Raqobat qoʻmitasiga kelib tushayotgan murojaatlar bu holatni yaqqol koʻrsatmoqda, deya xabar qiladi Qoʻmita matbuot xizmati.
Qoʻmita maʼlumotlariga koʻra, 2026-yilning oʻtgan davrida chakana savdo, elektron tijorat va umumiy ovqatlanish sohalari boʻyicha jami 6 414 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 1 230 tasi (19,2 foizi) elektron tijorat sohasiga toʻgʻri kelgan.
Murojaatlarning aksariyati isteʼmolchilar foydasiga hal qilingan. Jumladan:
- 704 ta (57,2 foiz) murojaat boʻyicha isteʼmolchilarning huquqlari toʻliq tiklangan;
- 453 ta (36,8 foiz) murojaat boʻyicha huquqiy tushuntirish berilgan;
- 33 ta (2,7 foiz) murojaat tegishliligiga koʻra boshqa vakolatli organlarga yuborilgan.
Tahlillar elektron tijorat boʻyicha murojaatlarning asosiy qismi yirik onlayn savdo platformalari va muddatli toʻlov xizmatlariga toʻgʻri kelishini koʻrsatgan.
Murojaatlar soni boʻyicha Uzum Market yetakchi — 446 ta (36,2 foiz). Keyingi oʻrinlarda Uzum Nasiya — 184 ta (14,9 foiz), Alif Shop — 92 ta (7,5 foiz), Ishonch doʻkonlar tarmogʻi — 69 ta (5,6 foiz) hamda Yandex xizmatlari — 63 ta (5,1 foiz) qayd etilgan.
Qoʻmita murojaatlarni tahlil qilish jarayonida elektron tijorat sohasida tizimli yechim talab qiladigan bir qator muammolarni ham aniqlagan.
Jumladan, elektron tijorat ishtirokchilarini identifikatsiya qilish va axborot shaffofligini taʼminlash, elektron shartnomalar va muddatli toʻlov tizimini takomillashtirish, tovarlarni yetkazib berish hamda mablagʻlarni qaytarish mexanizmlarini yaxshilash masalalari dolzarb boʻlib qolmoqda.
Shuningdek, onlayn platformalar masʼuliyatini kuchaytirish, sudgacha nizolarni hal qilishning raqamli mexanizmlarini joriy etish, elektron hujjat aylanishini takomillashtirish hamda isteʼmolchilar va tadbirkorlarning huquqiy madaniyatini oshirish zarurligi qayd etilgan.
Raqobat qoʻmitasi fuqarolar murojaatlarini koʻrib chiqish va ularning huquqlarini tiklash bilan bir qatorda, kelib tushayotgan murojaatlarni chuqur tahlil qilib, elektron tijoratdagi tizimli muammolarni bartaraf etish boʻyicha takliflar ishlab chiqmoqda.