Bugun ekologik barqarorlik tushunchasi biz oʻylaganimizdan koʻra ancha kengaygan va u bevosita iqtisodiy taraqqiyot bilan bogʻlanmoqda. Keyingi yillarda aksariyat mamlakatlar oʻz rivojlanish modelini aynan “yashil iqtisodiyot” tamoyillariga oʻtishda koʻrayotir. “Yashil” energetikani rivojlantirish esa bu borada eng faol yoʻnalishlardan.
Yaqinda bir tanishim “Ekologik toza, “yashil” elektr energiyasi oʻzi nima
degani? Bu xonadonlarimizda yonib turgan chiroqlarning inson salomatligi uchun
zararsiz ekanini anglatadimi?” deb savol berib qoldi. Bir qarashda savol bir oz
noodatiy. Ammo mantiqan jon bor. Gap shundaki, “yashil” energetika —
atrof-muhitga ziyon yetkazmaydigan, zararli gaz chiqindilarini hosil qilmaydigan,
qayta tiklanadigan tabiiy manbalar, xususan, quyosh, shamol, suv, yer osti
issiqligidan olinadigan energiya turi. Yaʼni tabiat inʼom etgan tabiiy manbalar
hisobidan elektr toki ishlab chiqariladi. Unda anʼanaviy gaz, koʻmir, neft
yonilgʻi turlaridan foydalanilmagani bois, atrof-muhit va insonlar salomatligi
uchun zararsiz sanaladi. Aytaylik, oʻsha tanishimning xonadonida quyosh paneli
oʻrnatilgan va uyini yoritayotgan chiroq quyosh nurlaridan olinyapti. Demak,
bu chiroqlar chindan ushbu xonadon egalarining salomatligi uchun zararsiz.
“Yashil”
energetikaning ekologik xavfsizlikni taʼminlashdan tashqari, tejamkorlik,
iqtisodiy barqarorlikni oshirishdagi ulushi ham yuqori. Bu turdagi elektr
energiyasini uzluksiz ishlab chiqarish imkoniyati iqtisodiyot tarmoqlarining
doimiy ishlashi, rivojlanib borishini kuchaytiradi. Chunki tabiiy manbalar
zaxirasi qachonlardir tugashi yoki davlatlarning iqtisodiy barqarorligi ana shu
zaxiralar hajmiga bogʻliq boʻlib qolishi mumkin. Muqobil energiya manbalari esa
bu boradagi cheklovlarni bartaraf etadi. Faqat undan toʻgʻri va samarali
foydalanilsa, boʻlgani. Shu bois, yurtimizda “yashil” energetika iqtisodiy
barqarorlik va ekologik tozalikni taʼminlashda ustuvor yoʻnalishlardan biriga
aylandi.
Bu taʼrif bir oz
oddiy boʻldi, nazarimda. Chunki Oʻzbekiston keyingi yillarda “yashil
iqtisodiyot”ga jadal oʻtib boryapti. Qisqa muddatda mamlakatimiz quyosh va
shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish boʻyicha yetakchi davlatlar
qatoriga qoʻshilish barobarida oʻz tajribasini yaratishga erishdi. Bugun
yurtimizda quyosh va shamol elektr stansiyalari quvvati 5,5 gigavattdan oshib,
toza energiyaning umumiy energetika balansidagi ulushi 30 foizdan ortdi.
2030-yilga borib,
Oʻzbekistonda ishlab chiqariladigan elektr energiyasining 54 foizi qayta
tiklanuvchi energiya manbalari hissasiga toʻgʻri kelishi rejalashtirilgan. Bu
maqsadga yangi quvvatlarni ishga tushirish, gaz hamda boshqa zararli yoqilgʻi
turlaridan foydalanmagan holda “yashil” energetika ishlab chiqarish hajmini oshirish
hisobiga erishiladi. Energetika vazirligi maʼlumotiga koʻra, oʻtgan yili
yurtimizda 2016-yildagiga nisbatan 46 foiz koʻp elektr energiyasi ishlab
chiqarilib, isteʼmolchilarga 71 milliard kilovatt-soat elektr toki yetkazib
berilgan.
