Eng avvalo,
kechagi jurnalistika qanday edi degan savolga javobdan boshlaylik. An’anaviy
jurnalistika davrida, birinchidan, axborot manbalari cheklangan edi. Xususan
gazeta, radio va televidenie asosiy axborot tarqatuvchi vosita hisoblanardi.
Ikkinchidan, jurnalist faqat axborotni to‘plash, qayta ishlash, tahrirlash va
auditoriyaga yetkazish vazifasini bajarish bilan cheklandi. Bunda axborot
oqimining bir taraflamaligi ko‘zga tashlanadi. Chunki, axborot tanqisligi,
professional tahririy nazorat, bosma nashrlarning ustunligi va auditoriyaning
passiv qabul qilishi ustun bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytganda, kecha jurnalist
faqat voqyealarni yetkazish bilan cheklandi. Bugun esa u voqyealarni tushuntirish,
tahlil qilish va auditoriyani axborot xurujlaridan himoya qilish vazifasini ham
bajarmoqda.
O‘tgan asrlarda
axborot yetishmasligi muammosi bo‘lgan bo‘lsa, hozir axborotning haddan ziyod
ko‘pligi muammosi mavjud. Chunki, har bir smartfon egasi ma'lum darajada
kontent ijodkoriga aylandi, xohlagan ma'lumotni xohlagan shaklda, xohlagan
joyiga yetkaza olish imkoniyatiga ega. Demak, har qanday fuqaro axborot
tarqatuvchisiga aylandi, shunday ekan, endi jurnalist axborot tarqatuvchisi
bo‘lish bilan cheklanmay, haqiqatni yolg‘ondan ajratib berish mas'uliyatini o‘z
zimmasiga olmoqda.
Bir so‘z bilan
aytganda, XX-asr jurnalistini axborot yetkazgan bo‘lsa, XXI-asr jurnalisti
axborotni saralaydi, tekshiradi, tahlil qiladi va izohlaydi.
Yana bir muhim
masala bor, ya’ni jurnalistikaning asosiy kapitali – ishonch.
Agar auditoriya qaysi xabar rost, qaysi yolg‘on ekanini ajrata olmasa, ommaviy
axborot vositalariga bo‘lgan ishonch pasayadi. Hozirgi davrda ba'zida hatto
haqiqiy xabar ham shubha bilan qabul qilinmoqda. Media tadqiqotchilar bu
holatni «axborot ishonchsizligi yoki axborot tartibsizligi» (information
disorder) deb atashadi. Auditoriyaning ishonchli va tekshirilgan axborotga
bo‘lgan talabini qondirish uchun ham so‘nggi vaqtlarda jurnalistning yangi
missiyalari paydo bo‘lmoqda, bular faktcheking; tahliliy bo‘lish; media
savodxon targ‘ibotchisiga aylanish; jamoatchilik va davlat o‘rtasidagi muloqot
ko‘prigi vazifasini mas'uliyat bilan bajarish.
Ilgari
jurnalistikaning asosiy raqibi senzura deb aytilar edi, hozirgi davrda esa
jurnalistika uchun senzura emas, balki dezinformatsiya eng xavfli tahdid
hisoblanadi. Aslida dezinformatsiya milliy va global axborot xavfsizligi
omillaridan biri sifatida baholanmoqda. Shu bilan birga uning tarqalish tezligi
ham tezlashdi. Chunki, raqamli platformalar algoritmlari emotsional va
sensatsion kontentni tezroq tarqatadi. Psixologik ilmiy tadqiqotlar
ko‘rsatishicha, odamlar hayrat, qo‘rquv yoki g‘azab uyg‘otuvchi xabarlarni
ko‘rishga va ulashishga moyilroq bo‘ladi. Shuning uchun yolg‘on xabarlar ba'zan
haqiqiy xabarlarga qaraganda tezroq tarqaladi.
Bu holat
jurnalistlardan faktcheking vazifalarini to‘g‘ri bajarishni talab etadi.
Ayni paytda
soxta yangiliklar; deepfake texnologiyalari; manipulyativ kontent; e'tiborni
jalb qilish uchun keskin raqobat – media muhitidagi eng katta tahdidlardir.
Ilgari foto yoki video ma’lum bir voqyeaning kuchli dalili hisoblanardi.
Bugun esa sun’iy intellekt yordamida inson ovozi, yuz ifodasi va
harakatlarini haqiqatga juda yaqin tarzda soxtalashtirish mumkin. Natijada
jurnalistikada uzoq yillar davomida amal qilib kelingan «ko‘rdim – demak bu
voqyelik, demak bu haqiqat» degan tamoyil yetarli bo‘lmay qolmoqda. Endi har
qanday foto, video yoki audio material qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkazilishi
talab etiladi.
Shu bilan
birga, hozirgi davrda sun’iy intellekt barcha sohalardagi kabi
jurnalistikaga ko‘makdosh bo‘lmoqda. U katta ma’lumotlarni tahlil qilish, tarjima
qilish, transkripsiya va texnik vazifalarni bajara oladi. Lekin haqiqatni
anglash, voqyelikni baholash va axloqiy qaror qabul qilish baribir insonning
zimmasida qoladi.
An’anaviy
jurnalistikada asosiy vazifa axborotni yetkazish bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda
jurnalist – faktlarni tekshiruvchi, ma’lumotlarni verifikatsiya
qiluvchi, manbalarni baholovchi, media savodxonlikni shakllantiruvchi
mutaxassisga aylanmoqda. Shuning uchun aytishimiz mumkinki, XXI asrda
jurnalistning eng muhim mahorati tezkorlik emas, balki haqiqatni yolg‘ondan
ajrata olish qobiliyatidir.
O‘tgan asr
jurnalistikasining asosiy muammosi axborot yetishmasligi bo‘lgan bo‘lsa,
bugungi kunning muammosi – axborotning haqqoniyligini aniqlashdir. deepfake va
dezinformatsiya sharoitida jurnalist nafaqat axborot tarqatuvchi, balki
haqiqatni himoya qiluvchi mutaxassisga aylanmoqda.
Muxtasar
aytganda, zamonlar o‘zgaradi, odamlar o‘zgaradi, texnologiyalar va platformalar
ham o‘zgaradi, lekin jurnalistikaning asosiy tamoyili va vazifasi o‘zgarmaydi.
U hamisha haqiqatni izlash, jamiyat manfaatini himoya qilish va odamlar
o‘rtasida ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi. Chunki jurnalistika oddiy
soha emas, jamoatchilik ishonchini himoyalavchi ijtimoiy institutdir. Agar
jamiyat haqiqatni eshitish va ko‘rish imkoniyatini yo‘qotsa, to‘g‘ri qaror
qabul qilish imkoniyatini ham yo‘qotadi. Shuning uchun jurnalistikaning
kelajagi – haqqoniylik, mas'uliyat va professionallikka bog‘liq.
Zlixa Orazimbetova,
filologiya fanlari doktori, professor.