Tadbir «Hamjihatlikdagi taraqqiyot, umumiy inson
huquqlari: Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiya qabul qilinganining 40
yilligi va inson huquqlari sohasidagi global boshqaruvning yangi istiqboli» mavzusiga
bag‘ishlandi.
Forumda asosiy e’tibor raqamli transformatsiya, iqlim
o‘zgarishi va global ijtimoiy-iqtisodiy muammolar sharoitida rivojlanish
huquqini ta’minlashga doir zamonaviy yondashuvlarni ishlab chiqishga qaratildi.
Tadbirda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston
Respublikasi Milliy markazi direktorining o‘rinbosari Dilnoza Muratova ishtirok
etdi.
Forumda dunyoning 100 dan ortiq mamlakatidan davlat
organlari, ilmiy-ekspert hamjamiyati va inson huquqlari bo‘yicha milliy
institutlar vakillari, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa
xalqaro tashkilotlar vakillari – jami 400 dan ziyod ishtirokchi qatnashdi.
Inson huquqlari sohasidagi global boshqaruv forumi
Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashining Matbuot idorasi va XXR Tashqi
ishlar vazirligi, Inson huquqlarini o‘rganish bo‘yicha Xitoy jamiyati hamda
Xitoyning Inson huquqlarini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil
etildi.
Yalpi majlisda Milliy markaz vakili tomonidan
O‘zbekistonda ijtimoiy davlat tamoyillariga asoslangan islohotlarga, inson
kapitalini rivojlantirishga, ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga va
aholini ijtimoiy himoya qilishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, O‘zbekistonning ijtimoiy davlat tamoyillarini amalga oshirish,
inson kapitalini rivojlantirish, inson huquqlari sohasidagi ta'limni ilgari
surish va barqaror rivojlanish uchun imkoniyatlarni mustahkamlash borasidagi
tajribasi taqdim etildi.
Forum ishtirokchilari joriy yiln sentyabr oyida bo‘lib
o‘tadigan Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumida ishtirok
etishga taklif etildi.
Forum ishtirokchilari tomonidan Xitoyning mamlakatni
modernizatsiya qilish jarayonida inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi
sezilarli yutuqlari qayd etildi. Inson huquqlarini ilgari surish va
insoniyatning yagona taqdiri hamjamiyatini shakllantirish uchun xalqaro
hamkorlikni mustahkamlash muhim ekani ta'kidlandi.
Forum doirasida Xitoyning 2026–2030-yillarga
mo‘ljallangan Inson huquqlari bo‘yicha milliy harakatlar rejasi ham taqdim
etildi.
Dastur doirasida Forum o‘z ishini beshta mavzuli sho‘balarda
davom ettirdi. Bunda global boshqaruv va inson huquqlari, sun’iy intellekt
davrida rivojlanish huquqini ro‘yobga chiqarish, modernizatsiya va insonning
har tomonlama kamol topishi hamda xalqaro inson huquqlari kun tartibidagi
boshqa dolzarb masalalar muhokama etildi.
Forum yakunida zamonaviy texnologiyalar, iqlim va
ijtimoiy-iqtisodiy sohalar bilan bog‘liq turli tahdidlar sharoitida xalqaro
hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligiga yana bir bor e’tibor qaratildi.
Ishtirokchilar rivojlanish huquqini ilgari surish hamda inson huquqlari
sohasidagi global boshqaruv tizimini takomillashtirish muhimligini
tasdiqladilar.
Inson huquqlari
bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy
markazi matbuot xizmati.