Ushbu qonunning ahamiyati va hayotimizdagi o‘rnini yaqqol tushunish bu borada qisqa tarixiy rakurs qilish va ayrim savollarga javob berishni taqozo etadi. Xullas, qonun qabul qilinishiga qanday ijtimoiy zarurat bor edi? U yoshlarga oid davlat siyosatini qanchalik o‘zgartira oldi? Zamon shiddati bu borada yana qanday bo‘shliqlarni to‘ldirishni taqozo qilmoqda?

2016-yilga qadar amalda bo‘lgan “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi ilk qonun 1991-yil 20-noyabrda mamlakatimiz mustaqillikka erishgan ilk oylarda qabul qilingan edi. O‘tgan chorak asr davomida davlatchilik tizimi, bozor iqtisodiyoti sharoiti, ijtimoiy tuzilma va yoshlarning ehtiyoji tubdan o‘zgardi. 1991-yilgi qonun ko‘proq deklarativ xususiyatga ega bo‘lib, yangi davrning institutsional va huquqiy talablariga javob bera olmay qoldi. Bundan tashqari, mamlakatimiz aholisining qariyb 60 foizini yoshlar tashkil etgani holda, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha tizimli mexanizmlar yetarlicha ishlamas, har yili mehnat bozoriga kirib kelayotgan yuz minglab bitiruvchilar, ularni barqaror ish o‘rinlari bilan ta’minlash ko‘rsatkichi pastligicha qolayotgandi. Demografik dividendni iqtisodiy rivojlanish omiliga aylantirish o‘rniga yoshlar bandligi davlat uchun jiddiy ijtimoiy-iqtisodiy bosim va xavotir manbaiga aylanib qolgan edi.

Mana shu omillar sabab, yoshlar orasidagi yashirin va ochiq ishsizlik eng og‘riqli nuqtalardan biri bo‘lib qoldi. Chunki oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari bitiruvchilarining diplom bo‘yicha ish topishi murakkab, kasbiy ko‘nikmalar real sektor talablariga mos kelmasdi. Natijada millionlab yosh fuqarolarimiz chet elga arzon ishchi kuchi sifatida chiqib ketishga majbur bo‘ldi. Bu esa ijtimoiy beqarorlik va oilaviy inqirozlarni keltirib chiqardi. Ustiga-ustak oliy ta’limga qamrov darajasi atigi 9-10 foiz atrofida saqlanib, yoshlar uchun ilmiy va kasbiy yuksalish imkoniyati juda past edi. Litsey va kollejlar tizimi ko‘p hollarda sifatli ta’lim va real kasb bera olmas, kvotalar cheklangani sababli yoshlarning aksariyati bilim olish va ijtimoiy maqomini ko‘tarish imkoniyatidan mahrum bo‘lib qolaverdi. Achinarli jihati, sohada korrupsiyaviy to‘siqlar va tizimning yopiqligi iqtidorli yoshlarning ijtimoiy faolligini so‘ndirib, pessimistik kayfiyatni kuchaytirayotgan edi.

Bu davrga kelib, yoshlar tadbirkorligi va startaplarini moliyaviy rag‘batlantirish, ularga imtiyozli kreditlar ajratish yoki yer berish borasida aniq huquqiy kafolatlar ham yo‘q edi. Bank tizimi yoshlar uchun garovsiz yoki yengillashtirilgan mexanizmlarni taklif qilmasdi. Bu esa tashabbuskor yoshlarning biznes g‘oyalari va iqtisodiy faoliyat subyekti sifatida shakllanishiga to‘sqinlik qilardi. Bundan tashqari, nogironligi bor, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum, og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan yoki tarbiya muassasalaridan qaytgan yoshlarni reintegratsiya qilish bo‘yicha davlat darajasida aniq konseptual tizim yo‘q edi. Ijtimoiy yordam tarqoq va mavsumiy xususiyat kasb etib, yoshlarni mustaqil hayotga tayyorlash, turar joy va munosib ish bilan ta’minlashning kompleks huquqiy bazasi mavjud emasdi.

2016-yil kuzida O‘zbekistonda davlat boshqaruvining yangi bosqichi boshlandi. Mamlakatning yangi rahbariyati endi yoshlarni shunchaki tarbiyalanuvchi yoki ijtimoiy yordam oluvchi passiv obyekt emas, balki islohotlarning asosiy harakatlantiruvchi kuchi va strategik resursi sifatida tan oldi. Yangi siyosiy iroda va modernizatsiya strategiyasini amalga oshirish uchun yoshlarga qaratilgan munosabatni tubdan yangilash va buni qonun darajasida mustahkamlash eng birinchi galdagi ustuvor vazifaga aylandi. Qonunning qabul qilinishi yangi siyosiy davrda imzolangan eng birinchi muhim huquqiy hujjat bo‘lib, sohadagi barcha bo‘shliqni tizimlashtirishga xizmat qildi.

Agar oldingi hujjatda yoshlar masalasi ko‘proq umumiy shiorlar va qog‘ozdagi bayonotlar darajasida qolgan bo‘lsa, yangi qonun yosh avlodga munosabatni tubdan o‘zgartirib, ularni jamiyatning shunchaki qo‘llab-quvvatlanuvchi qatlami emas, balki davlatni harakatga keltiruvchi asosiy kuch va to‘laqonli ijtimoiy sherik sifatida e’tirof etdi. Qonunning eng muhim yuridik yangiliklaridan biri yoshlar masalasiga aniq huquqiy ta’rif berilgani bo‘ldi. Hujjat bilan 14 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan shaxslar rasman yosh fuqarolar toifasiga kiritildi, “yosh oila” va “yosh mutaxassis” kabi muhim tushunchalar qonun darajasida mustahkamlandi. Bu shunchaki chegara emas, balki davlat tomonidan beriladigan imtiyozlar, uy-joy subsidiyalari, ta’lim kreditlari va kasbiy qo‘llab-quvvatlash aynan kimlarga qaratilishi kerakligini ko‘rsatuvchi aniq dasturdir.

Avvallari yoshlar muammosi ko‘pincha bitta jamoat tashkilotining zimmasiga yuklab qo‘yilar, vazirlik va hokimliklar esa bunga ikkinchi darajali ish sifatida qarardi. Mazkur qonun yoshlar siyosatini amalga oshiruvchi davlat organlarining vakolatlarini ochiq-oydin taqsimlab berdi. Vazirlar Mahkamasidan tortib, mahalliy hokimliklargacha, ta’lim va sog‘liqni saqlashdan mehnat organlarigacha — barcha davlat idoralarining yoshlar oldidagi aniq majburiyatlari qonunan muhrlandi va bu sohada vertikal javobgarlik tizimi ishlab chiqildi. Qonunning ijtimoiy ahamiyati shunda ediki, u quruq va’dalar emas, balki yoshlarning kundalik hayotidagi eng dolzarb muammolarni hal etishga yo‘naltirildi. Unda bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash, yoshlar tadbirkorligi va startaplariga imtiyozli kreditlar ajratish, uy-joyga muhtoj yosh oilalarni subsidiyalash mexanizmlari ilk bor mustahkam huquqiy kafolatlandi. Shuningdek, yetimlar, nogironligi bor va og‘ir ijtimoiy sharoitga tushib qolgan yoshlarni davlat qaramog‘iga olish, jamiyatga to‘siqlarsiz moslashtirish tizimi qonuniy asoslandi.

Qonun mamlakatimizning yoshlari hayotida o‘zgarishlarni boshlab berdi desak, xato bo‘lmaydi. Jumladan, aynan ushbu huquqiy hujjat qabul qilingach, sohadagi eng birinchi katta o‘zgarish boshqaruv tizimida yuz berdi. Ya’ni ilgari faqat jamoat tashkiloti bo‘lgan “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tugatilib, avval O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, 2020-yilda esa bevosita vazirlik maqomiga ega Yoshlar ishlari agentligi tashkil etildi. Bu bilan yoshlar masalasi shunchaki konsert yoki majlislar mavzusi bo‘lmay, vakolati, budjeti va hukumat darajasida aniq javobgarligi bo‘lgan vertikal davlat siyosatiga aylandi. Mahallalarda esa 9000 dan ziyod yoshlar yetakchisi ta’sis etilib, muammolar quyida hal qilinmoqda.

