Boisi bugun mamlakatlar istiqboli, birinchi navbatda, yaratuvchanlik qobiliyatiga ega yetuk avlod, zamonaviy texnologiyalarni egallagan mutaxassislar, yangilikdan cho‘chimaydigan, tashabbus bilan yashaydigan yoshlar salohiyati orqali baholanayotir. Yurtimizda ham shu tamoyil izchil davom ettirilmoqda. Yosh avlodning bilim olishi, kasb egallashi, tadbirkorlik qilishi, ilm-fan bilan shug‘ullanishi, zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirishi, xalqaro maydonda munosib raqobat qilishi uchun yaratilayotgan sharoitlar yagona tizim asosida rivojlanyapti.
30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan davlatimiz rahbarining yigit-qizlar bilan uchrashuvi ushbu siyosatning navbatdagi bosqichini belgilab berdi. Muloqot davomida erishilgan natijalar chuqur tahlil qilindi, zamonaviy kasblar, sun’iy intellekt, innovatsion iqtisodiyot, yoshlar tadbirkorligi, xalqaro ta’lim, davlat boshqaruvida iste’dodli kadrlarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoya hamda ma’naviy tarbiya bilan bog‘liq qator tashabbuslar ilgari surildi. Bu tashabbuslar bugungi kun ehtiyojlariga javob berish bilan cheklanmay, uzoq istiqbolni ko‘zlagan taraqqiyot modelining uzviy qismi hamdir.
Mustahkam poydevor
Har qanday islohotning umrboqiyligi, avvalo, kundalik hayotga qanchalik chuqur kirib borgani bilan belgilanadi. Keyingi davrda yoshlar siyosati ham aynan shu mezon asosida yangi mazmun kasb etmoqda. Xususan, yoshlar bilan ishlash alohida kampaniyalar yoki ma’lum sanalarga bog‘langan tadbirlar doirasidan chiqib, davlat boshqaruvining uzluksiz faoliyat yuritadigan tizimiga aylandi. Mahallalarda yoshlar yetakchilari faoliyatining yo‘lga qo‘yilgani, har haftaning payshanba kuni “Yoshlar kuni” sifatida belgilangani vazirlik va idoralar e’tiborini bevosita yoshlar hayotiga qaratdi.
Yaratilgan tizim qisqa fursatda aniq natijalarni berdi. “Yoshlar daftari” orqali 1,5 million yigit-qizning turli masalalari hal etildi. Minglab oilalarning turmush sharoiti yaxshilangani, ta’lim olish, ish topish, kasb egallash hamda tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun ochilgan yangi imkoniyatlar ham ayni tizim samarasidir. Muhimi, davlatning yoshlar bilan muloqoti murojaat kelishini kutadigan tartibdan ularning ehtiyojini oldindan aniqlaydigan faol mexanizmga ko‘chdi.
Olib borilgan ishlar iqtisodiy faollikda ham yaqqol ko‘rinmoqda. So‘nggi yillarda yosh tadbirkorlar soni besh barobar o‘sib, 287 mingdan oshdi. Shuningdek, yoshlar salohiyatining o‘sishi ta’lim va ilmiy yutuqlarda ham namoyon. Bugungi kunda
3,5 million yigit-qiz xorijiy tillarni chuqur o‘rganmoqda. Iqtidorli o‘quvchi va talabalar nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida 434 ta medalni qo‘lga kiritdi. Yosh sportchilar esa xalqaro musobaqalarda 2245 ta medal bilan yurtimiz sharafini munosib himoya qildi. Uchrashuvda Prezidentimiz erishilgan ana shu natijalarni yangi bosqich uchun tayanch sifatida baholadi. Davlatlar o‘rtasidagi raqobatning mazmuni tubdan o‘zgarib borayotgan bir sharoitda ustunlik bilim, texnologiya va inson kapitali bilan belgilanayotgani ta’kidlandi. Shulardan kelib chiqqan holda qator yo‘nalishlar kesimida muhim vazifa va tashabbuslar ilgari surildi. Quyida ularning ahamiyati, zarurati va miqyosi haqida muxtasar fikr yuritishni maqsad qildik.
