Davlatimiz rahbari mamlakatimiz iqtisodiyotining yuqori oʻsish surʼatlariga mos ravishda transport tizimini rivojlantirish, sohaga investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni keng jalb qilish, bunda xususiy sektor ishtirokini yanada oshirish zarurligini taʼkidladi.

Uchrashuvda transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, sohada tadbirkorlik uchun qulay sharoitlar yaratish, mamlakatimizning xalqaro transport yoʻlaklariga integratsiyalashuvini kuchaytirish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Soʻnggi oʻn yilda yoʻl sohasiga 80 trillion soʻm ajratilib, 7 ming kilometr yoʻl qayta qurildi, 125 ming kilometri taʼmirlandi. Endilikda sohaga 20 milliard dollarlik investitsiyalarni jalb qilish imkoniyati mavjud.

Xususan, umumiy qiymati 5,6 milliard dollar boʻlgan, jami 593 kilometrlik pulli avtomobil yoʻllarini qurish boʻyicha beshta yirik loyiha amalga oshirilmoqda.

Yoʻl va koʻpriklar qurilishiga mahalliy tadbirkorlarni keng jalb qilish uchun ham yangi imkoniyatlar yaratiladi. Hozirga qadar hududlarda 4 milliard dollarlik 131 ta loyiha taklifi shakllantirilgan. Bunday loyihalar investorlarga yoʻllarni qurish, saqlash va boshqarish sharti, ularning bo‘yida savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarini tashkil etish huquqi bilan taklif qilinadi.

Xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda 6,5 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz xorijlik hamkorlarga mahalliy mutaxassislarni xalqaro miqyosdagi yirik infratuzilma loyihalariga jalb qilish, kompaniyalarimizni xorijiy tenderlarda ishtirok etishga tayyorlash boʻyicha qoʻshma dastur ishlab chiqishni taklif etdi.

Yoʻl qurilishida, avvalo, sifat va iqtisodiy samaradorlikni taʼminlash muhimligi taʼkidlandi.

– Bizga bugun arzon qurilib, ertaga yana budjetdan pul talab qiladigan yoʻl emas, uzoq yil xizmat qiladigan sifatli yoʻl kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Shu maqsadda polimer bitum va geotekstil texnologiyalaridan foydalanishni yoʻl qurilishi standartlariga kiritish, kelgusi yildan xalqaro ahamiyatdagi yoʻllarni qurish va rekonstruksiya qilishda ushbu talabni majburiy etib belgilash vazifasi qoʻyildi.

Temir yoʻl sohasida tashish quvvatlarini oshirish va infratuzilmani istiqboldagi yuk oqimlariga moslashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

“Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻli ishga tushishi bilan yuk tashish hajmi 10 karra oshib, yiliga 15-16 million tonnaga yetishi kutilmoqda. 2030-yilga qadar mamlakatimizda 545 kilometr yangi temir yoʻl qurish, elektrlashtirilgan yoʻllar ulushini 65 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Angren – Pop va boshqa muhim yoʻnalishlarni modernizatsiya qilish, Toshkent – Samarqand yoʻnalishida alohida yuqori tezlikdagi temir yoʻl liniyasini barpo etish koʻzda tutilgan. Davlatimiz rahbari xalqaro moliya tashkilotlari va investorlarni umumiy qiymati 8 milliard dollarlik ushbu loyihalarda hamkorlik qilishga chaqirdi.

Yuk vagonlari parkini har yili 5-6 mingtaga koʻpaytirish uchun tadbirkorlarga soliq imtiyozlari va temir yoʻl infratuzilmasidan foydalanishda chegirmalar beriladi. Kelgusi yildan sohada yangi tarif siyosati bosqichma-bosqich joriy etilib, tashish xarajatlarini shakllantirishning shaffof tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Oʻzbekistonni Sharq va Gʻarb, Shimol va Janubni bogʻlovchi yirik quruqlik portiga aylantirish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi taʼkidlandi.

