Muhokamalarda mamlakatimizda norma ijodkorligi faoliyatini yanada takomillashtirish, qonun hujjatlarini sodda va tushunarli tilda tayyorlash hamda bu jarayonlarning huquqiy asoslarini mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
Qonun loyihasi bilan qonunchilik hujjatlarida qo‘llanilayotgan ayrim tushuncha va yuridik atamalarni yagona shaklda ishlatish, ularning yuridik-texnik jihatdan to‘g‘ri bayon etilishini ta’minlash nazarda tutilmoqda.
Xususan, qonunlardagi bir qator xorijiy atamalarni o‘zbekcha muqobillari bilan almashtirish taklif etilgan. Jumladan, “avans” so‘zini “bo‘nak”, “markirovka”ni “tamg‘alash”, “marshrut”ni “yo‘nalish”, “svetofor”ni “yo‘lchiroq”, “kovorking”ni “ish markazi”, “parol”ni “o‘ron”, “progressiv” so‘zini esa “ilg‘or” deb o‘zgartirish taklif qilinmoqda.
Deputatlar qayd etganidek, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi qonun hujjatlaridagi tushuncha va yuridik atamalar qo‘llanilishidagi noaniqliklarni bartaraf etish, ularni bir xillashtirishga xizmat qiladi.
Muhokamalar yakunlariga ko‘ra, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.