Taraqqiyot sarmoyasi
Mehnat bozori doimiy ravishda yangilanayotgan ko‘nikmalarni, zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirgan, amaliy tajribaga ega mutaxassislarni talab qilayotgani sir emas. Shu sabab mamlakatimizda ta’lim tizimi ham yangi mazmun bilan boyitilib, bilim berish jarayoni ishlab chiqarish, tadbirkorlik va zamonaviy kasblar bilan uzviy bog‘lanmoqda. Ilgari surilgan yangi tashabbuslar aynan ana shu ehtiyojlardan kelib chiqdi, deyish mumkin.
Jumladan, yoshlarni kelajak kasblariga tayyorlash maqsadida yo‘lga qo‘yilayotgan “Kelajak bilimlari ekotizimi” ushbu yo‘nalishdagi eng yirik loyihalardan biridir. Dastur doirasida har yili 500 ming nafar yigit-qizni zamonaviy kasblarga o‘qitish rejalashtirilgan. O‘quv markazlarini tashkil etishga bel bog‘lagan tashabbuskor yoshlarga yer uchastkalari hamda davlat obyektlari imtiyozli shartlar asosida ajratilishi, zarur infratuzilmaning davlat hisobidan barpo etilishi, qurilish va jihozlash xarajatlari bo‘yicha kredit stavkalarining qoplanishi ta’lim sohasiga xususiy sektorni keng jalb etish yo‘lida muhim qadam bo‘lishi shubhasiz. Bu yondashuv, o‘z navbatida, yangi o‘quv maskanlari sonini ko‘paytirish bilan bir qatorda ta’lim sifati va raqobat muhitini ham mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, kasb egallash yo‘lidagi imkoniyatlar turli qatlamdagi yoshlar ehtiyojidan kelib chiqib shakllantirilishi maqsadga muvofiq. Shu maqsadda joriy etilayotgan “kasb vaucheri” tizimi orqali qo‘lida hunari bor yigit-qizlar yangi yo‘nalishlarni o‘rganish imkoniga ega bo‘ladi. Har yili 50 ming nafar yoshning zamonaviy kasblarni o‘zlashtirish xarajatlari foizsiz ssudalar hisobidan moliyalashtiriladi. Ehtiyojmand oilalardagi 85 ming ishsiz yoshga xususiy o‘quv markazlarida bepul ta’lim olish uchun vaucherlar berilishi rejalashtirilgan. Joriy yilning o‘zida ushbu maqsadlar uchun
120 milliard so‘m yo‘naltirilayotgani mazkur yo‘nalish ustuvor vazifa sifatida ko‘rilayotganidan darak.
Kasbiy ta’lim tizimini zamon talablari bilan uyg‘unlashtirish texnikumlar faoliyatida ham yangi imkoniyatlarni yuzaga chiqarmoqda. Xususiy sektor ishtirokining kengaytirilishi, litsenziyalash tartiblarining soddalashtirilishi, yangi o‘quv yilidan boshlab xususiy texnikumlarga ham kasbga o‘qitish bo‘yicha davlat grantlari ajratilishi ta’lim bozorida sog‘lom raqobatni kuchaytiradi. Xalqaro kasb tanlovlarida g‘olib bo‘lgan yoshlar hamda ularning ustozlarini munosib rag‘batlantirish mexanizmlarining joriy etilishi esa professional mahoratning jamiyatdagi nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Ayni vaqtda ta’lim va kasb o‘rgatish borasidagi islohotlar bandlik masalasi bilan uzviy bog‘liq. Dunyoning rivojlangan davlatlari tajribasi ham shu haqiqatni tasdiqlaydi. Masalan, Germaniya, Janubiy Koreya, Singapur singari mamlakatlarda yoshlarning iqtisodiy faolligini oshirish ta’lim tizimi, biznes muhiti va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yagona zanjirga bog‘lash orqali yo‘lga qo‘yilgan. Bunday yondashuv tashabbuskor yoshlarning mehnat bozoriga tez kirib kelishiga, yangi ish o‘rinlari yaratishiga keng yo‘l ochadi.
