Farg‘ona shahrida tashkil etilgan “Farg‘ona ekspo” xalqaro ko‘rgazmalar markazi faoliyati viloyatning iqtisodiy salohiyatini keng namoyish etish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, eksportni rag‘batlantirish va investorlar uchun qulay servis muhitini yaratishga qaratilgan.

Markaz nafaqat ko‘rgazma maydoni, balki tadbirkorlar va investorlar uchun yaxlit muloqot maydonchasi vazifasini o‘tamoqda.Besh gektar maydonni egallagan majmuada 200 dan ortiq ishlab chiqaruvchi korxonalar mahsulotlarini namoyish etish imkoniyati yaratilgan.

Yangi barpo etilgan 8 qavatli binoning dastlabki ikki qavati savdo, investitsiya va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlovchi tashkilotlar uchun ajratilgan. Yuqori qavatlar esa investorlar va biznes vakillari uchun ofis sifatida taqdim etiladi.

Markazda yil davomida 15 ta tarmoq yo‘nalishi bo‘yicha doimiy ko‘rgazma-yarmarka faoliyat yuritadi. Bu yerda davlat idoralari, ishlab chiqaruvchilar, eksportchilar va investorlar bir maydonda uchrashib, amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniga ega bo‘ladi.

Farg‘ona tajribasining samaradorligini inobatga olgan holda, bunday zamonaviy ko‘rgazma zallarini Toshkent shahri, Buxoro, Jizzax va Samarqand viloyatlarida ham barpo etish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari markazda viloyatning sanoat va xizmat ko‘rsatish salohiyatiga oid ko‘rgazmalar bilan tanishdi. Mashinasozlik, elektrotexnika, zargarlik, charm-poyabzal, hunarmandchilik, tibbiyot va farmatsevtika kabi tarmoqlar mahsulotlari namoyish etildi.

Shuningdek, hudud uchun strategik ahamiyatga ega yirik investitsiya loyihalari taqdimoti o‘tkazildi. Prezidentimiz investorlar bilan suhbatlashdi.