Bu boradagi tizimli yondashuv samarasida bankka biriktirilgan 680ga yaqin mahallalarda joriy yilning birinchi yarmida 19 mingdan ziyod aholi doimiy ish bilan taʼminlandi, qariyb 89 ming fuqaroning daromadi oshirildi.
Asrlar sadosini yangi avlodga ulagan
hunar
Andijon viloyati Shahrixon shahridagi
“Nur” mahallasida 1810-yilda Najmiddin ota
asos solgan pichoqchilik anʼanasi bugun sulolaning toʻqqizinchi avlodi
tomonidan munosib davom ettirilmoqda. Yosh hunarmand Arobiddin bobosi Alixoʻja
ota bilan birga ustaxonani rivojlantirmoqda.
Ushbu jarayonda mahalla bankiri ham uning
ishonchli hamkoriga aylangan. Bugun ustaxonada besh nafar shogird hunar
sirlarini oʻrganmoqda, oʻttizdan ortiq turdagi pichoq ishlab chiqarilmoqda,
mahsulotlar xorijiy xaridorlarga ham yetkazib berilmoqda. Shu tariqa asrlar
davomida saqlanib kelayotgan milliy hunar yanada rivojlanib, kelajak avlodga
yetkazilmoqda.
Gidroponika – zamonaviy texnologiya
va barqaror daromad
Angren shahridagi “Samarchugʻ” mahallasida mahalla bankiri koʻmagida
tadbirkor Toʻrabek Ibragimov gidroponika usulida qulupnay yetishtirishni yoʻlga
qoʻydi.
Bugun mazkur loyiha yiliga ikki mavsum hosil
berib, har safar oʻrtacha ikki tonna qulupnay yetishtirmoqda. Natijada yillik
daromad 300 million soʻmdan oshdi. Bu esa zamonaviy agrotexnologiyalar mahalliy
tadbirkorlik uchun qanchalik samarali ekanini amalda koʻrsatmoqda.
Eʼtiborlisi,
bu kabi
loyihalar “Biznesga birinchi qadam” dasturi orqali mamlakatning turli
hududlarida kengayib bormoqda. Joriy yilning 30-iyul holatiga koʻra, dastur doirasida 10,6
mingdan ziyod fuqaroga jami 375,4 mlrd soʻm kredit ajratilib, reja 180 foizga
bajarildi. Bu bitta hovli qulupnayzoridan boshlangan tajribaning minglab
oilalar daromadiga aylanayotganini anglatadi.
“Oʻzgarish”dagi oʻzgarishlar
Davlatimiz
rahbarining Toshkent shahri Sergeli tumaniga tashrifi davomida mahallalarda
amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi yana bir bor namoyon boʻldi.
Tumanning “Oʻzgarish” mahallasida faoliyat yurituvchi mahalla bankiri Bekzod
Ubayev koʻmagida oʻndan ortiq yangi tadbirkorlik subyekti moliyaviy
qoʻllab-quvvatlandi. Pirovardida, bir mahallada tikuvchilik, sartaroshlik,
hunarmandchilik, yarim tayyor mahsulotlar hamda non va non mahsulotlari ishlab
chiqarishga doir yangi biznes loyihalar ishga tushdi.
Bunda
mahalla bankiri aholi ehtiyojlari va hududning biznes salohiyatini chuqur
oʻrganib, nafaqat tadbirkorlik loyihalarini tatbiq etishga, balki mahallada
bandlik darajasini oshirish, xizmatlar koʻlamini kengaytirishga munosib hissa
qoʻshdi.
Islohotlarning insonlar hayotidagi
ifodasi
Shahrixondagi hunarmand, Angrendagi
qulupnay yetishtiruvchi tadbirkor va Sergelida oʻz biznesini boshlagan
fuqarolar haqidagi misollar mahalla bankirlari faoliyatining haqiqiy mazmunini
koʻrsatadi.
Mahalla bankirlari orqali bank
strategiyasi raqamlardan amaliy natijaga aylanib, odamlarning ish bilan
taʼminlanishi, daromadining oshishi va tadbirkorlik tashabbuslarining roʻyobga
chiqishiga xizmat qilmoqda. Bu esa har bir mahallaning iqtisodiy imkoniyatini
kuchaytirish, aholi farovonligini yuksaltirish hamda ijtimoiy islohotlarning
amaliy natijasini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
“Oʻzsanoatqurilishbank” ATB
Tashqi aloqalarni muvofiqlashtirish xizmati