Mazkur shamol elektr stansiyalari Navoiy va Buxoro viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Toshkent viloyatida barpo etildi. Bu loyihalar yurtimiz energetika tizimida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Xususan, 2023–2024-yillarda Navoiy viloyatining Tomdi tumanida 500 MVt, 2024–2025-yillarda Buxoro viloyatining Peshku va G‘ijduvon tumanlarida har birining quvvati 500 MVtdan bo‘lgan 2 ta hamda 52 MVt quvvatli 1 ta (jami 1052 MVt), 2025-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qorao‘zak tumanida 100 MVt, 2026-yilda esa Qorao‘zak tumanida 200 MVt hamda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida 20 MVt quvvatli shamol elektr stansiyalari ishga tushirildi.
Ushbu shamol elektr stansiyalari ishga tushirilgandan buyon bugungi kunga qadar jami 8,2 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Buning natijasida 2,1 mlrd kub metr tabiiy gaz tejaldi hamda atmosferaga 4,7 mln tonna zararli moddalar chiqarilishining oldi olindi.
“Yashil” energiya ulushining ortib borishi — O‘zbekiston energetika sohasidagi islohotlarning amaliy natijasidir. Bu yo‘nalish energiya manbalarini diversifikatsiya qilish va zamonaviy energetika tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.