Mutasaddilarga Oʻrta yoʻlak imkoniyatlaridan samarali foydalanish, xorijlik hamkorlar bilan elektron yuk hujjatlarini oʻzaro tan olish boʻyicha kelishuvlarni yakunlash, yurtimizni dunyoning yirik dengiz portlari bilan bogʻlovchi blok-poyezdlar qatnovini yoʻlga qoʻyish topshirildi.

Keyingi oʻn yilda mamlakatimizning logistika quvvatlarini 80 million tonnaga yetkazish maqsad qilingan. Bu borada investorlar bilan hamkorlikda 1,6 milliard dollarlik 9 ta yirik logistika markazini barpo etish vazifasi belgilandi.

Aviatsiya sohasida ham xususiy investitsiyalarni jalb qilish va bozor ishtirokchilari uchun qulay iqtisodiy sharoitlar yaratish boʻyicha yangi tashabbuslar ilgari surildi.

Soʻnggi yillarda yurtimizda aeroportlar soni 18 taga yetdi. Joriy yilda havo transportida tashiladigan yoʻlovchilar soni 17 million nafarni tashkil etishi kutilmoqda. Yaqin yillarda bu koʻrsatkichni 25 millionga yetkazish maqsad qilingan.

Xorijlik hamkorlar ishtirokida barpo etilayotgan yangi xalqaro aeroportga tutash hududda 5 milliard dollarlik “Aerocity” loyihasi amalga oshiriladi. Unda logistika va elektron tijorat markazlari, savdo majmualari, mehmonxonalar va turar joylarni qamrab olgan yaxlit ekotizim yaratiladi.

Mahalliy aviakompaniyalarning raqobatbardoshligini oshirish maqsadida aviayoqilgʻi narxini jahon bozoridagi oʻrtacha narxga bogʻlash, yoqilgʻi, ehtiyot qismlar importi va havo kemalari ijarasi boʻyicha qoʻshimcha soliq va bojxona imtiyozlarini joriy etish belgilandi. Mahalliy uchuvchilarni tayyorlash va ishga qabul qilish majburiyatini olgan aviakompaniyalarga ham alohida yengilliklar beriladi.

Yaratilayotgan sharoitlar hisobiga havo kemalari sonini 2030-yilga qadar kamida 250 taga yetkazish vazifasi qoʻyildi. Xalqaro aeroportlar infratuzilmasini rivojlantirishni ragʻbatlantirish maqsadida ular 2030-yilgacha mol-mulk va yer soliqlaridan ozod etiladi.

Prezidentimiz Yangi Toshkentda zamonaviy kampus, oʻquv-simulyatsiya va ilmiy-tadqiqot markazlariga ega Oʻzbekiston xalqaro fuqaro aviatsiyasi universitetini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.

Uchrashuvda aholiga qulay va sifatli jamoat transporti xizmatlarini koʻrsatish masalalari ham muhokama qilindi.

Soʻnggi uch yilda tadbirkorlar tomonidan 3,5 mingdan ziyod zamonaviy avtobus olib kelinib, 330 ta yoʻnalish yangi tizimga oʻtkazildi. Natijada kunlik yoʻlovchilar oqimi poytaxtda 2 barobar, hududlarda 2,5 barobar oshdi.

Endilikda poytaxtni aglomeratsiya hududlari bilan bogʻlovchi, uzunligi 20 kilometrgacha boʻlgan avtobus yoʻnalishlari toʻliq “brutto” tizimiga oʻtkaziladi. Avtobus saroylarini barpo etadigan tadbirkorlarga soliq yengilliklari joriy etilib, olis hududlarda transport xizmatlarini tashkil etishning yangi moliyalashtirish mexanizmi ishlab chiqiladi.

Toshkent metropolitenida yoʻlovchilar oqimi ortib borayotganini inobatga olib, kelgusi ikki yilda 28 ta besh vagonli poyezd olib kelish, amaldagi 40 ta toʻrt vagonli poyezdni besh vagonli tizimga oʻtkazish belgilandi.

Prezidentimiz investor va tadbirkorlar bilan ochiq muloqot oʻtkazib, ularning sohani rivojlantirish, mavjud muammolarni bartaraf etish hamda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish boʻyicha fikr-mulohazalari va takliflarini tingladi.