Mazkur sa’y-harakat Uyushma Ustavida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish maqsadida amalga oshirildi. O‘ziga xos ijod maktabini yaratgan jurnalistlar tajribasini ommalashtirish, “Ustoz-shogird” an’analarini qo‘llab-quvvatlash, “Mahorat maktablari”ni tashkil etish hamda rag‘batlantirib borish Uyushma faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, yosh jurnalistlar bilan muntazam ish olib borish, ularning kasb mahorati oshishiga ko‘maklashish va ana shu maqsadda turli klublar va to‘garaklar tashkil etish ham ushbu jamoat tashkilotining dasturiy vazifalari sirasiga kiradi.
20 ta “Mahorat maktabi” faoliyati Uyushmaning xududiy bo‘limlari tomonidan muvofiqlashtiriladi. 15 tasi esa poytaxtda - Uyushmaning markaziy apparati qoshida ish olib boradi. Masalan, Toshkent shahrida ustoz jurnalistlarning mahorat saboqlari O‘zbekiston Milliy matbuot markazida, Kontent markazida va tahririyatlarda olib boriladi. Buning uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi. Uyushma tomonidan “Mahorat maktabi”ni boshqargan ijodkorlarni rag‘batlantirib borish choralari ko‘riladi. Saboqlar internet jurnalistikasi, bosma matbuot, televideniye, radio, huquqiy jurnalistika, sport jurnalistikasi, fotojurnalistika kabi yo‘nalishlarda olib boriladi. “Mahorat maktablari”ga jurnalistika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar, sohaga qiziquvchi yoshlar jalb etiladi va saboqlar yakunida ishtirokchilarga sertifikat beriladi.
Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining bu tashabbusi jurnalistlarning yangi avlodini tayyorlash borasida boshlangan tizimli faoliyatning uzviy qismidir. Kelgusida mazkur yo‘nalishdagi amaliy ishlar turli tanlovlar va loyihalar orqali izchil davom ettiriladi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi
Axborot xizmati