Farmonga koʻra, 2026-yil hosilidan boshlab Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrar sohada toʻlovlar agentligi (Agentlik) tomonidan quyidagilar kompensatsiya qilinadi:
paxta xomashyosini yetishtirish uchun ajratilgan imtiyozli kreditlarni:
▪️ shartnomada belgilangan muddatda qaytargan xoʻjaliklarga ushbu kreditlar boʻyicha toʻlangan foizning 2,5 foizlik punkti;
▪️ hosil yilining yakuniga (31-dekabriga) qadar qaytargan xoʻjaliklarga kreditlar boʻyicha toʻlangan foiz toʻlovlarining 5 foizlik punkti;
bugʻdoy yetishtirish xarajatlari uchun ajratilgan imtiyozli kreditlarni hosil yilining 1-avgustiga qadar toʻliq qaytargan xoʻjaliklarga ushbu kreditlar boʻyicha toʻlangan foiz toʻlovining 4 foizlik punkti;
paxta xomashyosini xarid qilish uchun paxta-toʻqimachilik klasterlari hamda paxta xomashyosini qayta ishlash va ip-kalava ishlab chiqarish zanjiriga ega toʻqimachilik korxonalariga ajratilgan tijorat kreditlari boʻyicha toʻlangan foiz toʻlovining 8 foiz punktidan yuqori, lekin 16 foiz punktdan oshmagan qismi.
Farmonga koʻra, dizel yoqilgʻisini xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlarni qisman qoplash maqsadida:
2026-yil 1-apreldan 2026-yil 1-iyulgacha qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan birja orqali xarid qilingan har bir tonna dizel yoqilgʻisi qiymatining 13 mln soʻmdan oshgan qismi uchun, biroq 2 mln soʻmdan koʻp boʻlmagan miqdorda respublika byudjeti hisobidan Agentlik orqali subsidiya ajratiladi.
2026-yil 1-sentyabrdan Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining xoʻjaliklarga quyidagi subsidiyalarni ajratish vakolati Agentlikka oʻtkaziladi:
qishloq xoʻjaligi subyektlariga oʻz mablagʻlari hamda tijorat banklari kreditlari hisobidan yetishtirilgan paxta xomashyosini birjada sotganda rasmiylashtirilgan elektron hisobvaraq-faktura qiymatining bir qismini qoplab berish;
paxta-toʻqimachilik klasterlari hamda ip-kalava ishlab chiqarish zanjiriga ega toʻqimachilik korxonalariga oʻz mablagʻlari hisobidan xarid qilingan paxta xomashyosi qiymatining bir qismini qoplab berish.