Uchrashuvda ikki davlat rahbarlarining joriy yil avgust oyidagi uchrashuvi va unda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stona va strategik sheriklik munosabatlarini energetika sohasida yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, yangi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish hamda neft-gaz sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, elektr energetikasi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, Markaziy Osiyo — Ozarbayjon “Yashil energiya koridori”, geologik qidiruv ishlari, neft va neft mahsulotlarini yetkazib berish hamda neftni qayta ishlash sohalaridagi qo‘shma loyihalar muhokama qilindi.

Uchrashuvda ikki mamlakat Prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar va o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorlik O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi strategik sheriklikni, jumladan, energetika sohasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun muhim asos bo‘lib xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va Ozarbayjon Respublikasi Energetika vazirligi o‘rtasida 2026–2028-yillarda energetika sohasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha Yo‘l xaritasi imzolandi. 

Hujjatda “Yashil energiya koridori” loyihasini amalga oshirish, neft-gaz sohasida geologik qidiruv va qazib chiqarish, neft va neft mahsulotlarini yetkazib berish, neftni qayta ishlash sohasida qo‘shma loyihalarni rivojlantirish hamda SOCARning O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilandi.