Keyingi paytlarda tobora ommalashib borayotgan ijtimoiy tarmoq va rasmiy internet nashrlarida shu kabi e’tibor tortar, shov-shuvli voqea-hodisalar yoritilgan materiallar ko‘paygandek. Hatto uyatli videolar uchramoqda.
Davlat va nodavlat internet nashrlari vakillarining bunday mazmundagi axborot tayyorlash va e’lon qilishga o‘chligining sababi nimada?! Bunga javob sifatida shuni aytish mumkin, tabiiyki, tahririyatlar birinchi navbatda o‘z kuzatuvchi(podpischik)larini ushlab turish va ular safini kengaytirish, e’lon qilingan material ko‘ruvchilari sonini oshirish orqali e’tiborga tushish, jamoasi nufuzini yaxshilash, boshqacha aytganda, milliy media maydonda o‘z o‘rnini mustahkamlash, qolaversa, tijorat materiallari ko‘proq jalb etilishiga harakat qiladi. Ayni shu maqsadlar shov-shuvli (muhim ahamiyatga ega bo‘lgan-bo‘lmagan) materiallarning tarmoqlarga joylashtirilishiga sabablardan, deb o‘ylaymiz.
Aslida jurnalist jamiyatdagi odamlar xohish-istagi, qiziqishidan kelib chiqib material tayyorlamasligi kerak. U voqea-hodisalarni ahamiyati – muhim yoki muhim emasligini inobatga olgan holda jarayonni xolis-haqqoniy, qanday bo‘lsa shundayligicha (jurnalistika janrlari bo‘yicha) yoritishi lozim.
Kezi kelganda ta’kidlash joiz, amaldagi O‘zbekiston jurnalistlarining kasb etikasi kodeksida jurnalistning materiallari jamiyat manfaatlariga xizmat qilishi kerakligi belgilangan.
Shu ma’noda, rasmiy veb-sayt, telegram kanal, “Facebook” singari ijtimoiy tarmoq sahifalarida uchrayotgan, yuqorida aytib o‘tilgan mazmundagi informatsiyalar yoshlar, umuman, omma kayfiyat-u ruhiyatiga qanday ta’sir qiladi? Ayni savolimizga taniqli pisixolog Shoira Isoqova shunday javob berdi:
– Bugun global maydon, ijtimoiy tarmoqdagi axborotlar hayotimizning ajralmas qismiga aylanib bo‘ldi. Yodda tutushimiz lozim, har qanday axborot inson ruhiyatiga bir xil ta’sir qilmaydi. Afsuski, so‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar va ayrim axborot manbalarida qotillik, zo‘ravonlik, janjal va fojealar haqidagi shov-shuvli xabarlar tobora ko‘paymoqda. Bu usulda yozayotgan nashrlar shov-shuv ko‘tarish orqali o‘z reytingini oshirishni ko‘zlagani hech kimga sir emas. Bunday salbiy matn va ohangdagi axborotlar nafaqat kattalarning, balki farzandlarimizning ham ongi va qalbiga ta’sir qilmoqda. Eng xavflisi, bolalar va o‘smirlar hayotni aynan shu axborotlar orqali qabul qila boshlaydi. Natijada ularda xavotir, qo‘rquv, ishonchsizlik, tajovuzkorlik yoki tushkunlik kabi holatlar yuzaga kelishi mumkin. Bolaning qalbi nozik. U nimani ko‘p ko‘rsa, nimani ko‘p eshitsa, uning dunyoqarashi ham shunga qarab shakllanadi. Men har doim ota-onalarga bir fikrni aytaman: farzandingizning tanasiga qanday ozuqa berayotganingizga e’tibor bersangiz, uning ongiga qanday axborot kirayotganiga ham shunday jiddiy qarang. Chunki bolani-insonni har kuni o‘qiyotgan, eshitayotgan va ko‘rayotgan axboroti tarbiyalaydi-shakllantiradi.
Axborotni tanlash madaniyatini shakllantirish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri. Ota-onalar farzandlari bilan dasturxon atrofida ko‘proq suhbatlashishi, ularning his-tuyg‘ularini eshitishi va internetda nimalarni kuzatayotganiga befarq bo‘lmasligi lozim. Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalari, jurnalist va blogerlar ham mas’uliyatni his etishlari, bo‘lar-bo‘lmas informatsiya tarqatishdan tiyilishi kerak. Axborotning asosiy vazifasi shov-shuv uyg‘otish yoki odamlarni qo‘rqitish emas, balki aholini yangiliklardan, muhim voqea-hodisalardan xabardor qilish, ularni to‘g‘ri fikrlashga undash, kezi kelganda, xavflardan ogohlantirish, shuningdek, jamiyatda ezgulik, mehr-oqibat hamda ishonch muhitini mustahkamlash kabilarga qaratiladi.
Shuni unutmaslik lozim, biz qanday axborotni ko‘paytirsak, ertangi jamiyat ham shunga o‘xshab shakllanadi. Shunday ekan, har bir axborot tayyorlovchi va tarqatuvchi buni his qilgan holda ishiga mas’uliyat bilan yondashish shart.
X. Salimov