O‘zbekistonda ham ana shunday uzviy tizim bosqichma-bosqich qaror topmoqda. Misol tariqasida yoshlarning biznes boshlash yo‘lidagi ilk qadamlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Yoshlar mini-franshizasi” dasturi ishga tushirilayotganini aytish mumkin. Mahalliy brendlarning tayyor biznes modelini tanlagan yigit-qizlarga Yoshlar tadbirkorligi jamg‘armasi tomonidan 300 million so‘mgacha foizsiz ssuda ajratilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu dasturlar uchun 500 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Tayyor tajriba asosida faoliyat boshlash imkoniyati biznes yuritishdagi dastlabki xatolarni kamaytirish, bozor talabini tezroq anglash va barqaror faoliyatni yo‘lga qo‘yish uchun muhim omil sanaladi.
Yoshlarni ish bilan ta’minlashda ham yangi mexanizmlar joriy etilmoqda. Oliy ta’lim muassasasini tamomlagan bitiruvchini ishga qabul qilgan tadbirkorlar uchun yosh mutaxassisga nisbatan daromad hamda ijtimoiy soliq bir yil davomida 1 foiz etib belgilanmoqda. Mazkur rag‘bat 200 mingga yaqin bitiruvchining mehnat bozoriga kirib kelishini yengillashtirishi kutilyapti.
Bundan tashqari, yigit-qizlarning biznes boshlashi yo‘lidagi tashkiliy to‘siqlarni qisqartirish ham e’tibordan chetda qolgani yo‘q. Kasb o‘rganish, ishga joylashish, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha xizmatlarni bir joyda taqdim etadigan tegishli xablar aynan shu maqsadga xizmat qiladi. Dastlab Surxondaryo viloyatida sinov tariqasida yo‘lga qo‘yiladigan mazkur tajriba keyinchalik boshqa hududlarda ham joriy etiladi. Turli idoralar o‘rtasida sarson bo‘lish o‘rniga barcha zarur xizmatlarning yagona manzilda jamlanishi yoshlarning vaqti hamda imkoniyatlarini tejashi tayin.
Yoshlar tadbirkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishda Bank-moliya akademiyasiga alohida vazifa yuklatilmoqda. Akademiya hududlarning iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib tayyor biznes loyihalarini ishlab chiqadi, Yoshlar tadbirkorligi jamg‘armasi esa yuqori daromad keltiradigan, ko‘plab ish o‘rinlari yaratishga qodir tashabbuslarga 5 milliard so‘mgacha investitsiya kiritadi. Mazkur tizim kamida 300 ming nafar yoshning o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishiga ko‘maklashishi ko‘zda tutilgan. Bu yondashuv yoshlarni ish izlovchi sifatida tarbiyalash yo‘lidan ish o‘rni yaratuvchi kuchga aylantirish g‘oyasiga tayanadi. Zero, iqtisodiy taraqqiyotning bugungi talabi ham aynan shuni taqozo etmoqda.
Dunyoga yuzlangan avlod
Asrimizda davlatlarning xalqaro maydondagi nufuzi ko‘p jihatdan ularning qanday mahsulot ishlab chiqarayotgani bilangina emas, qanday g‘oya taklif qilayotgani, o‘z madaniyati va ilmiy salohiyatini dunyoga qay darajada tanita olayotgani bilan ham baholanmoqda. Bu jarayonda eng faol kommunikatorlar, tabiiyki, yoshlar hisoblanadi. Chet tillarni biladigan, turli madaniy muhitlarda bemalol muloqot qila oladigan, zamonaviy axborot makonining qonuniyatlarini tushunadigan avlod mamlakatning o‘ziga xos “yumshoq kuch” resursidir. Shu nuqtayi nazardan, bugungi yoshlar siyosati ichki taraqqiyot bilan bir qatorda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi intellektual va madaniy ishtirokini kengaytirishda ham muhim o‘ringa ega.
Bugungi kunda xorijiy tillarni mukammal egallagan 650 mingdan ortiq yigit-qiz salohiyatidan mamlakatimizning boy tarixi, bebaho madaniy merosi, turizm salohiyati hamda eksport imkoniyatlarini xalqaro auditoriyaga yetkazishda samarali foydalanish bo‘yicha mutlaqo yangi yondashuv taklif etildi. Ayni maqsadda raqamli kontent platformasi ishga tushirilib, har yili
20 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.
Sir emaski, dunyoda tobora kuchayib borayotgan raqamli diplomatiya sharoitida sifatli multimedia mahsulotlari, tahliliy materiallar, videokontent va kreativ loyihalar mamlakat imijini shakllantirishning muhim vositalaridan biriga aylangan. Yoshlarning ushbu jarayondagi faol ishtiroki yurtimiz haqidagi tasavvurlarni zamonaviy kommunikatsiya vositalari orqali boyitishi lozim.
Jahon amaliyotida “brain circulation” — bilim va tajribaning erkin almashinuvi tamoyili tobora keng qo‘llanmoqda. Bunday model yuqori malakali kadrlar salohiyatini milliy rivojlanish manfaatlari yo‘lida safarbar etishda muhim vosita sifatida e’tirof etiladi. Xalqaro ta’lim makonida tahsil olayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlash tashabbusi esa ushbu tendensiyaning bundan buyon bizda ham amaliyotga tatbiq etilishini anglatadi. Unga ko‘ra, yetakchi xorijiy oliygohlarda o‘qiyotgan
14 mingdan ortiq talaba ta’til davrida vazirliklar, hokimliklar, davlat tashkilotlari hamda xususiy kompaniyalarda amaliyot va stajirovka o‘tashi uchun maxsus raqamli platforma yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu tizim yoshlarning xorijda orttirgan bilim va tajribasini mamlakat taraqqiyoti bilan bog‘lash imkonini beradi.
Yana bir e’tiborga molik jihat “El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyatining yangi yo‘nalish bilan boyitilishidir. Endilikda xususiy sektor buyurtmalari asosida ham yoshlarni dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalariga yuborish mumkin. Mazkur mexanizm mehnat bozorining real ehtiyojlari bilan xalqaro ta’limni o‘zaro bog‘laydi. Natijada iqtisodiyotning turli tarmoqlari o‘ziga zarur mutaxassislarni tayyorlash jarayonida bevosita ishtirok etish imkoniga ega bo‘ladi.
Raqamli tafakkur va sun’iy intellekt
Sun’iy intellekt, katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlash, raqamli xizmatlar va yuqori texnologiyalar iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlari qatoridan joy olmoqda. Jahonning yetakchi davlatlari milliardlab dollar investitsiyalarni aynan shu yo‘nalishlarga yo‘naltirayotgani bejiz emas. Bu jarayonda yoshlar eng faol ishtirokchi, yangi texnologiyalarni tez o‘zlashtiradigan va amaliyotga tatbiq etadigan asosiy kuch sifatida maydonga chiqmoqda. Shu bois, raqamli iqtisodiyot uchun kadrlar tayyorlash masalasi strategik ustuvorlik darajasiga ko‘tarildi.
Ilgari surilayotgan tashabbuslar ushbu yo‘nalishning mutlaqo yangi bosqichga kirayotganidan dalolat beradi. Xususan, “Raqamli hukumat” markazida mamlakatimizdagi ilk superkompyuter klasterining ishga tushirilishi ilmiy izlanishlar va murakkab hisob-kitoblarni bajarish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirmoqda. Kelgusi yilda uning quvvatini uch barobar oshirish rejalashtirilyapti. Shu bilan bir qatorda, joriy yilning o‘zida 20 ta oliy ta’lim muassasasida sun’iy intellekt laboratoriyalari tashkil etilishi yosh tadqiqotchilar va talabalarga ilg‘or texnologiyalar bilan bevosita ishlash imkonini beradi. Muhimi, ushbu laboratoriyalar faqat o‘quv maydoni emas, hududlar va tarmoqlardagi dolzarb muammolarga innovasion yechimlar ishlab chiqiladigan ilmiy-amaliy platforma sifatida faoliyat yuritadi.
Raqamli transformatsiya jarayonida infratuzilmaning kengayishi ham muhim o‘rin tutadi. Yangi AT parklarining barpo etilishi hisobidan 20 mingdan ortiq yigit-qiz uchun yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan. Bu tashabbus axborot texnologiyalarini mamlakat iqtisodiyotining yangi o‘sish nuqtalaridan biriga aylantirishni maqsad qilgan. Shu bilan birga, “Mening birinchi kompyuterim” dasturi orqali ehtiyojmand oilalardagi 10 ming nafar yoshga noutbuk xarid qilish uchun ko‘mak berilishi raqamli tenglikni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri.
Qolaversa, kadrlar tayyorlash tizimida mazmun jihatidan yangi yondashuv shakllanmoqda. Axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar uchun dual ta’lim modelining kengaytirilishi nazariya bilan amaliyot o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni kuchaytiradi. “Muhammad al-Xorazmiy” nomidagi davlat stipendiyasi hamda iqtidorli qizlar uchun ta’sis etilgan “Muhandis qizlar” stipendiyasi ilmiy salohiyatni rag‘batlantirishga xizmat qiladi. Xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblariga berilayotgan 1 milliard so‘mlik mukofotning endilikda sun’iy intellekt bo‘yicha xalqaro olimpiadalar sovrindorlariga ham tatbiq etilishi esa ushbu yo‘nalish davlat miqyosida alohida ustuvor ahamiyat kasb etayotganidan dalolat.
Raqamli makonda milliy manfaatlarni ilgari surish masalasi ham e’tibordan chetda qolmayapti. AT parklarda kompyuter va mobil o‘yinlar ishlab chiquvchilar uchun inkubatsion markazlar tashkil etilishi, har yili milliy ruhni aks ettiradigan kamida 20 ta o‘yin yaratish bo‘yicha davlat buyurtmasi berilishi kreativ iqtisodiyot imkoniyatlaridan samarali foydalanishda qo‘l keladi. Kompyuter o‘yinlari milliardlab insonlarni qamrab oladigan global madaniy mahsulotga aylangan. Ana shunday maydonda milliy tarix, qadriyat va qahramonlik timsollarini zamonaviy formatlarda namoyish etish yosh avlodning dunyoqarashini boyitish bilan birga vatanimiz madaniy salohiyatini xalqaro auditoriyaga yetkazishning ta’sirchan vositalaridan biri bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Raqamli texnologiyalarni puxta egallash, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish yoki zamonaviy muhandislik ko‘nikmalarini rivojlantirish o‘z-o‘zidan yakuniy maqsadni ifodalamaydi. Ushbu salohiyat yangi g‘oya, yangi mahsulot va biznes yechimlari orqali iqtisodiyotda amaliy natija bergan pallada haqiqiy qiymat kasb etadi. Zamonaviy dunyoda iqtisodiy o‘sishning muhim qismi aynan innovatsion ekotizimlar hisobiga ta’minlanmoqda. Bir vaqtlar kichik talabalar loyihasi sifatida ish boshlagan ko‘plab texnologik kompaniyalar bugun global bozorning qiyofasini belgilab berayotgani yaxshi ma’lum. Bunday tajriba kreativ fikrlashni qo‘llab-quvvatlash, tavakkal qilish madaniyatini rivojlantirish hamda yoshlarning tashabbusiga ishonch bildirish uzoq muddatli taraqqiyot uchun naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi.
Davlatimiz rahbari belgilab bergan ustuvor vazifalar ham aynan shu strategik qarashga tayanadi. 2030 yilgacha mamlakatimiz iqtisodiyot hajmini 240 milliard dollardan oshirish maqsadi qo‘yilgan. Bu ulkan marraga erishish ishlab chiqarish hajmini kengaytirishdangina iborat emas, albatta. Yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan, ilm-fan va texnologiyaga tayangan innovasion mahsulotlar ulushi izchil ortib borishi zarur. Shu bois, barcha sohalarga yangi g‘oya olib kiradigan startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash strategik vazifa.
Mazkur yo‘nalish bo‘yicha shakllangan poydevor ham e’tiborga molik. So‘nggi to‘qqiz yil davomida mamlakatimiz startap ekotizimi 15 barobar o‘sib, 4 milliard dollardan ortiq qiymatga ega bo‘ldi. Shu davr ichida 1200 dan ziyod istiqbolli startap loyihalari yuzaga keldi. Yangi bosqichda ushbu jarayon yanada tizimli tus oladi. Har bir vazir, tarmoq hamda hudud rahbarlari o‘z faoliyatidagi dolzarb masalalarni yoshlarning innovatsion g‘oyalari orqali hal etishga qaratilgan “1 mingta masalaga — yoshlardan 1 mingta yechim” loyihasini yo‘lga qo‘yadi. Bu yondashuv boshqaruv tizimida ochiq innovatsiyalar tamoyilini keng joriy etish imkonini beradi. Turli sohalarda to‘plangan amaliy muammolar iste’dodli yoshlar uchun yangi ilmiy izlanishlar, startaplar va texnologik yechimlar manbaiga aylanadi. Yoshlar ishlari agentligi tomonidan biznes, axborot texnologiyalari va kreativ iqtisodiyot yo‘nalishlaridagi eng istiqbolli 100 ta
loyihaga 1 milliard so‘mgacha investitsiya kiritilishi rejalashtirilgani ushbu tizimning muhim moliyaviy tayanchini yaratadi.
Shuningdek, yoshlar bilan ishlash tizimida individual yondashuv tobora muhim o‘rin egallamoqda. Hayotiy sharoiti, oilaviy ahvoli yoki taqdir taqozosi bilan murakkab vaziyatga tushib qolgan yigit-qizlarning jamiyatdan uzilib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik ustuvor vazifalar qatorida. Shu maqsadda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, harbiy xizmatdan, migratsiya jarayonlaridan so‘ng yurtga qaytib kelgan, jazoni o‘tab chiqqan hamda jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun “Kafolatlangan birinchi qadam” paketi joriy etilmoqda.
Ijtimoiy integratsiya masalasi ta’lim muassasalari faoliyatida ham yangicha mazmunga ega bo‘lyapti. “Ustoz — talaba” dasturi doirasida uyushmagan yoshlarga ko‘maklashayotgan talabalarni rag‘batlantirish tizimi joriy etiladi. Shuningdek, yoshlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish ham mazkur siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Ayni maqsadda beshta yo‘nalish bo‘yicha “TOP-100” dasturi amalga oshiriladi. G‘oliblar munosib taqdirlanib, rahbarlik lavozimlariga tavsiya etiladi. Har bir vazirlik va tarmoq o‘z sohasidagi iste’dodli yoshlarni saralab, xalqaro tashkilotlarga stajirovka o‘tash uchun yuboradi. Yiliga 2 ming nafar yoshning ana shunday dasturlarda ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Yoshlarni yagona maqsad atrofida birlashtirish va ularning faolligini rag‘batlantirish maqsadida “O‘zbekiston yoshlar ligasi” platformasi ishga tushiriladi. Mazkur tizim orqali ta’lim, ilm-fan, tadbirkorlik, kasbiy rivojlanish va jamoatchilik faoliyatidagi natijalar baholanadi. Yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan yoshlarga grantlar, kontrakt to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar, kasb vaucherlari, xorijiy stajirovkalar, imtiyozli kreditlar, ipoteka imkoniyatlari hamda kadrlar zaxirasidan o‘rin olish imkoniyati taqdim etiladi.
Mazkur yo‘nalishdagi tashabbuslar “Vatan mehri — ijtimoiy tashabbuslar” tanlovi, ijtimoiy xavf guruhidagi bolalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Qanot” loyihasi hamda “Yoshlar tashabbuslari marafoni” davomida ilgari surilgan g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etishga xizmat qiladigan “Tashabbuslar ofisi” faoliyati bilan yanada boyitilmoqda. Ushbu maqsadlar uchun 50 milliard so‘m ajratilishi rejalashtirilgan.
Muxtasar aytganda, o‘z oldiga aniq maqsad qo‘ygan, mehnat qilishdan cho‘chimaydigan, bilimini muntazam boyitib boradigan yoshlar mamlakatning buguni va ertasi, tayanch nuqtasidir. Yangi O‘zbekistonning bunyodkorlari ham ana shu izlanuvchan, tashabbuskor va Vatan ravnaqi uchun mas’uliyatni chuqur his etadigan yoshlar. Ularning bilim va salohiyatiga tayanib amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yurtimizni yangi marralar sari yetaklaydi. Bunday ishonch va e’tibor esa har bir yoshni faqat o‘z kelajagi uchun emas, xalq va davlat istiqboli uchun ham mas’ul ekanini chuqur anglashga undaydi.
Asliddin ABDURAZZOQOV,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri