«Xavfsiz va sog‘lom yurt» oyligi doirasida Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida tezkor tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Xususan, Ichki ishlar organlari va DXXning Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tadbirlar natijasida tovlamachilik va qonunga xilof ravishda qurol saqlash bilan bog‘liq holat aniqlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ikki nafar fuqaro murojaat qilib, o‘zini «Izzat» deb tanishtirgan shaxs va uning sheriklari tomonidan bosim hamda qo‘rqitish yo‘li bilan yirik miqdordagi pul mablag‘lari tovlamachilik yo‘li bilan olib qo‘yilganini bildirgan.

Murojaatchilardan biri 30 ming AQSh dollariga BMW X5 rusumli avtomashina olib berishga majbur qilingan. Shuningdek, undan 15 ming AQSh dollariga teng oshxona mebeli uchun ham pul olingan. Umuman, mazkur fuqorodan 70 ming AQSh dollari olib qo‘yilgan.

Jabrlanuvchining aytishicha, u 2019 yilda «Izzat» ismli shaxs bilan tanishgan va dastlab birga ishlagan. Keyinchalik gumonlanuvchi unga bosim o‘tkazib, o‘ldirish bilan qo‘rqitib, muntazam ravishda pul talab qila boshlagan.

«Ikki-uch yil shunday davom etdi. Pulni qo‘rqitib, majburan berdim. Bir-ikki marta meni urgani ham», — deydi jabrlanuvchi.

Yana bir murojaatchi esa mazkur shaxs tomonidan biznesga majburan sherik qilinganini, Turkiyada jinoyat olami vakili bilan uchrashtirilganini, unga nisbatan zo‘ravonlik ishlatilgani va qo‘rqitish orqali avtomashina sotib olishga hamda jami 38 ming AQSh dollari berishga majburlanganini bildirgan.

Tergovga qadar tekshiruv jarayonida yana bir ayol huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan. Uning bildirishicha, gumonlanuvchi uni shaxsiy rasmlarini tarqatish bilan qo‘rqitib, uchrashishga va jinsiy aloqa qilishga majburlagan.

«Shaxsiy rasmlarimni tarqatish bilan qo‘rqitdi. Instagram’ga chiqarib yuborishini, sharmanda qilishini aytdi. Uchrashganimizda ham zo‘ravonlik qildi, tazyiq o‘tkazdi. Shundan keyin ichki ishlar organlariga murojaat qilishga majbur bo‘ldim», — deydi ayol.

Murojaatlar yuzasidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida gumonlanuvchining shaxsi aniqlangan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u 1988 yilda tug‘ilgan Isoq ismli shaxs bo‘lib, «Izzat Nazarbek» laqabi bilan tanilgan.

Gumonlanuvchi Uchtepa tumanidagi sport zalida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qo‘lga olingan.

Tezkor surishtiruvlar jarayonida uning ikki dona qurol va o‘q-dorilarni saqlab kelayotgani aniqlangan. Ko‘zdan kechirish davomida unga tegishli «Baykal» rusumli ikki dona to‘pponcha, ularga mo‘ljallangan o‘q-dorilar, pichoqlar hamda to‘pponcha g‘ilofi aniqlanib, holislar ishtirokida protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi uchinchi qismi «a» bandi hamda 121-moddasi to‘rtinchi qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan.

U o‘z qilmisidan pushaymonligini bildirib, kechirim so‘ragan.