Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.

Xabarda aytilishicha, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida tezkor tadbirlar o‘tkazilgan.

Jumladan, Navoiy shahrida faoliyat yurituvchi sayyohlik firmasi rahbari Xatirchi tumanida yashovchi 2006 yilda tug‘ilgan fuqaroning ishonchiga kirib, uni Bolgariyaga ishga jo‘natishni va’da qilgan. U barcha hujjatlarni tayyorlab berish evaziga 3 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Yana bir holat Kitob tumanida aniqlangan. Unda 1997 yilda tug‘ilgan shaxs ikki nafar fuqaro­ni Isroilga ishga jo‘natish va ishchi vizasini “tanishlari” orqali rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Evaziga u 20 ming AQSh dollari talab qilgan.

Tezkor tadbir davomida ushbu shaxs Qashqadaryo viloyatiga kelib, so‘ralgan mablag‘dan 5 ming AQSh dollarini olgan paytda qo‘lga olingan.

Hozirda har ikki holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mutaxassislar fuqarolarni xorijga ishga jo‘natish bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlardagi shubhali takliflarga ishonmaslikka chaqiradi. Faqat Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi yoki litsenziyaga ega xususiy bandlik agentliklari xizmatlaridan foydalanish tavsiya etiladi.

Shuningdek, bunday holatlarga duch kelgan fuqarolar Davlat xavfsizlik xizmatining 1520 qisqa raqamiga murojaat qilishi mumkin. Shaxsiy ma’lumotlar maxfiyligi kafolatlanadi.