Hukumatning 2026-yil 19-oktyabrdagi 577-son qarori bilan Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Qarorga muvofiq, davlat roʻyxatidan oʻtmagan shaxslarning tegishli mutaxassislik boʻyicha tibbiy yoki farmatsevtika kasbiy faoliyati bilan shugʻullanishi taqiqlanadi.

Davlat roʻyxatidan oʻtkazish vakolati Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markaziga yuklanadi.

2027-yil 1-iyuldan 2030-yil 1-yanvarga qadar tibbiyot va farmatsevtika xodimlari mutaxassisligi boʻyicha ixtiyoriy tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi. Bu maxsus imtihon natijalari asosida yoki malaka toifasini berish jarayonida avtomatik ravishda amalga oshiriladi.

Mutaxassisligi boʻyicha kamida 20 yillik ish staji va ilmiy darajaga ega xodimlar maxsus imtihonsiz davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi. Biroq murojaat sanasiga qadar oʻz mutaxassisligi boʻyicha uch yil yoki undan ortiq vaqt davomida uzluksiz kasbiy faoliyat olib bormagan xodimlar bundan mustasno.

Davlat roʻyxatidan oʻtish uchun Davlat xizmatlari markazlari, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki Tibbiy malaka platformasi orqali murojaat qilish mumkin.

Elektron arizalar dam olish va bayram kunlaridan qatʼi nazar, sutkasiga 24 soat davomida yuborilishi mumkin.

Vakolatli organ soʻrovnomani besh ish kuni ichida oʻrganib, talabgorni maxsus imtihonga qoʻyish yoki qoʻymaslik toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

Davlat roʻyxatidan oʻtganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma elektron shaklda rasmiylashtiriladi. Uning haqiqiyligini Tibbiyot va farmatsevtika mutaxassislarining yagona elektron reyestri orqali tekshirish mumkin. Guvohnomaning qogʻoz shaklidagi asl nusxasi yoki dublikati berilmaydi.

Davlat roʻyxatidan oʻtgan xodimlar kasbiy faoliyatini davom ettirish uchun har besh yilda qayta roʻyxatdan oʻtishi lozim.

Qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.