Ma’lum bo‘lishicha, hamyurtimiz Rossiya migratsiya qonunchiligi talablarini buzgani sababli Novosibirsk shahri huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan ushlangan hamda chet el fuqarolarini vaqtincha saqlash markaziga joylashtirilgan. Uning voyaga yetmagan farzandi esa maxsus bolalar muassasasiga vaqtincha qabul qilingan edi.

Yuzaga kelgan holat bo‘yicha Bosh konsulxona tomonidan tezkor konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatilib, qisqa muddat ichida bola uchun zarur hujjatlar rasmiylashtirildi. Shuningdek, O‘zbekiston Migratsiya agentligining Novosibirsk shahridagi vakilligi bilan yaqin hamkorlikda tashkiliy ishlar amalga oshirildi.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida joriy yilning 18-iyun kuni ona va uning voyaga yetmagan farzandi Novosibirsk xalqaro aeroportiga yetkazildi hamda oila a’zolarining qayta birlashishi ta’minlandi.

Shu kuni vatandoshlarimiz “Novosibirsk–Toshkent” reysi orqali yurtimizga qaytarildi.

O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari chet elda bo‘lib turgan fuqarolarimiz huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur konsullik-huquqiy ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettirmoqda.