Shu bois, mamlakatimizda yoshlar oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, huquqiy madaniyatni yuksaltirish hamda oʻgʻil-qizlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan.
Bugun
yurtimizda yoshlar bilan ishlash tizimi mutlaqo yangi bosqichga koʻtarildi.
Jinoyat sodir etilgandan keyin chora koʻrish emas, balki uning sabab va
shart-sharoitini barvaqt aniqlash, har bir yigit-qizning muammosini eshitish,
ijtimoiy, maʼnaviy va psixologik qoʻllab-quvvatlashga asoslangan profilaktik
yondashuv ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa taʼlim muassasalari, huquqni
muhofaza qiluvchi organlar, mahalla, oila va keng jamoatchilikning oʻzaro
hamjihatligini talab etadi.
Andijon
davlat universitetida ham mazkur yoʻnalishda tizimli ishlar qilinmoqda.
Universitet viloyat ichki ishlar organlari, prokuratura, adliya tizimi, Yoshlar
ishlari agentligi hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda
talabalar oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishga
qaratilgan kompleks chora-tadbirlar koʻrib kelmoqda.
Hamkorlik
doirasida yoshlar oʻrtasida salbiy holatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan
omillar muntazam tahlil qilinib, aniq choralar belgilab borilmoqda.
Talabalarning taʼlim jarayonidagi ishtiroki, ijtimoiy muhitga moslashuvi,
maʼnaviy-ruhiy holati hamda kundalik turmush tarzi mutasaddi tashkilotlar bilan
birgalikda oʻrganilib, muammolar yechimi yuzasidan amaliy choralar koʻrilmoqda.
Universitetda
profilaktika ishlarining muhim yoʻnalishlaridan biri talabalarning boʻsh
vaqtini mazmunli tashkil etishdir. Bu borada davra suhbatlari, ochiq
muloqotlar, huquqiy targʻibot tadbirlari, maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuvlar
muntazam tashkil etilib, yoshlarda qonunga hurmat, fuqarolik masʼuliyati va
daxldorlik hissini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Shuningdek,
universitet hududida profilaktika inspektori faoliyati samarali yoʻlga
qoʻyilgan boʻlib, talabalar bilan doimiy muloqot qilish, ularning muammolarini
oʻz vaqtida aniqlash, huquqiy maslahat berish va yuzaga kelishi mumkin boʻlgan
salbiy holatlarning oldini olishda muhim oʻrin tutmoqda.
Qilinayotgan
ishlar samara bermoqda. Xususan, 2022-yilda universitet talabalari ishtirokida
35 ta jinoyat holati qayd etilgan boʻlib, keyingi tekshiruvlar davomida ushbu
holatlarning 16 tasida qatnashgan shaxslar universitet talabasi emasligi aniqlangan.
2023-yilda mazkur koʻrsatkich 13 tani, 2024-yilda 8 tani tashkil etgan boʻlsa,
2025-yil davomida jami 7 ta jinoyat holati qayd etildi.
Eng
muhimi, 2026-yilning oʻtgan davrida Andijon davlat universiteti talabalari
birorta ham jinoyat sodir etmadi. Bu natija profilaktika ishlari tizimli
tashkil etilgani, masʼul idoralar bilan hamkorlik samarali yoʻlga qoʻyilgani
hamda har bir talaba bilan manzilli ishlash tamoyili natija berayotganining
yaqqol ifodasidir.
2025/2026
oʻquv yili davomida bu boradagi ishlar yanada keng qamrov kasb etdi. Xususan,
huquqbuzarliklar profilaktikasiga bagʻishlangan 122 ta davra suhbati,
profilaktik tadbir va uchrashuv tashkil etildi. Ularda talabalar turar joylari
va ijara xonadonlarda yashayotgan hamda uyidan qatnab tahsil olayotgan 7000 dan
ziyod talaba qamrab olindi.
Mazkur
jarayonda ota-onalar bilan hamkorlikka ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Universitet profilaktika inspektori, psixolog, tyutorlar hamda xotin-qizlar
maslahat kengashi faollari ishtirokida fakultetlar kesimida talabalar va
ularning ota-onalari bilan profilaktik uchrashuvlar tashkil etildi. Bu
muloqotlar orqali oila va taʼlim muassasasi hamkorligini yanada mustahkamlashga
erishilmoqda.
Shu
bilan birga, alohida eʼtibor talab etadigan talabalar bilan manzilli ishlar
bajarilmoqda. Xususan, yurish-turishida salbiy oʻzgarishlar kuzatilayotgan yoki
huquqbuzarlik sodir etish xavfi mavjud 20 talaba bilan yakka tartibda suhbat
oʻtkazilib, ularning muammolari oʻrganildi. Zarur psixologik va huquqiy
tushuntirishlar berildi. Bunday yondashuv yoshlarni jazolash emas, balki ularni
toʻgʻri yoʻlga yoʻnaltirish, ishonchini qozonish va jamiyatda munosib oʻrin
egallashiga koʻmaklashish tamoyiliga asoslangan.
Bugungi
globallashuv va tezkor axborot oqimi sharoitida yoshlar ongi va qalbi uchun
kurash har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Turli buzgʻunchi
gʻoyalar, yot mafkura va axborot xurujlaridan yoshlarni asrash, ularning
mustaqil fikrlashi va mustahkam hayotiy pozitsiyasini shakllantirishda oliy
taʼlim muassasalarining masʼuliyati yanada ortib bormoqda.
Andijon
davlat universitetidagi tizimli ishlar huquqbuzarliklarning oldini olish faqat
nazorat yoki jazo bilan emas, balki mehr, eʼtibor, ishonch va manzilli
yondashuv orqali samara berishini koʻrsatmoqda. Har bir talaba taqdiriga
masʼuliyat bilan yondashish, uning muammolarini oʻz vaqtida eshitish va huquqiy
ongini yuksaltirishga qaratilgan mazkur tizim kelajakda ham ijobiy natijalar
berishda davom etadi. Zero, huquqiy madaniyati yuksak, qonunga hurmat ruhida tarbiyalangan
yoshlar yangi Oʻzbekistonning eng mustahkam tayanchi, mamlakat taraqqiyoti va
jamiyat barqarorligining ishonchli kafolatidir.
Baxtiyorjon AKBARALIYEV,
Andijon davlat universiteti
rektori,
texnika fanlari doktori, professor