biridan uzoq qoʻyib boʻlmaydi. Yurt xususidagi jiddiy sheʼr bir vaqtning oʻzida odam haqidagi sheʼr hamdir: uning xotirasi, tili, ota-onasi, farzandi, mehnati, orzusi, armoni va oʻz kelajagini qanday tasavvur qilishi haqida.

“Yangi Oʻzbekiston mushoirasi”da Vatan, yurt taqdiri, milliy oʻzlikning yonma-yon kelishi shu jihatdan mantiqli. Milliy oʻzlik ham muzeyda saqlanadigan, tomosha qilish mumkin, biroq teginib boʻlmaydigan chinni buyum emas. Har bir avlod uni oʻz tajribasida qayta ang­laydi. Oʻtmishdan nimani olib kelayotgani, bugungi hayotdan nimani qabul qilayotgani, kelajak uchun nimani muhim deb bilayotgani orqali unga yangicha mazmun-mohiyat qoʻshadi.

Xorazm uzoq davrlar davomida ilm, yozuv, musiqa va adabiy tafakkur shakllangan hududlardan biri boʻlib kelgan. Bugungi ijodkorlarning shu makonda zamonaviy Oʻzbekiston haqida gapirishi oʻtmish bilan hozirgi kun oʻrtasida sunʼiy chegara tortmaslik kerakligini eslatadi. Madaniyat yashashi uchun merosning mavjudligi kifoya qilmaydi. Keyingi avlod u bilan gaplashishi, undan oʻz savollariga javob izlashi va oʻz davrining tajribasini unga qoʻsha olishi kerak.

Shu maʼnoda, mushoira Xivada tugamasligi ham muhim. Loyiha yil davomida respublikaning boshqa hududlarida davom ettirilishi koʻzda tutilgan. Agar bunday uchrashuvlar haqiqiy adabiy muloqotga aylansa, adabiyot markaziy davralardan tashqariga chiqadi. Turli hududlardagi ijodkorlar va oʻquvchilar bir-birini osonroq topadi.

“Yangi Oʻzbekiston mushoirasi”ning istiqboliga Vatan haqida qancha sheʼr oʻqilgani yoki nechta taniqli ijodkor sahnaga chiqqani mezoni bilan qaramaslik kerak, nazarimda. Turli avlod va hudud vakillari bugungi Oʻzbekistonni qanday koʻryapti, his qilyapti va bu tajribalar oʻquvchi bilan qanchalik rost, badiiy jihatdan ishonarli muloqotga kirishyapti — asosiy masala shunda.

Boisi, taʼkidlanganidek, har bir davr raqamlar, hujjatlar, suratlar orqali izini tarixda qoldiradi. Bularsiz muayyan bir zamonning manzarasini tiklab boʻlmaydi. Uning odamlar qalbida qanday yashaganini bilish uchun esa boshqa bebaho manbalar ham kerak.

Sheʼr shular jumlasidan.

Azizbek YUSUPOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri