Agentlik maʼlumotiga koʻra, 2000-yil 19-fevralda tugʻilgan Mahmud Hikmatovga nisbatan sud tomonidan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllangan.
U “SultanGames”, “PINCO”, “Nomadcasino”, “Pin-Up”, “Vavada” va boshqa noqonuniy internet-kazinolarni targʻib qilishda gumonlanmoqda.
Qayd etilishicha, Qozogʻiston hududida noqonuniy internet-kazino interfeysini taqdim etish, pul mablagʻlarini qabul qilish va toʻlash, shuningdek, mamlakat fuqarolarini taqiqlangan qimor faoliyatiga jalb etish maqsadida reklama tarqatish bilan bogʻliq tizim faoliyat yuritgan.
Mazkur internet-kazinolarni targʻib qilish uchun tashkilotchilar bloger M. Hikmatovni jalb qilgan. Unga Qozogʻiston hududida faoliyat yurituvchi inflyuyenserlarni reklama kontenti joylashtirishga jalb qilish vazifasi yuklatilgan.
Hikmatov blogerlardan ijtimoiy tarmoqlardagi auditoriyasi haqidagi statistik maʼlumotlarni, jumladan, obunachilarning demografik va geografik koʻrsatkichlari hamda auditoriya qamrovi haqidagi maʼlumotlarni soʻragan. Ushbu maʼlumotlar asosida reklama xizmatlari narxi belgilangan.
Agentlik maʼlumotiga koʻra, Hikmatov 35 nafardan ortiq blogerni jalb qilgan. Ular orasida bloger Qamza Q. ham boʻlgan.
Tergov versiyasiga koʻra, Qamza Q. oʻzining keng auditoriyasidan foydalanib, Qozogʻiston fuqarolarini taqiqlangan qimor faoliyatiga jalb qilgan. Xususan, u internet-kazinolarga yoʻnaltiruvchi referal havolalarni joylashtirib, foydalanuvchilarning har bir oʻtishi uchun mukofot olgan.
Eslatib oʻtamiz, Qamza Q. 6-avgust kuni Vyetnamdan Qozogʻistonga ekstraditsiya qilingan.
Moliyaviy monitoring agentligi qidiruvda boʻlgan shaxsning qayerdaligi haqida maʼlumotga ega boʻlganlarni xabar berishga chaqirdi.