Maʼlum qilinishicha, Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi klinikasiga murojaat qilgan ayrim bemorlarda kosmetologik maqsadda qo‘llangan «Refinex Botulinum Toxin Type A for Therapy» hamda «Dysport 500 Clostridium botulinum type A toxin-haemagglutinin complex» preparatlaridan so‘ng og‘ir nojo‘ya reaktsiyalar, jumladan, botulizmga xos klinik belgilar aniqlangan.
Hozirda mazkur mahsulotlarning kelib chiqishi va ularning qonuniy muomalada bo‘lgan-bo‘lmagani yuzasidan tegishli tekshiruvlar olib borilmoqda.
Markazning taʼkidlashicha, «Refinex Botulinum Toxin Type A for Therapy» hamda «Dysport 500 Clostridium botulinum type A toxin-haemagglutinin complex» O‘zbekiston Respublikasida davlat ro‘yxatidan o‘tmagan. Shu bois ularning xavfsizligi, sifati va samaradorligi belgilangan tartibda baholanmagan.
Fuqarolarga internet yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali taklif etilayotgan shubhali mahsulotlarni xarid qilmaslik tavsiya etildi. Agar ushbu preparatlar xarid qilingan bo‘lsa, ularni qo‘llamaslik, foydalanish boshlangan bo‘lsa, darhol to‘xtatib, shifokorga murojaat qilish lozimligi qayd etildi.
Shuningdek, mazkur vositalarni qo‘llagan shaxslarda ko‘rishning xiralashishi, qovoqlarning tushib qolishi, yutinish qiyinlashishi, nutq buzilishi, mushaklar kuchsizligi, nafas olish qiyinlashishi yoki boshqa noodatiy alomatlar paydo bo‘lsa, zudlik bilan tibbiy yordamga murojaat qilish zarur.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi aholini dori vositalarini faqat rasmiy savdo tarmoqlari orqali xarid qilishga hamda shubhali mahsulotlar aniqlangan holatlarda vakolatli organlarga xabar berishga chaqirdi. Mazkur holat yuzasidan nazorat va o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.