Joriy yilning 13-may kuni esa yurtimizdagi quyosh va shamol elektr
stansiyalarida sutkalik ishlab chiqarish boʻyicha yangi rekord oʻrnatildi. Bir
sutkada 62,4 million kilovatt-soat “yashil” energiya ishlab chiqarilib, avvalgi
rekorddan 20 foiz ziyod natija qayd etildi. Shu yil 14-may kuni bu borada yana
bir yuqori koʻrsatkich eʼlon qilindi — Oʻzbekistondagi quyosh va shamol
stansiyalari tomonidan 2026-yil boshidan beri ishlab chiqarilgan elektr
energiyasi hajmi 4 milliard kilovatt-soatga yetdi. Bu oʻtgan yilning mos davriga
nisbatan 29 foiz koʻp boʻlib, ushbu quvvat hisobiga 1 milliard 66 million kub
metr tabiiy gaz tejalishiga erishilgan hamda atmosferaga 2,3 million tonna
zararli modda chiqishining oldi olingan.
Oʻnlab
quyosh va shamol elektr stansiyalari
Ushbu raqamlar
ortida oʻnlab yangi elektr stansiyalari va quvvatlarining yaratilishi, eng
ilgʻor texnologiyalar, ishonchli taʼminot va mustahkam infratuzilma,
investitsiyalar uchun ochiqlik, investorlar ishonchi, minglab yangi ish
oʻrinlari va albatta, iqtisodiyot hamda aholi farovonligi turibdi. Bundan
toʻqqiz yil oldin “yashil” energetika borasida deyarli tajribasi boʻlmagan
Oʻzbekiston uchun bu katta natija, inqilobiy oʻzgarish, deyish mumkin.
Mamlakatimizda
quyosh yoki shamoldan elektr energiyasi olish u yoqda tursin, buning uchun
zarur stansiyalar qurishning oʻzi aqlbovar qilmas ishdek edi. “Yashil”
energetikaga oʻtish yoʻlidagi islohotlar 2019-yildan keyingina boshlandi. Bu
yurtimizda quyosh va shamol energiyasi salohiyatidan elektrga ehtiyojni
qondirishda foydalanishga qaratilgan aniq maqsadning boshlanishi edi. Ungacha
faqat quyoshli oʻlkada yashashimiz, bu dehqonchilikda qoʻl kelishi haqida
toʻlqinlanib gapirardik. Bugun esa dunyo hamjamiyati Oʻzbekistonning “yashil
iqtisodiyot”ga oʻtish imkoniyatlari va harakatlari haqida gapiryapti, yirik
loyihalarni katta qiziqish bilan kuzatyapti.
Deyarli barcha viloyatda zamonaviy quyosh va shamol elektr stansiyalari
barpo etilmoqda. Agar yillar kesimida olsak, loyihalar soni ham, koʻlami ham
ortib borayotgani koʻrinadi. Xususan, 2021-yil avgustda Navoiy viloyatining
Karmana tumanida Oʻzbekistondagi ilk 100 megavatt quvvatli yirik quyosh
fotoelektr stansiyasi ishga tushirilgan edi. 2022-yil mayda Samarqand viloyati
Nurobod tumanida ikkinchi 100 megavatt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi
faoliyat boshladi. 2023-yil ham tarmoqda ancha barakali boʻldi. Jizzax
viloyatining Gʻallaorol tumanida 220 megavatt, Buxoro viloyatining
Qorovulbozor tumanida 200 megavatt, Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanida
200 megavatt, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida 457 megavatt quvvatli
quyosh fotoelektr stansiyalari ishga tushirildi. 2024-yilda mazkur
loyihalarning qoʻshimcha yangi quvvatlari ham yoʻlga qoʻyildi.
Umuman, oʻtgan
yillarda 40 dan ortiq “yashil” elektr stansiyasini qurish boʻyicha investorlar
bilan bitim imzolangan boʻlib, bugunga qadar umumiy 5582 megavatt quvvat ishga
tushirildi. Bu loyihalar jahon “yashil” energetika maydonining gigantlari
bilan amalga oshirilayotgani yanada ahamiyatli. Saudiya Arabistonining “ACWA”,
BAAning “Masdar”, “Tepelen Group AG” va “AMEA Power”, Fransiyaning “Total
Eren”, “Voltalia”, Xitoyning “Gezhouba Overseas Investment Group”, “China
Datang Overseas Investment” hamda “Universal Energy”, Germaniyaning “Hyper
Partners” kompaniyalari tomonidan boshlangan yirik loyihalar bugunga qadar faol
davom ettirilmoqda.
