Pedagoglarning majburiy tibbiy koʻrigini raqamlashtirish va ushbu jarayon ustidan nazoratni yanada takomillashtirish taʼlim sifati hamda ehtimoliy korrupsion xavflarning oldini olishda muhim ahamiyatga ega. Taʼlim sifati haqida gap ketganda, odatda darsliklar, pedagoglarning malakasi, zamonaviy texnologiyalar, maktablarning moddiy-texnik bazasi va oʻquvchilarning bilim darajasi haqida soʻz yuritamiz. Biroq taʼlim jarayonining eng muhim ishtirokchilaridan biri boʻlgan pedagogning sogʻligʻi masalasiga ham yetarlicha eʼtibor qaratish zarur.

Oʻzbekiston Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2025/2026-oʻquv yili boshida mamlakatimizda 11 118 ta umumiy oʻrta taʼlim tashkiloti faoliyat yuritgan. Ushbu taʼlim tashkilotlarida 577,7 ming nafar oʻqituvchi mehnat qilgan.

Bu raqamlar ortida yuz minglab insonlarning kundalik mehnati va millionlab oʻquvchilarning taʼlim-tarbiyasi turibdi. Shunday ekan, pedagogning sogʻligʻini nazorat qilishni faqat tibbiyot tizimining vazifasi sifatida emas, balki taʼlim sifati, oʻquvchilar xavfsizligi, mehnat unumdorligi va inson kapitali bilan bogʻliq masala sifatida koʻrish lozim.

Amaldagi tartibga koʻra, umumtaʼlim maktablarining pedagoglari majburiy davriy tibbiy koʻrikdan yiliga bir marta oʻtishi belgilangan. Mazkur talabning asosiy maqsadi shunchaki “sogʻlom” degan maʼlumotnoma olish emas, balki pedagog salomatligidagi muammolarni oʻz vaqtida aniqlash, zarur tibbiy tavsiyalar berish va tegishli choralarni koʻrishdan iborat.

Shu oʻrinda muhim savol tugʻiladi: pedagogning qoʻlida tibbiy koʻrikdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi hujjat boʻlishi uning haqiqatan ham barcha zarur tibbiy tekshiruvlardan oʻtganini anglatadimi?

Aynan shu savol majburiy tibbiy koʻrik tizimini yanada takomillashtirish zaruratini koʻrsatadi.  Bu yerda masala maʼlumotnomaning oʻzida emas, balki uni rasmiylashtirish jarayonining qanchalik shaffof va ishonchli tashkil etilganidadir. Agar pedagog tibbiyot muassasasiga amalda bormasdan yoki zarur tekshiruvlarning barchasidan oʻtmasdan turib tegishli tibbiy xulosaga ega boʻlish imkoniyatiga ega boʻlsa, tibbiy koʻrikning asl maqsadi toʻliq taʼminlanmasligi mumkin.

Ayrim holatlarda norasmiy toʻlovlar orqali belgilangan tartibni chetlab oʻtish imkoniyati paydo boʻlishi ham korrupsion xavf nuqtayi nazaridan eʼtiborga molik masaladir. Bu yerda gap 50, 100 yoki 150 ming soʻm kabi mablagʻ miqdorida emas. Asosiy eʼtiborni qonuniy va belgilangan tartib oʻrniga norasmiy usullarga murojaat qilish amaliyoti shakllanib qolishining oldini olishga qaratish lozim.

Korrupsion xavflar har doim ham katta mablagʻlar bilan bogʻliq boʻlavermaydi. Ayrim holatlarda “shu ishni tezroq bitirish uchun ozgina pul berib qoʻya qolay” degan yondashuv ham qonuniy tartiblarni chetlab oʻtishga nisbatan murosali munosabatni shakllantirishi mumkin. Bunday holatlar takrorlanishi esa vaqt oʻtishi bilan tizimda ishonch va shaffoflikka salbiy taʼsir koʻrsatishi ehtimoldan xoli emas.

Shu sababli maishiy korrupsion xavflarning oldini olish faqat yirik korrupsion holatlarga eʼtibor qaratish bilan cheklanmasdan, kichik koʻringan, ammo takrorlanishi natijasida tizimli muammoga aylanishi mumkin boʻlgan holatlarni ham barvaqt aniqlash va bartaraf etishni talab qiladi.

Masalaning yana bir muhim tomoni — ushbu jarayonning taʼlim sifatiga ehtimoliy taʼsiridir. Albatta, tibbiy koʻrikdan sifatli oʻtmagan har bir pedagogning dars sifati past boʻladi, degan xulosaga kelish toʻgʻri emas. Biroq sogʻliq bilan bogʻliq ayrim muammolar oʻz vaqtida aniqlanmasa, insonning ish qobiliyati va kundalik faoliyatiga taʼsir qilishi mumkin.

Doimiy charchoq, ovoz bilan bogʻliq muammolar, turli kasalliklar, ruhiy zoʻriqish va boshqa sogʻliq muammolari pedagogning kasbiy faoliyatida muayyan qiyinchiliklarni yuzaga keltirishi ehtimoli mavjud. Shu nuqtayi nazardan, pedagog salomatligi, uning mehnat qobiliyati va dars jarayoni samaradorligi oʻrtasida muayyan bogʻliqlik mavjud.

Demak, tibbiy koʻrikni sifatli, shaffof va zamonaviy talablar asosida tashkil etish nafaqat pedagoglar salomatligini muhofaza qilish, balki taʼlim sifati, oʻquvchilar xavfsizligi va tizimdagi ishonchni mustahkamlashning ham muhim tarkibiy qismi hisoblanadi.

Bugungi kunda yana bir muhim masalani oʻrtaga qoʻyish lozim: pedagog tibbiy koʻrikdan belgilangan tartibda va toʻliq ravishda oʻtdimi? Qogʻoz shaklidagi maʼlumotnoma bu savolga har doim ham toʻliq javob bermasligi mumkin. Pedagog tibbiyot muassasasiga haqiqatan borganmi? Barcha zarur shifokor koʻrigidan oʻtganmi? Laboratoriya tekshiruvlarini topshirganmi? Tibbiy xulosa aynan shu shaxsga tegishlimi? Boshqa shaxsning uning oʻrniga koʻrikdan oʻtishiga yoʻl qoʻyilmaganmi?

Shu nuqtayi nazardan, nazoratning asosiy mezoni faqat “maʼlumotnoma mavjudligi” emas, balki “tibbiy koʻrikning amalda va belgilangan talablar asosida oʻtkazilgani” boʻlishi maqsadga muvofiq.

Bu borada zamonaviy raqamli texnologiyalar yangi imkoniyatlar yaratishi mumkin. Masalan, “Elektron pedagog tibbiy koʻrik” tizimini joriy etish orqali har bir pedagogning majburiy tibbiy koʻrigi yagona elektron tizimda qayd etilishi mumkin. Unda koʻrikdan oʻtgan sana, tibbiy muassasa, zarur tekshiruvlarning bajarilganligi va navbatdagi koʻrik muddati kabi maʼlumotlar elektron tarzda yuritilishi mumkin.

Bunda, albatta, pedagogning tibbiy siri va shaxsiy maʼlumotlari qatʼiy himoya qilinishi shart. Maktab rahbariyatiga pedagogning tashxislari yoki boshqa maxfiy tibbiy maʼlumotlarini taqdim etish talab etilmasligi kerak. Unga faqat pedagogning majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtgan yoki oʻtmaganligi hamda navbatdagi koʻrik muddati haqidagi zarur maʼlumotni koʻrsatishning oʻzi yetarli boʻlishi mumkin.

Elektron tizimning yana bir muhim jihati — pedagog shaxsini ishonchli identifikatsiya qilish imkoniyatidir. Tibbiyot muassasasiga kelgan shaxsning ID-karta yoki boshqa qonuniy identifikatsiya vositasi orqali shaxsi tasdiqlansa, bir pedagog oʻrniga boshqa shaxsning koʻrikdan oʻtishi ehtimolini kamaytirish mumkin.

Jarayonni nisbatan sodda tartibda tashkil etish mumkin: pedagog shaxsini tasdiqlaydi, tibbiy koʻrikdan oʻtadi, tegishli natijalar elektron tizimga kiritiladi va taʼlim tashkilotiga koʻrikdan oʻtilganligi toʻgʻrisida elektron tasdiq yuboriladi.

Bunday yondashuv qogʻozbozlikni kamaytirish, inson omiliga bogʻliq ayrim jarayonlarni qisqartirish va nazorat samaradorligini oshirishga xizmat qilishi mumkin.

Masalaning moliyaviy jihati ham eʼtibordan chetda qolmasligi kerak. Yiliga yuz minglab pedagog majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtadigan tizimda davlat mablagʻlaridan foydalanishning shaffofligi muhim ahamiyat kasb etadi. Bir yilda qancha pedagog tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgani, buning uchun qancha mablagʻ sarflangani, bir nafar pedagog uchun oʻrtacha xarajat qancha boʻlgani va xizmatlarni qaysi tibbiyot muassasalari koʻrsatgani haqidagi umumlashtirilgan statistik maʼlumotlarni ochiqlash jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirishga xizmat qilishi mumkin.

Shuningdek, pedagoglarning yillik tibbiy koʻrigini yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik jarayoni bilan muvofiqlashtirish imkoniyatini huquqiy va tashkiliy jihatdan oʻrganish ham maqsadga muvofiq. Bunda asosiy maqsad pedagogga qoʻshimcha byurokratik yuklama yuklash emas, balki yangi oʻquv yilini tibbiy koʻrikdan oʻz vaqtida oʻtgan pedagoglar bilan boshlash uchun qulay sharoit yaratishdan iborat boʻlishi kerak.

Muammoni takomillashtirish yoʻnalishida, avvalo, pedagoglarning majburiy tibbiy koʻrigini elektron nazorat qilish imkonini beruvchi yagona tizim yaratish, tibbiy koʻrikka kelgan pedagogning shaxsini ishonchli identifikatsiya qilish, qogʻoz maʼlumotnomalardan elektron tasdiqlash tizimiga bosqichma-bosqich oʻtish, navbatdagi koʻrik muddati yaqinlashganda avtomatik elektron xabarnoma yuborish, ehtimoliy qoidabuzarlik va korrupsion xavflarni aniqlashga qaratilgan elektron monitoring mexanizmlarini joriy etish hamda davlat mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan tibbiy koʻriklar boʻyicha umumlashtirilgan statistik maʼlumotlarni ochiqlash kabi choralarni koʻrib chiqish mumkin.

Bugun maktablarda elektron kundalik, elektron hujjat aylanishi va raqamli taʼlim texnologiyalari tobora rivojlanib bormoqda. Shunday ekan, pedagoglarning majburiy tibbiy koʻrigini ham zamonaviy raqamli tizimga oʻtkazish masalasini kun tartibiga qoʻyish vaqti kelgan, deb hisoblash mumkin.

Chunki masala faqat “tibbiy maʼlumotnoma bormi?” degan savol bilan cheklanmasligi kerak. Asosiy eʼtibor “pedagog tibbiy koʻrikdan haqiqatan ham oʻtdimi?” degan savolga ishonchli va shaffof javob berish imkoniyatini yaratishga qaratilishi lozim.

Bunday tizimning joriy etilishi, avvalo, tibbiy nazorat sifatini oshirish, qogʻozbozlikni kamaytirish, shaxsni identifikatsiya qilish bilan bogʻliq jarayonlarni takomillashtirish va turli qoidabuzarliklarning oldini olishga yordam berishi mumkin. Shu bilan birga, ehtimoliy maishiy korrupsion xavflarni kamaytirish uchun ham qoʻshimcha sharoit yaratiladi.

Eng muhimi, bunday yondashuv pedagoglarning sogʻligʻini oʻz vaqtida nazorat qilish, ular uchun qulay va shaffof jarayonni shakllantirish hamda taʼlim tizimida raqamlashtirish imkoniyatlaridan yanada samarali foydalanishga xizmat qiladi.

Muxsiddin Nizomiddinov,

xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashidagi OʻzXDP deputati.

Muallif fikrlari tahririyat pozitsiyasini anglatmaydi