Huquqiy hujjat qabul qilingan yillarda oliy ta’limga kirish haqiqiy muammo bo‘lib, maktab va kollej bitiruvchilarining atigi 9 foizi talaba bo‘lardi. Bugunga kelib bu ko‘rsatkich qariyb 40-42 foizga yetdi. Davlat va nodavlat OTMlar soni ikki yuzdan oshdi. Xorijning nufuzli universitetlari filiali ochildi. Qizlarning magistraturada o‘qishi uchun shartnoma puli davlat budjetidan to‘lab berilishi, xotin-qizlarga ajratilgan alohida davlat grantlari minglab oilalar hayotini tubdan o‘zgartirdi. “El-yurt umidi” jamg‘armasi tubdan qayta tashkil etilishi tufayli minglab o‘zbekistonlik iqtidorli yoshlar Oksford, Kembrij, Garvard, Kolumbiya kabi nufuzli oliygohlarga to‘liq davlat granti asosida o‘qishga yuborildi. Yoshlarning xalqaro til va kasbiy sertifikatlari (IELTS, TOEFL, SAT va boshqalar) uchun to‘lagan imtihon xarajati agentlik tomonidan to‘liq qoplab berila boshlandi.

Ilgari ishsiz yoshlar aniq hisobga olinmas, muammolar umumiy hisobotlar ortida ko‘milib ketar edi. Qonun belgilab bergan ijtimoiy kafolatlar zamirida “Yoshlar daftari” tizimi yaratildi. Mazkur mexanizm orqali millionlab ehtiyojmand yigit-qizlarga tikuv mashinalari, payvandlash va kompyuter uskunalari subsidiya asosida bepul berildi. Davolanish xarajati qoplandi va kontrakt puli to‘lab berildi. “Bir million dasturchi” kabi loyihalar orqali chekka qishloqlardagi minglab yoshlar AT sohasiga kirib kelib, masofadan turib daromad topa boshladi. Qonunning eng sezilarli natijalaridan biri yoshlarning biznesga erkin kirib kelishi bo‘ldi. “Yoshlar — kelajagimiz” jamg‘armasi va mikromoliya tashkilotlari orqali minglab yosh tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar ajratildi. Qishloq joylarda esa ishsiz yoshlarga dehqonchilik qilishi uchun 10 sotixdan 1 gektargacha yer maydoni uzoq muddatga ajratib berildi. Bu choralar tufayli yoshlar ishli bo‘lish barobarida tengdoshlari uchun ham yangi ish o‘rinlari ochdi.

Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” umummilliy darajadagi harakatga aylanib, ko‘chadan tortib, respublika bosqichigacha millionlab yoshlarni madaniyat, kitobxonlik, san’at va milliy sport turlari atrofida birlashtirdi. Maktablar va mahallalarda “Zakovat” intellektual o‘yinlari keng yoyildi. “Yosh kitobxon” tanlovi g‘oliblariga Prezident sovg‘asi topshirilishi bilim olishni jamiyatda nufuzli va qadrli trendga aylantirdi. Yoshlar sportda va ilmda jahon sahnasida O‘zbekiston nomini yuqori pog‘onalarga olib chiqdi. Olimpiya o‘yinlarida tarixdagi eng yaxshi natijalar qayd etildi. Eng asosiysi, yoshlar davlat boshqaruvi va qonun ijodkorligida ishtirok etmoqda. Parlament negizida Yoshlar parlamenti tuzildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga yoshlar huquqlari bo‘yicha alohida moddalar kiritildi hamda yosh rahbar kadrlar vazir o‘rinbosarlari, hokim o‘rinbosarlari va deputatlik lavozimlariga ishonch bilan tayinlana boshladi.

Mamlakatimiz mustaqilligining so‘nggi o‘n yilligi yurtdoshlarimiz hayotida juda katta o‘zgarishlar davri bo‘ldi. Xalqimiz milliy taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. Bu bosqichning mantig‘i yangi davrga munosib o‘zgarishlar, mukammal qonunlar va islohotlarni talab qiladi. Shuningdek, zamon talabi bo‘lgan globallashuv va raqamlashuv ham qonunlarimizni yanada takomillashtirish, zamon shiddatiga moslashuv zaruratini talab qilmoqda. Masalan, yosh mutaxassislarni ishga olish yoki huquqlarini himoya qilish ko‘p jihatdan ish beruvchining ixtiyoriga tashlab qo‘yilgan.

Dunyo va jamiyat keskin o‘zgardi, ya’ni sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyot, kiberxavfsizlik va yoshlarning ruhiy salomatligi kabi bugungi avlod duch kelayotgan yangi masalalarni qonunchiligimizda aks ettirish zarur.

Bugun dunyoda insoniyatning o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi ham ortib borishi

14 dan 30 yoshgacha bo‘lgan chegarani ko‘plab rivojlangan davlatlardagidek (35 yoshgacha) zamonaviy demografik o‘zgarishlar bilan qayta ko‘rib chiqish zaruratini vujudga keltirmoqda. Yoshlar bilan bog‘liq qonunchiligimizning amaliy ijro mexanizmlarida, xususan, “Yoshlar daftari” va mahalliy dasturlarda yordamni noto‘g‘ri tushunish muammosi mavjud. Aksariyat hollarda ish yoshlarga bepul uskuna yoki bir martalik moddiy yordam berish bilan cheklanib qolyapti. Ularning mustaqil oyoqqa turishini ta’minlovchi monitoring tizimi oqsamoqda. Masalan, subsidiyaga tikuv mashinasi yoki monoblok olgan yoshlar bir necha oydan so‘ng uni sotib yuborishi yoki undan foydalanmasligi holatlari uchrab turadi. Bu esa yoshlarda muammolarni faqat davlat yordami bilan hal qilish kayfiyatini ham kuchaytirib, ularni haqiqiy bozor raqobatiga tayyorlashga xalal bermoqda.

Har bir mahallada yoshlar yetakchisi lavozimining joriy etilishi juda ilg‘or tashabbus bo‘lgan edi, biroq amaliyotda ularning faoliyati byurokratiya va qog‘ozbozlikka ko‘milib qoldi. Yetakchilar yoshlar bilan jonli muloqot qilish va ularning muammolarini hal etish o‘rniga kun bo‘yi turli platformalarda hisobot to‘ldirish, mahalla raisi yoki hokimlikning boshqa yumushlarini bajarish bilan band bo‘lib qolmoqda. Natijada mahalladagi og‘ir toifaga mansub qatlam — chet elda ishlab yurgan migrantlar, jazoni o‘tab qaytganlar yoki real yordamga muhtoj, lekin murojaat qilmaydigan yoshlar nazardan chetda qolib ketmoqda. Ishlar esa ko‘pincha chiroyli raqamlar uchun qilinmoqda. Bu muammolarning ham qonuniy yechimini hal qilish lozim.

Oliygohlarga qamrov keskin oshganiga qaramay, ta’lim sifati va real iqtisodiyot ehtiyoji o‘rtasidagi jarlik saqlanib qolmoqda. Yiliga yuz minglab yoshlar qo‘liga diplom olayotgan bo‘lsa-da, korxonalar va xususiy sektorda malakali kadrlar taqchilligi davom etmoqda. Diplomli mutaxassislarning kuryerlik, taksichilik qilishi yoki mardikor bozoriga chiqishi odatiy holga aylandi. Qonunlarimizda nazarda tutilgan “kasbga yo‘naltirish” va “bitiruvchilarni kafolatli ish bilan ta’minlash” mexanizmlari ta’lim muassasalari bilan ish beruvchilar o‘rtasida mustahkam ko‘prik bo‘la olmayapti. Bu esa millionlab yoshlarni hamon tashqi mehnat migratsiyasiga suyanishga majbur qilmoqda.

Aslida, har bir qonun hujjati, har bir qaror hamda unda belgilangan normalar va vazifalar qog‘ozdagi bandlardan chiqib, to‘liq kuchga kirishi millionlab yigit-qizlarning hayotini tubdan o‘zgartira oladi. Ular shunchaki “kelajak umidi” bo‘lishdan to‘xtab, bugunning haqiqiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanadi. Ta’lim tizimi mehnat bozoriga hamohang ishlab, diplomsizlik yoki tajribasizlik yoshlar yo‘lidagi to‘siq bo‘lmay qoladi. Startaplar, imtiyozli kreditlar va ijtimoiy liftlar har bir iste’dod egasiga o‘z yurtida qadr topish imkonini beradi. Yosh oilalarning uy-joy tashvishidan qutulishi, har bir iqtidorning davlat himoyasini his qilishi, yosh oilalardagi ajralishlarning kamayishi ularning ertangi kunga ishonchini mustahkamlaydi. Kelajagini xorijdan emas, vatanidan qidiradigan yangi, erkin fikrli avlod shakllanadi.

Abduxoliq TASHANOV,

Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar

instituti bo‘lim boshlig‘i