Hamkorlar
— dunyo energetika sohasining gigantlari
Har yili xalqaro
“Energetika haftaligi” doirasida ana shunday yirik, nufuzli kompaniyalar
vakillarining yurtimizga kelishi, yangi loyihalarga start berilishi ham
anʼanaga aylandi.
Joriy yilgi haftalik doirasida bunga yana bir karra guvoh boʻldik.
Poytaxtimizdagi CAEx koʻrgazmalar maydonida 12-14-may kunlari boʻlib oʻtgan
navbatdagi “Oʻzbekiston energetika haftaligi — 2026” tadbirlarida 34 davlatdan
kelgan 1800 dan ortiq delegat, 18 mingdan ziyod mahalliy va xorijiy vakil
ishtirok etdi. Tadbirlar kun tartibidagi masalalardan biri “yashil”
energetikani rivojlantirishga qaratilgan boʻlib, xorijlik mehmonlar
Oʻzbekistonda bu boradagi islohotlarni yuqori baholadi.
Odatda haftalik
tadbirlari shunchaki oʻtmaydi, yangi kelishuvlar, bitimlarga asos boʻladi. Bu
gal koʻlam yanada kengaydi. Energetika haftaligining ilk kunlaridanoq qator
loyihalarga start berilib, yangi quvvatlar ishga tushirildi. Xususan,
Oʻzbekiston Energetika vazirligi va BAAning mashhur “AMEA Power” kompaniyasi
hamkorligida Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek tumanida qiymati 86,1 million
dollar boʻlgan 150 megavatt quvvatli energiya saqlash tizimi qurilishi boshlandi.
— Mazkur kompaniya boshqa loyihalarni ham moliyalashtirmoqda, — dedi
Energetika vazirligi loyiha ofisi rahbari Fazliddin Sharofiddinov. — Xususan,
Qoraqalpogʻistonning Qoʻngʻirot tumanida qiymati 1,06 milliard dollar boʻlgan
1000 megavatt quvvatli shamol elektr stansiyasi hamda 40 kilometr uzunlikdagi
elektr uzatish tarmogʻini qurish loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyihalarning
har biri katta koʻlamga ega. Asosiysi, ular yurtimiz energetika
infratuzilmasini yanada mustahkamlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini
kengaytirish hamda energiya taʼminoti barqarorligini oshirishga xizmat qiladi.
Fransiyaning
“Voltalia” kompaniyasi bilan hamkorlikdagi qoʻshma loyihalar ham ancha
jadallashmoqda. Yaqinda ular orasiga yangilari qoʻshiladi. Energetika haftaligi
doirasida kompaniya vakillari bilan rejadagi loyihalar muhokama qilindi. Ular
orasida Buxoro viloyatida quvvati 100 megavatt boʻlgan shamol elektr
stansiyasi, 100 hamda 200 megavatt-soat energiya saqlash tizimini qurish, joriy
yil iyulda Toshkent viloyatida quvvati 500 kilovatt boʻlgan agrovoltaika quyosh
elektr stansiyasini ishga tushirish loyihalari bor.
Yangi
tariflar: kim qancha toʻlaydi?
“Yashil”
energetikaning yana bir afzalligi isteʼmol xarajatlarini kamaytirishida.
Masalan, xonadoniga quyosh paneli oʻrnatgan oilaning elektr toki uchun toʻlovi
elektr energiyasini umumiy tarmoqdan oladigan oilanikiga nisbatan ancha arzon
tushadi. Ehtiyojdan ortgan elektr tokini davlatga sotish ham mumkin.
Mazkur amaliyot
Oʻzbekiston tarixida ilk bor 2021-yildan boshlandi. Hozir aholi xonadonida
oʻrnatilgan quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasining
har kilovatini davlat 1000 soʻmdan sotib oladi. Maʼlumotlarga koʻra, oʻtgan
yili quyosh panellari oʻrnatgan 45 ming 381 jismoniy shaxs davlatga 209 milliard
201 million soʻmlik elektr energiyasi sotgan.
Bu xonadonlar
uchun qoʻshimcha daromad manbai hamdir. Ammo masalaning asosiy jihati elektr
energiyasi uchun toʻlov xarajatining kamayishida. Kam taʼminlangan xonadonlarga
davlat tomonidan imtiyozli shartlarda quyosh panellari oʻrnatib berilayotgani
boisi shunda.
Energetika
sohasida bozor iqtisodiyotiga oʻtilganiga koʻp boʻlmadi. Ammo allaqachon elektr
toki narxi bevosita ishlab chiqarish xarajati, talab va taklif, jahon
bozoridagi narx-navoga qarab belgilanishi, isteʼmolga yarasha toʻlov
shartlariga moslashtirildi.
Shu yil 1-iyundan
yurtimizda joriy etilayotgan elektr energiyasi va tabiiy gazning yangi
tariflarida ham ayni jihatlar nazarda tutilmoqda. Hukumatning tegishli qarori
bilan I, II va IV guruh isteʼmolchilari uchun elektr energiyasining 1
kilovatt-soati 1100 soʻm etib belgilandi. III guruh, jumladan, aholi uchun esa
tabaqalashtirilgan tariflar saqlab qolindi.
Endi ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalar bilan
jihozlangan koʻp kvartirali uylar va yotoqxonalarda yashovchi aholi oyiga 200
kilovatt-soatgacha 325 soʻm, 201 kilovatt-soatdan 500 kilovatt-soatgacha 450
soʻm, 501 kilovatt-soatdan 1000 kilovatt-soatgacha 550 soʻm toʻlaydi. Qolgan
maishiy isteʼmolchilar uchun esa tariflar boshqacharoq — oyiga 200
kilovatt-soatgacha 650 soʻm, 201 kilovatt-soatdan 500 kilovatt-soatgacha 900
soʻm, 501 kilovatt-soatdan 1000 kilovatt-soatgacha 1100 soʻm boʻladi.
Isteʼmol ortgani sari toʻlov miqdori ham oshib boradi. Jahon amaliyotida
ham shunday. Gap faqat toʻlov mexanizmida emas, dunyo boʻyicha elektr
energiyasi narxi ham sezilarli oshib bormoqda. Maʼlumotlarga koʻra, soʻnggi oʻn
yillikda jahon energetika tizimi eng ogʻir davrlardan birini boshdan
kechirmoqda. Ayniqsa, jahon energetikasidagi vaziyat 2021-2022-yillardagi
energetika inqirozidan soʻng keskin yomonlashgan. Yevropada gaz narxi tarixiy
eng yuqori koʻrsatkichlarga yetdi. Ayrim mamlakatlarda esa elektr energiyasi
qiymati bir necha barobar oshgan. Bu Oʻzbekistondan uzoqdagi davlatlarning
ichki muammosi emas, balki butun dunyoni bogʻlab turgan global zanjirdir.
Mazkur jarayon oxir-oqibat har bir oʻzbek xonadonidagi elektr va gaz
xarajatlarida ham sezilmay qolmaydi.
Murakkab vaziyatga
qaramay, yurtimizda ayni masalada kam taʼminlangan oilalarni qoʻllab-quvvatlash
mexanizmi yoʻlga qoʻyilgan. Xususan, Prezidentimizning tegishli qarorlariga
asosan ehtiyojmand oilalarga yil davomida ishlatilgan elektr energiyasi va
tabiiy gaz uchun davlat tomonidan har oyda kompensatsiya beriladi. Bu ham ijtimoiy
koʻmakka muhtoj oilalarga qoʻshimcha yordam boʻlmoqda.
Elektr energiyasi narxi ortib borayotgan sharoitda odamlarning oʻzi ham muqobil energiya manbalariga oʻtish ancha samarali ekanini anglamoqda. Hozir koʻplab korxona, davlat tashkilotlari, aholi xonadonlari tomida quyosh panellariga koʻzimiz tushadi. Yaqin yillarda ularning soni yanada ortishi shubhasiz.
Iroda
TOSHMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri